“O‘zbekneftgaz”: “Nihol” oromgohi 2022 yil yoz mavsumi iyul oyining “Eng yaxshi oromgohi” deb topildi

Jamiyat 20:25 / 04.08.2022 15922

Joriy yilning yozgi mavsumi davomida jamiyat tasarrufidagi Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Yosh alangachi”, Muborak gazni qayta ishlash zavodiga qarashli “Nihol”, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Beruniy”, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasiga qarashli “Lochin”, Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga qarashli “Neftchi” nomli bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida 10 mingga yaqin bolalarning dam olishlari rejalashtirildi.

Xususan, yozgi mavsumning birinchi navbatida 2250 nafar, ikkinchi navbatida 2784 nafar bola dam olishdi. Mavsumning uchinchi navbatida 2612 nafar bolalar lagerlarga qabul qilindi.

Oromgohning fidoyi jamoasiga, bolalar uchun barcha sharoitlarni yaratib berayotgan "O‘zbekneftgaz" AJ hamda Muborak gazni qayta ishlash zavodiga minnatdorlik tariqasida birinchi darajali diplom taqdim etildi.

Ushbu oromgoh Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumanida joylashgan bo‘lib, bu yerda bolalarning dam olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan, cho‘milish havzalari, sport majmualari, to‘garaklar, kutubxonalar, madaniy dam olish uchun mo‘ljallangan sahnalar mavjud.

Shuningdek, har xil madaniy-ma’rifiy, ko‘ngilochar tadbirlar, oromgohning ochilish marosimi, "Oromgoh malikasi", " Jajji raqs malikasi", jonli ijro, she’riyat kechalari, raqs qiroli, bilimdonlar bellashuvi, quvnoqlar va zukkolar bellashuvlari, shoirlar ijodiga bag‘ishlangan kechalar, suv bayrami, liboslar ko‘rgazmasi, kulgi kuni, oromgohning yopilish marosimi, sport tadbirlari, rassomchilik, badiiy bezak, mohir qo‘llar va shu kabi bir qator tadbirlar uyushtirib kelinmoqda. 

Ushbu tadbirlar bolajonlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchi yuksalishiga, ona Vatanimizga bo‘lgan mehri ortishiga, dunyoqarashi hamda bilim saviyalari o‘sishiga katta turtki bo‘lib kelmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: