Tomonlar neft-gaz, kimyo sanoati, to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi sohasida qiymati 500 mln dollardan ortiq bo‘lgan 87 ta qo‘shma loyiha va savdo shartnomalarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirishga kelishib oldi.
Muloqot davomida tomonlar O‘zbekiston-Ozarboyjon investitsiya jamg‘armasini tashkil qilish tashabbusini amalga oshirishni davom ettirish niyatida ekanini tasdiqladi va shu munosabat bilan qisqa vaqt ichida uning faoliyatini tashkil etish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni shakllantirishga, tegishli hukumatlararo bitimni ishlab chiqishni boshlashga kelishib oldi.
Transport va logistika aloqalarini mustahkamlash istiqbollarini muhokama qilish chog‘ida muzokaralar ishtirokchilari O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasida xalqaro avtomobil transporti to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim doirasida amaliy chora-tadbirlar qabul qilishni jadallashtirishga, «Kaspar» paromlarida Kaspiy dengizi orqali O‘zbekiston uchun tovarlar ortilgan vagonlarni tashishni tezlashtirishga kelishdi.
Alohida tartibda tomonlar joriy yil noyabr oyida Toshkentda milliy tovarlar ko‘rgazmasini tashkil qilish, O‘zbekiston va Ozarboyjon hududlari birinchi forumini yuqori darajada o‘tkazishni nazarda tutgan holda hududlararo hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi. Forumga tayyorgarlik ko‘rish doirasida investitsiya loyihalari paketini hamda hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqiladi.