Kun.uz xodimlari 30-31 iyun kunlari dam olish kunlaridan unumli foydalanib, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida joylashgan, O‘zbekistonning eng baland nuqtalaridan biri bo‘lgan Hazrati Sulton cho‘qqisiga sayohat qildik.
Sayohat davomida o‘quvchilarni ham yurtimizning ajoyib go‘shalari bilan tanishtirish maqsadida tabiatning rang-barang manzaralarini, tog‘larni va tog‘liklarni fotosuratlarga muhrladik.
O‘zbekistondagi eng baland nuqtalardan biri bo‘lgan Hazrati Sulton cho‘qqisiga boradigan yo‘l Kitob va Shahrisabz shaharlaridan boshlanadi. Bu ikki shahardan cho‘qqi ostigacha bo‘lgan masofa 100 kilometrdan oshiqroqni tashkil etadi.
Yo‘lda eng avval Miraki shaharchasi va uning yuqori qismida Hisorak suv ombori joylashgan. Bu suv omboriga Hazrati Sulton cho‘qqisi joylashgan tog‘lardan oqib keluvchi Oqsuv daryosi kelib quyiladi.
Biroz yurilgandan so‘ng yo‘l Hisorak qishlog‘i oldidan tog‘ darasi bo‘ylab ketadi. Shu yerdan Ko‘lgacha 50-60 kilometr masofa bor.
Tor daraning ikki tomoni tog‘lar bilan o‘ralgan. Hisorak qishlog‘idan o‘tib boshlanadigan mashaqqatli yo‘l cho‘qqi yaqinidagi Ko‘l qishlog‘igacha daryo yoqasi bo‘ylab ketadi.
Ammo dara bo‘ylab oqadigan Oqsuv daryosi va uning qirg‘og‘iga tutash tog‘lar manzarasi kishining har qanday charchoqlarini unuttirib yuboradi.
Safarimizning ilk manzili tog‘lar orasida, dengiz sathidan qariyb 3 ming metr balandlikda joylashgan G‘ilon qishlog‘i bo‘ldi.
Bu qishloqqa 2021 yil 20 mart kuni ham chiqqan edik va o‘shanda qishloq oppoq qorlar bilan qoplangan, havo harorati ancha sovuq edi. Bu safar borganimizda hammayoq ko‘m-ko‘k, qishloq odamlari turli yumushlar bilan band ekan.
G‘ilon qishlog‘ida mingtacha xo‘jalik bor va u yerda 6 ming kishidan oshiq odam yashaydi. Qishloq aholisi asosan chorva boqish, kartoshka yetishtirish ortidan kun kechiradi.
Keyingi manzilimiz Ko‘l qishlog‘i bo‘ldi. Bu qishloq Hazrati Sulton cho‘qqisiga chiqish yo‘lidagi eng oxirgi aholi maskani hisoblandi. Qishloqda 1,5 ming nafarga yaqin aholi bor. Ular ham g‘ilonliklar singari asosan chorva boqadi va kartoshka yetishtiradi.
Bundan tashqari har ikki qishloq aholisi tog‘dagi qir-adirlarda lalmi bug‘doy, javdar, arpa yetishtiradi. Dorivor giyohlarni teradiganlar ham bor ekan.
Har ikki qishloqda ham bizni eng ajablantirgani odamlarning nihoyatda mehnatsevarligi bo‘ldi. G‘ilon va Ko‘lni aylanar ekanmiz, odamlar juda katta va olis hududlargacha kimdir piyoda, kimdir eshak yoki tog‘da yura oladigan yo‘ltanlamas mashinalarda borib mehnat qilayotganiga ko‘zimiz tushdi.
Shuningdek, aksariyat oilada «Ij» rusumli mototsikl bor. Ko‘l va G‘ilon aholisi baland tog‘lar bag‘ridagi dehqonchilik qilinadigan yerlarga ular yordamida chiqib boradi.
Kimdir pichan o‘rayapti, kimdir kartoshkani chopiq qilayapti. Boshqalar esa o‘rib bog‘lab qo‘yilgan pichanlarni eshaklarda tashib kelyapti. Oddiy odamlar shunchaki aylanib kelish uchun chiqib borishga erinadigan uzoq qirlarda ishlayotgan tog‘liklarning mashaqqatli mehnati tahsinga sazovor.
Ko‘l va G‘ilonda e’tiborimizni tortgan holatlardan biri, har ikki qishloqda odamlar hanuzgacha uylarni sinchli qilib tiklashayapti. Tog‘liklarining aytishicha, kuchli shamol, yog‘ingarchilik va tog‘larda tez-tez sodir bo‘lib turadigan zilzilalar paytida sinchli uylar chidamkor bo‘lishadi.Har ikkala qishloqda kichik savdo do‘konlari, mehmon uyi, maktab, vrachlik punkti bor. Shuningdek, G‘ilon va Ko‘lda yog‘ingarchiliklar paytida yaroqsiz holga kelgan yo‘llarni tekislab turish uchun maxsus texnika berilgan. Ular qishda qalin yog‘gan qorlarni, bahor va kuzda yomg‘ir suvlari yuvib ketgan yo‘llarni tekislashda asqatadi.
G‘ayrat Yo‘ldosh
Fotosuratlar mualliflari:
Ruslan Saburov va Faxriddin Hotamov