Atrofdagi tumanlardan olib kelingan tol, terak, qayrag‘och, zarang yog‘ochlariga ishlov beriladi. Ishlov berilgan yog‘ochlar dasta holatiga keltiriladi.
Asosan ketmon va boltaga dasta tayyorlanadi. Mahsulot mahalliy bozorga chiqariladi.
“Shu ish bilan 15 yildan beri shug‘ullanamiz. 8 nafar ishchimiz bor. Bitta ishchimiz yaxshi ishlasa, 200-250 ming so‘mgacha daromad topadi. Oilaviy, dadam ikkalamiz shu ish bilan shug‘ullanamiz”, – deydi hunarmand-tadbirkor Minosiddin Mamatisayev.
Mahalla ko‘chalari yog‘ochlar bilan to‘lgan. Mavsum davomida ish qizg‘in davom etadi. Yog‘ochga ishlov berish jarayonida chiqqan chiqindining ham xaridorlari bor. Ularni qishda yoqish uchun olib ketishadi.
“4-5 ta odam ishlaydi. Bir kunda 200-250 ta dasta ishlab chiqaramiz. Buniyam o‘ziga yarasha qiyinchiligi bor. Ko‘rinishidan yengilga o‘xshagani bilan, daraxt kesib kelinadi, yuklanadi, arralanadi, arradan o‘tkaziladi. Bitta dastaning kelib tushishi bizga 4-4,5 ming so‘m bo‘ladi. Donasidan 1,5-2 ming so‘mdan qoladi. Bitta dasta hozirda 6 ming so‘mdan sotilyapti. Qancha ko‘p ishlab chiqarsak, shuncha ko‘p foyda qoladi”, – deydi yosh hunarmand Ortiqmirzo Rahmonov.
Bir mavsumda o‘rtacha 30 million so‘m daromad topilmoqda. Ushbu mahallada ishsizlar deyarli yo‘q va ular mana shu hunar ortidan ro‘zg‘or tebratmoqda.
Abduvali Qurbonov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Azizbek Ismoilov.