Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Moliya vazirligining Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish maqsadli jamg‘armasi rahbarining axboroti bo‘yicha yoritilgan materiallar yuzasidan bayonot berdi. Qo‘mita bayonotiga ko‘ra, 2021-2022 yillarda yo‘l xo‘jaligi loyihalarida amalga oshirilgan qurish-ta’mirlash ishlarini o‘rganishlari natijasiga ko‘ra 45 ta holatda 34 trln 575 mlrd so‘mlik mablag‘lar samarasiz va noqonuniy sarflangan deb qayd etilganligi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
“Ushbu materiallarda yo‘l ishlarini amalga oshirish uchun 2021 yil va 2022 yilning I yarim yilligida Jamg‘arma tomonidan jami 13,3 trln so‘m ajratilganligi bayon etilgan bo‘lsada, 34,5 trln so‘mlik mablag‘lar samarasiz va noqonuniy sarflangan deb ko‘rsatilishi mantiqan noto‘g‘ri.
Qo‘mitaning matbuot xizmati tomonidan olib borilgan tushuntirishlardan so‘ng ayrim saytlardagi ma’lumotlarga o‘zgartirishlar kiritilib, "34,5 trln so‘m" jumlasi "34,5 mlrd so‘m" jumlasiga o‘zgartirildi”, deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, ushbu 34,5 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘larning samarasiz ishlatilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritilib, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasidan ma’lumotlar olingan.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 34,5 mlrd so‘mdan 12,1 mlrd so‘m (36 foiz) qismi respublika yo‘l xo‘jaligi tizimiga taalluqli bo‘lmagan korxonalar va obektlarga tegishlidir.
Qolgan 22,4 mlrd so‘m mablag‘ning 15,8 mlrd so‘m (71 foiz) qismi o‘z tasdig‘ini topmadi.
Qolgan 6,6 mlrd so‘m miqdoridagi yo‘l ishlarini bajarish bilan bog‘liq aniqlangan kamchiliklar tekshiruv jarayonida to‘liq bartaraf etilgan hamda tegishli dalolatnomalar bilan rasmiylashtirilgan.
“Shuni alohida ta’kidlash lozimki, aniqlangan kamchiliklar orasida Jamg‘arma mablag‘larini talon-taroj qilish holatlari aniqlanmagan.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi so‘z erkinligi bo‘yicha Konstitutsiyaviy huquqlarni hurmat qilgan holda barcha ommaviy axborot vositalari, blogerlar va fuqarolar uchun ochiqligini hamda sohaga oid barcha savollarga javob berishga tayyorligini yana bir bor ma’lum qiladi”, deyiladi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qonunchilik palatasi va Senat mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitalari qo‘shma majlisida Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish maqsadli jamg‘armasi rahbarining sohani rivojlantirish uchun ajratilgan mablag‘lar sarflanishi holati to‘g‘risidagi axboroti muhokama qilingandi.