Qayd etish lozimki, Samarqand shahridagi Husayn Boyqaro va Yusuf Hamadoniy ko‘chalari kesishmasida joylashgan bu uylar qurilganiga 80 yildan oshgan. Uylarning aksariyati xom g‘ishtdan barpo etilgan bo‘lib, o‘z umrini yashab bo‘lgan.
Ushbu uylarga yondosh qadimiy «Xo‘ja Yusuf» masjidi ham joylashgan bo‘lib, u madaniy meros obekti hisoblanadi.
Mahalla ahlining so‘zlab berishicha, ushbu uylar buzilishi haqida ular 2018 yildayoq ogohlantirilgan. Umumiy hovlida jami 25 ta xonadon bo‘lib, ularning 13 tasi allaqachon kompensatsiya pullarini olib ko‘chib chiqib ketishgan. Qolgan 12 ta xonadon esa «snos» uchun ularga taklif etilayotgan kompensatsiya pulidan norozi.
Mahallada yashovchilar ularga taklif etilayotgan pulga durustroq ko‘chmas mulk xarid qilib bo‘lmasligini yoki taklif etilayotgan uylar xuddi shu kabi umumiy hovlilarda joylashgan eski uylar ekanini pesh qilishmoqda.
Ular shaharning qoq markazida joylashgan eski hovlilari o‘rniga shu yon-atrofda barpo etilayotgan yangi ko‘p qavatli uylardan kvadrati kvadratiga to‘g‘ri keladigan yangi uylar olib berilishini istashmoqda.
Shu yerda istiqomat qiluvchilardan birining aytishicha, uylarni buzish boshlangan 2018 yilda ularga kompensatsiya berilganida, ular o‘sha paytda arzonroq bo‘lgan uylarni xarid qilgan bo‘lishardi. O‘tgan 4 yil ichida markazdagi uylarning narxi 3–4 barobarga ko‘tarilgan. Endi kompensatsiya to‘lovlari evaziga ular o‘zlari o‘rgangan markazdan uy xarid qila olishmaydi.
«Ko‘chamizning narigi tarafida barpo etilayotgan ko‘p qavatli uylar kvadrati 10 million so‘mdan sotilmoqda. To‘g‘ri, bizning uyimiz eski, sotsak qimmatga sotolmasligimizni ham bilamiz, shuning uchun sotmasdan ta’mirlab yashab kelayotgandik. Lekin bizning uyimiz evaziga umumiy hovlilardan xuddi shunday eski uylar taklif etilmoqda. U uylar ham ko‘p o‘tmasdan buziladi. Biz shu buza-buz, ko‘cha-ko‘chdan qutulish uchun birato‘la hamma talabga javob beradigan uy berilishini istamoqdamiz, xolos», — deydi Aziz Urunov.
«Biz bu yerda yoshligimizdan yashaganmiz, kommunikatsiyalar bor, orqamizda maktab. Bolalarimiz serqatnov ko‘chalarni kesmay o‘qishga borib kelishadi. Shu hududga ko‘nikkanmiz. Uyimizni sotishni yo buzishni rejalashtirmaganmiz. Ular taklif qilayotgan uylarni nomutanosib deb hisoblaymiz», — dedi Botir Garayev.
Yaqindagina tayinlangan shahar hokimi biz bilan suhbatda aholi vakillari eski uylari uchun nihoyatda katta kompensatsiya puli yoki markazdagi yangi barpo etilgan nihoyatda qimmat kvartiralarni talab qilayotgani, bu talabni bajarish imkonsizligini aytdi.
Qolaversa, buziladigan bu uylar o‘rniga hech narsa qurilmas ekan. Madaniy meros obekti hisoblanuvchi o‘sha qadimiy «Xo‘ja Yusuf» masjidiga avtoturargoh qilinar ekan. Shunda bu qadimiy masjidni jome masjidiga aylantirish imkoni bo‘ladi. Hozir bu yerda juma namozi o‘qilmaydi, faqat 5 vaqt namoz o‘qiladi.
Aholi esa shahar hokimligi ularning talabini bajarmasdan, uydan majburiy chiqarish bo‘yicha sudga murojaat qilganidan norozi.
«Bizning uyimiz noqonuniy qurilma emas, sud bu da’vo arizasini qabul qilmasdan qaytarib yuborishi kerak edi», — demoqda Yusuf Xalilov.
Ular Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 911-sonli qarori talablari buzilayotganini aytishmoqda.
Chunonchi ularning yashab turgan joylari davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilmayapti. Bu hududda BAAning Abu Dabi investitsiya fondi qurilish ishlari olib boradi.
Aholiga ko‘ra, uchastkalar olib qo‘yilishidan avval hech kim ular bilan kelishuv tuzmagan. Xalq deputatlari viloyat kengashining bu borada chiqarilgan qarorida ham odamlarni uydan ko‘chirish emas, ular bilan muloqot o‘tkazish haqida gap boradi.
Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi ekspertlari shahar hokimligi taklif etayotgan narxdan ham kamroq narx ko‘rsatgan. Masalan, shahar hokimligi 260 million so‘mga baholagan uylarning narxi ekspertlar tomonidan 90–120 million so‘mga baholangan.
Shahar hokimligi ekspertlar tomonidan baholangan narxdan ham ikki-uch barobar ziyod to‘layotganini pesh qilmoqda. Odamlar esa bolaligi o‘tgan uy buzilgach, o‘zlarini qoniqtiruvchi sharoitda yashashni istashmoqda.
Bu o‘rinda kim haq: chordevor evaziga markazdan uzoqroqda chordevor usulida harakat qilayotgan shahar hokimligimi yoki shaharning qoq markazida joylashgan va buzilayotgan eski uylari evaziga shahar markazidan undan bir necha barobar qimmat uylar talab qilayotgan odamlarmi?
P.S. Ushbu lavha tayyorlanishi arafasida ayrim fuqarolarning uyi bo‘yicha sud majlisi bo‘lib o‘tgani, sud shahar hokimligining fuqaroni o‘z uyidan majburiy chiqarish to‘g‘risidagi da’vo arizasini qanoatlantirgani ma’lum bo‘ldi. Odamlar sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berishmoqchi.
Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz jurnalisti
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov