Senatning 29-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 2061-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi hamda “Sudlarning faoliyati raqamlashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar rad etildi.
Himoya orderi talablarini buzish uchun javobgarlik o‘zgarishsiz qoldirildi
MJtKning 2061-moddasi amaldagi tahririga binoan, tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaslik BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq bilan jazolanadi.
Senatga kiritilgan qonunda mazkur sanksiyadagi jarimani BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha kuchaytirish taklif etilgan edi. Qonun mualliflari bunga asos sifatida himoya orderiga qaramay, xotin-qizlarga nisbatan takroran tazyiq o‘tkazish va zo‘ravonlik holatlari ortib borayotganini aytgandi.
Biroq, senatorlarning aytishicha, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha qonunchilikni ishlab chiqishga doir BMT tavsiyalarida oiladagi zo‘ravonlik sodir etganlikda ayblangan shaxslarga jarima solishni jabrlanuvchiga tushadigan yuk sifatida qarash va shuning uchun uni huquqbuzarlar uchun nomaqbul jazo turi deb hisoblash kerakligi nazarda tutilgan.
Shuningdek, "Xotin-qizlar kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida"gi konvensiyaning 35-tavsiyasiga ko‘ra, himoya choralarini qo‘llash zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki zo‘ravonlik natijasida jabrlangan xotin-qizlarga moliyaviy, byurokratik yoki shaxsiy xususiyatga ega haddan ortiq yukni qo‘llashni nazarda tutmasligi lozim.
Senatorlarning fikricha, bu qonunda davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi, aholining daromadlari, ularning ijtimoiy-psixologik holati, shuningdek, oilalarni saqlab qolish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar hamda xalqaro tashkilotlarning takliflari inobatga olinmagan.
Tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaslik uchun belgilangan jazo amalda jabrlanuvchiga yuk bo‘lib tushayotgani qayd etildi.
Mahalliy hamda xorijiy ekspertlar fikriga ko‘ra, tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsni himoya orderini buzgani uchun jarimaga tortish Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyaning 2-moddasi bo‘yicha O‘zbekistonning o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini buzishiga olib kelish ehtimolini kuchaytiradi. Bu esa o‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yuqoridagilarga asoslanib, senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 2061-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi qonunni rad etdi.
Sudlar faoliyatini raqamlashtirishdan oldin yangi tizimni tajriba qilib ko‘rish kerakligi aytildi
“Sudlarning faoliyati raqamlashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun Jinoyat-protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi, Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi hamda Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi. Muhokama jarayonida Qonunda qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan qator masalalar mavjudligi aytildi.
Xususan, qonunda sud ishlarini yuritishda iltimosnoma bildirish yoki shikoyat qilish chog‘ida davlat organlari va tashkilotlari hamda advokatlarning o‘z murojaatlarini va unga ilova qilinadigan hujjatlarni elektron shaklda, shu jumladan idoralararo elektron hamkorlik tizimi orqali sudlarga taqdim etishi mumkinligi nazarda tutilgan. Biroq amaldagi jinoiy, ma’muriy, fuqarolik va iqtisodiy qonunchilikda “murojaat va unga ilova qilinadigan hujjatlar sudga elektron hujjat tarzida yuborilishi mumkin”ligi qayd etilgan bo‘lib, davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, advokatlar tomonidan sudga elektron hujjat tarzida murojaat qilish bo‘yicha cheklov yo‘q. Shu munosabat bilan, mazkur kodekslarga qo‘shimchalar kiritish masalasini o‘rganib chiqish zarurligi qayd etildi.
Bundan tashqari, qonun bilan JPKning 475-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchaga ko‘ra, hukm e’lon qilinganidan keyin sudning rasmiy veb-saytiga erkin foydalanilishi cheklangan rejimda elektron hujjat tarzida joylashtirilishi va hukm joylashtirilgan rasmiy veb-saytning elektron manziliga oid havola mahkumga, oqlangan shaxsga ular sudga ma’lum qilgan telefon raqamlariga «SMS-xabar» yoki elektron manzilga elektron xabar orqali yuborilishi belgilangan.
Ta’kidlash joizki, amaliyotda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda fuqarolarning shaxsiy hayoti yoki davlat sirlari bilan bog‘liq ishlar ham ko‘rib chiqiladi. Mazkur ishlar bo‘yicha sud hukmining elektron tarzda veb-saytga joylashtirilishi, uni kelgusida begona yoki ma’lumot bilan tanishishga ruxsati bo‘lmagan shaxslar ko‘rishi hamda o‘zining boshqa maqsadlarida undan foydalanishiga zamin yaratishi mumkin. Shuning uchun ushbu masalani yana bir marotaba ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir.
Umuman olganda, qonun bilan joriy etilayotgan yangi tizim qator amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish zaruratini keltirib chiqaradi.
Jumladan, ishda ishtirok etuvchi shaxslarni ular sudga ma’lum qilgan telefon raqamlariga «SMS-xabar» yoki elektron manziliga elektron xabar orqali xabardor qilish va xabardor qilinganlik fakti qayd etilishi tartibini huquqiy eksperiment tariqasida joriy etish, uning amaliyotda samaradorligini baholash, sud va advokatura, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu tartibni to‘laqonli qo‘llash bo‘yicha amaliyot ham yo‘lga qo‘yilmagan.
Bundan tashqari, aholining joriy etilayotgan tizim bo‘yicha fikrini ham o‘rganish zarurligi aytildi. Senatorlar bu tizimni huquqiy eksperiment tariqasida ayrim hududlarda joriy etish va sinovdan o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqish kerakligini ta’kidlashdi va qonunni rad etishga qaror qildi.
Eslatib o‘tamiz, Senatning ushbu yalpi majlisida Uy-joy kodeksi va Oila kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqidagi yana boshqa ikkita qonunni ham rad etdi.