IfW: Ukrainadan millionlab tonna donni kemalarda olib chiqib ketish qiyin

Jahon 17:51 / 05.08.2022 9473

Ukrainadan millionlab tonna donni kemalarda olib chiqib ketish qiyin, deydi Kil jahon iqtisodiyoti instituti (IfW) ekspertlari. Ukrainada saqlanayotgan 20 million tonna o‘tgan yilgi hosildan bo‘lgan donni eksport qilish uchun 570 taga yaqin kema jo‘natish kerak, deydi ular. «Hozir g‘alla o‘rim-yig‘imi qayta boshlanmoqda, uni saqlash uchun zudlik bilan omborxonalar kerak, shuning uchun poyezdlar va yuk avtotransporti kabi boshqa transport imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish kerak», deya ma’lum qildi IfW Kil savdo indikatori rahbari Vinsent Shtamer 5 avgust, juma kuni. 

22 iyul kuni Istanbulda BMT va Turkiya vositachiligida RF hamda Ukraina o‘rtasida kelishuv imzolangan bo‘lib, uning maqsadi Ukraina portlari blokadasini tugatishdir. Taxminlarga ko‘ra, eksport Ukrainaning uchta porti - Odessa, Chornomorsk va Yujniydan amalga oshiriladi. Kelishuv tuzilganidan bir kun o‘tib, 23 iyul kuni Odessa porti Rossiya tomonidan raketa zarbalariga uchradi. 

1 avgust kuni Ukraina doni bo‘lgan birinchi yuk kemasi Odessa portidan jo‘nab ketdi, ikki kundan so‘ng u Istanbulda tekshirildi va Livanga yo‘l oldi. 5 avgust kuni Turkiya Mudofaa vazirligi Ukraina doni bo‘lgan yana uchta kema dengizga yo‘l olgani haqida xabar berdi – Chornomorskda joylashgan Polarnet va Rojen yuk kemalari mos ravishda Qorasuv (Turkiya) va Britaniyaning Tizportiga yo‘l oldi, Navistar esa Odessa portini Irlandiya uchun mo‘ljallangan makkajo‘xori bilan tark etdi. Bu kemalar bortida jami 58 ming tonnadan ortiq makkajo‘xori bor. 

Ukraina rasmiylariga ko‘ra, o‘tgan yilgi hosilning 20 million tonnadan ortig‘i hali ham eksportga chiqarilishi lozim. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi natijasida Ukraina Qora dengiz portlarining blokadasi yuzaga kelgani sababli bu imkonsiz bo‘lib qoldi. 

Ko‘proq yangiliklar: