Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalaridan iborat jamoa o‘zbekcha klaviatura mobil ilovasi – “Tahrirchi”ni yaratishdi. Mobil ilova AKT vazirligi va Birlashgan Arab Amirliklari hamkorligida talabalar orasida o‘tkazilgan “mGovAward” respublika tanlovida g‘olib bo‘ldi.
Tanlov jamg‘armasi 100 ming dollar bo‘lib, birinchi o‘rin sohiblariga 50 ming dollar nasib qildi.
Muhammadsaid Mamasaidov, “Tahrirchi” loyihasining asoschisi, Inha universiteti 4-bosqich talabasi:
— Bundan bir yilcha oldin, “Tahrirchi” loyihasini boshlagandim. Loyiha avvalambor o‘zbek tilining morfologiyasi va grammatikasi bo‘yicha edi, keyinchalik biz uni imlo tekshiruvchisiga aylantirdik.
Bir kun qiziqib qolganman: nega o‘zbek tili uchun imlo tekshiruvchi qilish qiyin? Umuman, turkiy tillar uchun imlo tekshiruvchi qilish ancha qiyin, lekin ingliz yoki rus tili uchun bu narsa ancha oson. Shuning uchun shu soha bo‘yicha izlanish va o‘zbek tiliga o‘xshash fin va turk tillarining tadqiqotlarini ko‘rib chiqib, o‘zbek tiliga moslashga qaror qildim.
O‘zbek tili lingvistik jihatdan agglyutinativ til va undagi so‘zlar qo‘shimchalar hisobiga uzayib, ko‘plab shakllarga kiradi. Bu esa kompyuter uchun qiyinchilik tug‘diradi. Misol uchun, ingliz tilida bitta otning ikkita shakli bor – birlik va ko‘plik. O‘zbek tilida esa bitta otning 3000tagacha shakli bo‘lishi mumkin. Bu juda katta son bo‘ladi, buni qanaqadir yo‘l bilan samarali tarzda kompyuterga joylash kerak.
Hozir bizning modelda 150-160 ta affiks bor, agar siz shu affikslarni o‘rganmasdan turib 160-170 ta kombinatsiya yasaydigan bo‘lsangiz, bu juda katta hajm bo‘ladi. Biz har bir affiksning tildagi rolini o‘rganishga harakat qilganmiz.
Klaviaturadan foydalanganingizda u sizga so‘zlarni oxirigacha – qo‘shimchagacha tugallab, xato qilsangiz xatoni to‘g‘rilab berishi ham mumkin. Ilova Android tizimi uchun yaratilgan va kotlin degan dasturlash tilida yozilgan. Keyinchalik buning o‘zbek tili modeli esa bir nechta tillarda yozilgan – tilshunoslikka oid tillar va C++. Oxirida ikkita til bir-biri bilan bog‘lanishi kerak bo‘lgan.
Jasur Yusupov, Inha universitetining 4-bosqich talabasi, “Tahrirchi” jamoasida xatoliklar modeli ustida ishlamoqda:
— Bizning loyiha sun’iy intellekt bilan ishlagani bois bizga juda ko‘p raqamli matnlar kerak bo‘lgan, ularni yig‘ish uchun biz manba sifatida ijtimoiy tarmoqlarda postlar ostiga qoldirilgan izohlar, messenjerlarda ochiq guruhlarda yozilgan suhbatlashuv xabarlaridan foydalanganmiz. Barcha so‘zlar bazasi yig‘ilgach, ularni tahlil qilganmiz. Xatoliklar modeli bu o‘zbek tilida xato yozilgan so‘zlarni to‘g‘rilashga xizmat qiladigan model bo‘lgan.
Bizda Toshkent shevasida gapiradiganlar ko‘p – “kelyapman” so‘zining o‘rniga “kevomman”ni ishlatishadi. Yoki “ishga” so‘zini “iwga” tarzida yozishadi. Biz barcha xato yozilishi mumkin bo‘lgan so‘zlar bazasini yig‘ganmiz, ular ustida tahlil olib borib, ularni to‘g‘rilab beruvchi qonun-qoidalar ishlab chiqqanmiz.
Yasmina Ablayeva: Inha universitetining 4-kurs talabasi, jamoada UX/UI dizayner:
— “Tahrirchi” ilovasining dizaynini yaratganman, ilovadan foydalanish hamda tahrirchi klaviaturasini ishlatish qulayliklari borasida izlanishlar olib borganman.
“Tahrirchi” jamoasiga fevral oyida qo‘shildim, biz “mGovAward” tanlovidan xabar topgach jamoa bo‘lib yig‘ildik. Dasturchilarimiz loyihaning dasturiy qismi bilan ishlayotgan paytda, men uning dizaynini yaratdim. Loyihaga qanday nom berishni ham o‘sha payt o‘yladik va “Tahrirchi” deb atashga qaror qildik.
Bozorda bir vaqtning o‘zida turli xil katta kompaniyalarning – Yandex, Gboard kabi klaviaturalari bizning foydalanuvchilarga ham kirill alifbosidagi klaviaturalar taqdim qiladi, lekin undan foydalanish qiyin, chunki kirill alifbosida lotin alifbosidan ko‘ra ko‘proq belgilar bor, ularning joylashtirilishi ham ahamiyatga ega. Klaviatura dizaynini ishlab chiqish uchun biz yaqinlarimiz, ota-onalarimizga klaviaturadan foydalanishni taklif qilib ko‘rdik, ulardan qaysi harf yoki belgi qayerda tursa, qulayroq bo‘lishini so‘radik. Shundan so‘ng yakuniy xulosaga keldik. Kirill alifbosida belgilar ko‘proq bo‘lgani uchun tutuq belgisi (apostroflar)ni qulayroq joyga joylashtirdik.
“Bizga hech kim pul berishni xohlamagan, loyihani tashlab ketmoqchi bo‘lganman”
Muhammadsaid Mamasaidov:
— Shu yilning boshida loyihani tashlab ketmoqchi bo‘lganman, chunki kerakli mablag‘ topilmagan. Ko‘p joylarga murojaat qilganman – Innovatsiya vazirligi, Davlat tilini rivojlantirish departamenti va uning jamg‘armasi, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyot universiteti, Toshkent davlat pedagogik instituti.
Keyin shu ko‘rik-tanlovni ko‘rib qoldim. Bizning maqsadimiz mobil ilova yaratish emas edi, lekin tanlovda qatnashish uchun ilova bo‘lishi kerak. Qanday qilib imlo tekshiruvchimizni klaviaturaga aylantirish mumkinligini o‘yladik. Birinchi yechim – klaviatura. U oddiy kompyuterdagi imlo tekshiruvchidan katta farq qilarkan – u so‘zlarni to‘g‘rilashi kerak, bashorat qilishi kerak, umuman, foydalanuvchiga qulay bo‘lishi uchun ko‘p funksiyalar bo‘lishi lozim. Agar yutib qolsak, grantni loyihaga tikamiz, deb niyat qilganmiz.
“Tilimiz murakkabligi modellarimiz hajmini kengaytirib yuborgan”
Jasur Yusupov:
— Eng katta qiyinchilik o‘zbek tilimizning mukammal va murakkabligi uchun modellarimiz hajmi kattalashib ketganida bo‘ldi. Chunki har bir so‘zdan minglab so‘zlarni generatsiya qilish mumkinligi va sun’iy intellektda ishlaydigan dasturlarimiz tezligiga model hajmi kattaligi salbiy ta’sir qilgan.
G‘oliblik…
Yasmina Ablayeva:
— “mGovAward” tanloviga jamoamiz bilan 6 oy davomida qatnashdik, ayrim qiyinchiliklarga duch keldik – kod yozish, dasturlash… Bir vaqtning o‘zida biz o‘yladikki, ilovani qanday qilsak ko‘proq odamlarga yetkazib ko‘proq fikr olish mumkin? Ilovadan universitet talabalari foydalanib, kamchiliklarini aytishdi, bu bizga katta yordam berdi.
Tanlovning birinchi bosqichidan 20ta jamoa o‘tgan edi, finalga esa 7ta jamoa. Hakamlar qaysi jamoa qanday taklif va yechim bergani hamda qanday kamchiliklarga yo‘l qo‘yganini aytib turishdi. Ularning orasida juda yaxshi ilovalar bor edi – faqat ularni oxiriga yetkazib foydalanuvchiga taqdim qilish qolgandi.
“O‘zbek kompyuter lingvistikasining ekosistemasini yaratmoqchimiz”
Muhammadsaid Mamasaidov:
— Grant berishdi bizga, endi loyihaning veb-versiyasi va Microsoft Office bilan integratsiya qilish yo‘llarini ko‘rib chiqamiz. O‘zbek kompyuter lingvistikasining ekosistemasini yaratmoqchimiz, nafaqat imlo tekshiruvchisi, punktuatsiya tekshiruvchisi va hokazolarni ham ishlab chiqamiz. Biz hozir asosini yaratsak, bu loyiha kattalashib ketaveradi.
Yasmina Ablayeva:
— Biz ilovamizning veb-versiyasi va iOS uchun mo‘ljallangan klaviaturani ishlab chiqishni reja qilganmiz. Qaysi qurilmadan foydalanishdan qat’i nazar, foydalanuvchilar ushbu dasturdan foydalanib bexato yozishlari mumkin bo‘ladi.
Kelajakda faqat orfografik xatolarni emas, balki sintaktik xatolarni aniqlaydigan funksiya qo‘shishni ham maqsad qilganmiz.
Madina Ochilova suhbatlashdi.
Operator va montaj ustasi Asadbek Kuryazov.