Bayden basketbolchi Graynerga chiqarilgan hukmni «qabul qilib bo‘lmas» deb atadi

Jahon 10:43 / 05.08.2022 7262

AQSh prezidenti Jo Bayden 4 avgust, payshanba kuni Rossiyada giyohvand moddalar kontrabandasi uchun to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum etilgan amerikalik basketbolchi Brittni Graynerga chiqarilgan sud hukmini «qabul qilib bo‘lmas» deb atadi

«Bugun AQSh fuqarosi Brittni Grayner qamoq jazosiga hukm qilindi, bu dunyo allaqachon bilgan narsaning yana bir eslatishidir: Rossiya Brittnini nohaq ushlab turibdi. Bu qabul qilib bo‘lmaydigan narsa, men Rossiyani u o‘z yaqinlari, do‘stlari va jamoadoshlari bilan birga bo‘lishi uchun zudlik bilan ozod qilishga chaqiraman», deyiladi Baydenning Oq uy saytida e’lon qilingan bayonotida. 

Prezident uning ma’muriyati «tinimsiz ishlashda davom etishi va Brittni hamda Pol Uilanni imkon qadar tezroq uyiga xavfsiz va sog‘lom qaytarish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishi»ni qo‘shimcha qildi.

AQShning RFdagi missiyasi rahbari o‘rinbosari Elizabet Rud Graynerga hukm e’lon qilinganidan keyin bu «adolat xatosi» ekanini ma’lum qildi. Graynerni Ayollar milliy basketbol assotsiatsiyasi (WNBA)ning «Konnektikut San» va «Finiks Merkyuri» jamoalari ham qo‘llab-quvvatladi. Payshanba oqshomida navbatdagi muntazam chempionat uchrashuvi boshlanishidan oldin basketbolchilar bir daqiqalik sukut saqlashdi.

4 avgust kuni Moskva oblastining Ximki shahar sudi Brittni Graynerni giyohvand moddalarni saqlash va kontrabanda qilishda aybdor deb topib, to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqardi hamda bir million rubl miqdorida jarimaga tortdi. Basketbolchining advokatlari apellyatsiya berilishini ma’lum qildi. 

Greyner 2022 yilning fevralida Sheremetevoda hibsga olingan. Tergovga ko‘ra, tintuv chog‘ida uning bagajidan nasha yog‘i solingan veyp kartrijlari topilgan. Sportchi buni tan oldi, lekin u Rossiyaga taqiqlangan moddani ataylab olib kirmoqchi bo‘lmaganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u stress holatida narsalarni yig‘ishtirgan va kartrijlarni sumkasiga solganini eslay olmaydi. Grayner, shuningdek, giyohvand moddalarni faqat shaxsiy foydalanish uchun ishlatishini ta’kidladi. 

Ko‘proq yangiliklar: