Nikohlanuvchilar tibbiy ko‘rikdan so‘ng 1 oy kutmasdan nikohdan o‘tishiga doir qonun rad qilindi

O‘zbekiston 12:12 / 04.08.2022 9246

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, muhokamalar jarayonida senatorlar tomonidan qonunda qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan qator masalalar mavjud deb topildi.

Xususan, Oila kodeksining amaldagi 13-moddasida uzrli sabablar bo‘lganda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi bir oy o‘tgunga qadar nikoh tuzishga ruxsat berilishi, alohida hollarda, masalan homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqa holatlarda nikoh ariza berilgan kuni tuzilishi mumkinligi qayd etilgan. Biroq ko‘rib chiqilayotgan qonun bilan mazkur normalar chiqarib tashlanmoqda.

Bunga asos sifatida qonun bilan kiritilayotgan boshqa o‘zgartishlar ko‘rsatilgan. Xususan, endilikda nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganidan keyin bir oy o‘tgach emas, balki ariza berganidan va belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tganidan keyin amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

«Ammo nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganidan va belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tganidan keyin qancha muddat davomida o‘tkazilishi noaniqligicha qolgan. Shunga ko‘ra, mazkur normaning qabul qilinishi alohida hollarda, ya’ni homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqa holatlarda nikohni ariza berilgan kunning o‘zida tuzish imkoniyatini cheklashga olib kelishi va bu o‘z navbatida nikohlanuvchi shaxslarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lishi mumkinligi qayd etildi», - deydi senatorlar.

Shuningdek, Senat nikohni qayd etishning bir oylik muddatini bekor qilish hamda nikoh tuzish FHDYoga ariza berilganidan va belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tilgandan keyin amalga oshirilishiga doir normani kiritishda takliflar yetarli darajada asoslantirilmagan, shuningdek milliy va xorijiy mamlakatlar tajribasi chuqur o‘rganilib, tahlil qilinmagan, deb topdi.

«Jumladan, qonun tashabbuskorlari tomonidan ayrim xorijiy mamlakatlarda nikohni qayd etishdagi muddatlarning mavjud emasligi yoki ularning qisqaligi bayon etilgan bo‘lsa-da, milliy qonunchiligimiz tizimi o‘zaro yaqin bo‘lgan boshqa bir qator xorijiy va MDH davlatlarida ushbu muddatlar hali ham mavjud. Masalan, Rossiya (1 oydan kam bo‘lmagan va 12 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda), Armaniston (1 oydan kam bo‘lmagan 3 oydan ko‘p bo‘lmagan), Ozarboyjon va Qozog‘iston (1 oy muddatda) hamda boshqa ko‘plab mamlakatlarda nikoh tuzishda tegishli muddatlar saqlanib qolgan.

Amaldagi norma va qoidalar, ya’ni nikohni qayd etishdagi muddatlarning mavjudligi nikohdan o‘tuvchilarning o‘z qarorlarini puxta o‘ylab ko‘rishlariga, yoshlar tomonidan shoshma-shosharlik bilan nikohdan o‘tishga yo‘l qo‘ymaslikka, ularni oilaviy hayotga tayyorlashga, mamlakatda ajrashishlar sonining kamayishiga imkon berishi mumkinligi jihatidan talqin etilmoqda hamda bu bo‘yicha tegishli qator qonunosti hujjatlari ham qabul qilingan», - deyiladi senatorlar bildirgan e’tirozlarda.

Ko‘proq yangiliklar: