Prezidentning o‘tgan yilgi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotidan so‘ng 20 avgust O‘zbekistonda tadbirkorlar kuni deb belgilangan edi. Har yili shu sanada prezidentning biznes vakillari bilan ochiq muloqoti o‘tkaziladi. Xo‘sh, tadbirkorlarimiz nimani talab qilishlari kerak?
O‘tgan yilgi ochiq muloqot avvalidan 15 mingdan ziyod murojaat kelib tushgandi. Raqamlarga e’tibor berilsa, eng ko‘p murojaatlar biznesni moliyalashtirish, kreditlash va subsidiyalar (6304 ta), yer ajratish masalalari bo‘yicha (2701 ta) kelib tushganiga guvoh bo‘lish mumkin.
Raqamlardan ham ko‘rinmoqdaki, aksariyat o‘zbek tadbirkorlari, albatta, birinchi navbatda o‘zlari uchun moliyaviy yordam, arzon kreditlar, imtiyozlar va subsidiyalar so‘rashadi. Yer olish osonroq bo‘lishini ham istashadi.
Ayrim biznes guruhlarning individual imtiyozlarga ega ekani, davlat banklaridan arzon kreditlar olishayotgani, buning oqibatida bozorda nohalol raqobat vujudga kelayotgani ham bunday so‘rovlarga asos bo‘lmoqda.
Bu — tabiiy. Kimlardir «o‘zgacha», yaxshiroq vaziyatda ekanini ko‘rib, qolganlar ham shunaqa kayfiyatga o‘tishadi, raqobat degan bozor iqtisodiyoti uchun favqulodda muhim bo‘lgan unsurning ahamiyati onglarda zavolga uchraydi. Bu esa... fojia.
Imtiyoz va subsidiyalar bir sohaning boshqasidan ustunlik qilishiga olib kelmasligi kerak. Ayniqsa, ma’lum bir guruh manfaati uchungina xizmat qilmasligi kerak.
Imkoni bo‘lsa, barcha subsidiya va imtiyozlar qayta ko‘rib chiqilishi, bekor qilinishi, bozor ishtirokchilari bo‘lgan biznes vakillariga teng sharoitlarda ish boshlash imkoniyati taqdim etilishi kerak. Shundagina six ham, kabob ham kuymaydi.
Biznes sohasi vakillari esa prezident bilan uchrashuvda faqatgina o‘zi uchun emas, barcha uchun birdek foydali bo‘ladigan takliflarni o‘rtaga tashlashi kerak. Masalan, biznes sohasida qabul qilinadigan qonun, qarorlar oldin chuqur ekspertizadan o‘tkazilishini talab qilish kerak.
Tartibga solish ta’sirining tahlili zarur
Qonunlar, qarorlar, qarorosti me’yorlari qabul qilinaveradi, to‘ldirilaveradi, o‘zgartirilaveradi, muammolar esa aksariyat hollarda yechilmay qolib ketaveradi.
Tartibga solish ta’sirining tahlili (TTT) — tartibga solish muammolarni va maqsadlarni aniqlash, ortiqcha va puxta o‘ylanmagan tartibga solishdan qutulish uchun ushbu maqsadlarga yetishishning muqobillarini tanlash jarayonidir. Bunda ilmiy texnikalar, munozaralar va maslahatlashuvlar jarayonidagi turli fikr-mulohazalar hisobga olinadi, tanlangan muqobillarga ketadigan chiqimlar va foydalar tahlil qilinadi.
Boshqacha qilib aytganda, TTT deganda ma’lum bir davlat organiga (yoki butun boshli hukumatga) adekvat siyosat ishlab chiqish va uni joriy etishga yordam beradigan vositalar, uslublar, usullar, muolajalar to‘plami tushuniladi.
TTT G‘arb davlatlarida o‘tgan asrning 80–90-yillarida ma’muriy islohotlar to‘lqinida paydo bo‘lgan hamda dasturlar va siyosatlarni baholashning turli-tuman ko‘rinishini ifodalaydi.
TTTni quyidagi 5 ta asosiy savolga aniq javob topilgandagina yakunlangan deb hisoblash mumkin:
- Qaysi muammo hal etildi va u nega paydo bo‘ldi?
- Agar hukumat hech qanday chora ko‘rmasa nima sodir bo‘ladi?
- Hukumat xatti-harakatlarining oqibatlari nima bo‘ladi?
- Nega taklif etilgan yechim eng yaxshisi, u mamlakat uchun eng kam chiqim bilan muammoni hal eta oladimi?
- Hukumat me’yoriy-huquqiy hujjatni samarali joriy eta oladimi?
TTT qo‘shni davlatlarda
Qozog‘istonda TTT 2014 yildan buyon tadbirkorlik sohasiga tegishli me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqishda majburiy jarayon hisoblanadi. Bu qadamdan maqsad — ma’lum bir muammolarni yechish, muayyan maqsadlarga yetishish uchun konkret tartibga solish vositalarini ishga solish bo‘yicha davlat siyosatini tartibga solishning muqobil yondashuvlari orqali baholab, ta’sirchanligi va samaradorligini oshirishdan iborat.
Bu tahlil prinsiplari Qozog‘iston Tadbirkorlik kodeksida o‘z aksini topgan. Tahlilning o‘zi tartibga solish vositasi joriy etilishidan avval va keyin o‘tkaziladi. Yangilari uchun majburiy shart hisoblanadi. Uni tartibga soluvchi davlat organlari, shuningdek Milliy iqtisodiyot vazirligi, Qozog‘iston tadbirkorlarining «Atameken» milliy palatasi siymosida vakolatli organlar, shuningdek Milliy iqtisodiyot vazirligi tomonidan tayinlanadigan boshqa manfaatdor tomonlar amalga oshirishi mumkin.
Qirg‘izistonda me’yoriy-huquqiy hujjatlar uchun TTT 2007 yildan buyon amal qiladi. Qirg‘izlarda TTTni o‘tkazish maqsadi, vazifalari va tartibi tushuntirilgan uslub ishlab chiqilgan. Bu tahlil tadbirkorlik faoliyatiga doxil me’yoriy hujjatlar qabul qilinishida zaruriy shart hisoblanadi.
Rasmiylashtirish formatiga nisbatan ma’lum bir talablar bilan birga asosiy mezonlar qatorida hujjatdagi xulosa va tavsiyalarning asosli ekanligi, xulosa (hisob-kitoblar) chiqarishga asos bo‘lgan axborotlarning ishonchliligi, sifatli TTT o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan tahliliy vositalardan foydalanish ham bor.
Qirg‘izistondagi Tartibga solish ta’siri tahlilini vazirliklar, davlat qo‘mitalari, ma’muriy muassasalar hukumatning tegishli qarorini asos qilib boshqa davlat organlari o‘tkazishi mumkin.
TTT O‘zbekistonda
Bizda ham bu borada qadamlar tashlangan, lekin ular hali oxiriga yetkazilmagan. Xususan, prezidentning 2021 yil 15 martdagi «Tartibga solish ta’sirini baholash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–5025-sonli qarori ham qabul qilingan. Qarorga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan :
- xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga yangi cheklovlar va yangi turdagi ruxsat berish tartib-taomillari, litsenziyalar joriy qilish yoki mavjud cheklov, ruxsat berish tartib-taomillari va litsenziyalanadigan faoliyat turlarini bozor ishtirokchilarining yanada kengroq doirasiga tatbiq qilish;
- ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni yoki litsenziyalarni olish uchun qo‘shimcha talablar va shartlarni joriy etish;
- yuridik shaxslar ustav kapitalining eng kam miqdoriga nisbatan talablarni oshirish;
- xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning belgilangan huquqlarini qisqartirish (kamaytirish) yoki ularga qo‘shimcha majburiyatlar yoxud qo‘shimcha xarajatlar joriy qilish;
- xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga har qanday turdagi imtiyoz, kafolat, preferensiyalarni belgilash, shuningdek, yangi huquqlar, shu jumladan eksklyuziv huquqlarni berish bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari «Aqlli tartibga solish» tizimidan o‘tkazilishi kerak.
2023 yil 1 yanvardan boshlab, tadbirkorlik faoliyatiga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga, shuningdek, atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar tartibga solish ta’siri baholashdan o‘tkazilishi belgilangan.
O‘zbekistonda shu vaqtgacha tartibga soluvchi biror qaror yoki qonun TTT bilan tekshirib ko‘rilmagan. Yo‘qsa TTT o‘tkazilganida biznes va iste’molchilar uchun noqulaylik tug‘dirayotgan ayrim to‘siqlar va cheklovlarga duch kelmagan bo‘lardik.
TTT qanday ishlaydi?
Avval TTsiz qabul qilingan misol. AQShning Kaliforniya shtatida TTT o‘tkazilmasdan turib, avtomobillarni boshqarishda mobil telefondan foydalanishga taqiq joriy qilingan. (Bu taqiq bizda ham bor, darvoqe). Bir nechta tadqiqotlardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobil boshqarayotib mobil telefondan foydalanish avariya sodir bo‘lish xavfini oshiradi.
Odamlar rul boshqarayotib mobil telefon orqali so‘zlashayotgani ortidan yo‘llardagi avariyalar soni oshdi, deb topilgan. Faktlar asosida va Kaliforniyada muammoni cinchiklab o‘rganish oqibatida chora sifatida avtomobilni boshqarishda mobil telefondan foydalanish taqiqlangan.
Biroq ushbu taqiq amalda ishlamagan. Avariyalar soni kamayishiga olib kelmagan.
«Ayrim ma’lumotlar rul boshqarayotib telefonda gaplashish avariya xavfini kuchaytirishini ta’kidlayotgandi. Taqiq ortidan biz avariyalar soni kamayishini kutgandik. Lekin bu narsa kuzatilmadi, taqiq joriy etilgach avariya sodir etilgani tufayli sug‘urta talabnomalari soni kamaygani ham. Biz avtomobilni boshqarish chog‘ida uyali telefondan foydalanish darajasi kamayganini bilib turganimiz e’tiboridan, bu nihoyatda taajjublanarli edi. Ayni paytda biz bu nomutanosiblikning sabablarini aniqlash uchun ma’lumotlar to‘playapmiz», — degan yo‘l harakati xavfsizligi sug‘urta instituti prezidenti Adrian Lund.
Endi TTT bilan qabul qilingan yechimga misol keltiramiz: Uy sharoitida flakonlarda saqlanayotgan turli dori-darmon vositalari yosh bolalar tomonidan iste’mol qilinishi ularning og‘ir zaharlanishi, hattoki o‘limiga sabab bo‘lgan. Chunki dorilar yorqin idishlarda saqlanadi, ularning o‘zi ham turli tuman yorqin ranglarda. Bolalar bu dorilarni konfet yoki shirinlik deb o‘ylashlari mumkin.
TTTni qo‘llashdan ko‘zlangan maqsad: 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida dori-darmonlar va tabletkalardan zaharlanish holatlarini kamaytirish.
Tartibga solish tufayli yechiladigan muammo: dori solingan flakonlarning osongina ochilishi.
Tartibga soluvchi yechim: qopqog‘i yosh bolalar tomonidan ochilishi qiyin bo‘lgan flakonlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘lgan.
Soliqlar, soliqlar...
O‘zbekistonda tadbirkorlik gurkirab ketishiga xalaqit beruvchi to‘siqlar va muammolar ham talaygina. Ulardan biri — soliqlarning nihoyatda balandligi.
«Har qanday islohotlar tadbirkorlarga qo‘shimcha imkoniyat yaratishi zarur. Men endi-endi tadbirkorlarni oyoqqa qo‘yayapman, ularni sindirishga hech kimga ruxsat bermayman. Soliq tizimi qilich bilan emas, aql bilan, do‘st bo‘lib, ustoz, ko‘makchi bo‘lib ishlasin. Ayniqsa Toshkent shahrida katta imkoniyatlar bor, ularni yuzaga chiqarishimiz lozim. Biz dunyoqarashlarni o‘zgartirishimiz kerak», — degan edi prezident Davlat soliq qo‘mitasiga tashrifi chog‘ida.
Umumiy aylanmasi unchalik katta bo‘lmagan, biroq 1 milliard so‘mdan o‘tuvchi ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan kichik tadbirkorlik sub’yektlari QQSdan katta aziyat chekishmoqda. Ular QQS hisobotlarini topshirish, hisob-fakturalarni to‘g‘ri hisoblab borish uchun 2-3 nafar buxgalterlar yollashlariga to‘g‘ri kelmoqda. Buning natijasida soliqlar yashirilmoqda. Qo‘shaloq buxgalteriya yordamida ish yuritishmoqda.
QQS tizimi yirik firma va kompaniyalar uchun foydali, aholi to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo-sotiq qiladigan individual kichik tadbirkorlarning kapasini kuydirib yubormoqda.
Shu sababli QQS chegarasi oshirilishi (1 mlrd so‘m allaqachon katta pul bo‘lmay qolgan), kichik tadbirkorlarga aylanmadan soliq olish tizimini qaytarib berish kerak. Shundagina ular qo‘rqmasdan ishchilarni yollashadi, savdoni faqat naqd pulda qilib, soliqdan yashirishdan qochishmaydi, hisob-kitobda ham adashishmaydi.
Bu o‘z-o‘zidan soliq tushumining oshishiga xizmat qilibgina qolmasdan, sohada korrupsiyaning yo‘qolishiga ham xizmat qiladi.
Masalan, hozir tadbirkorlar soliqdan yashirayotganini soliqchilar ham, mahalliy hokimiyat vakillari ham juda yaxshi bilishadi. Shuning uchun kichik tadbirkorlarga ularning nonini tuya qiladigan xizmatlarni qo‘rqmasdan ayta olishadi. Aylanma mablag‘ida 4–5 foiz soliqni to‘lab qo‘ygan tadbirkor hech kimning oldida tili qisiq bo‘lmasdan, bosimsiz ishlaydi.
Xullas, bunday uchrashuvlarda yirik tadbirkorlar o‘z manfaati yo‘lida imtiyoz va yengilliklarni so‘rab olishmoqda. Kichik tadbirkorlarning oh-u zorlari tepagacha yetib bormayapti.
Yana bir muammo — tovar belgilari va intellektual mulkning himoya qilinmagani
Nega yurtimizga mashhur xorijlik brendlar kirib kelishga shoshilmayapti? Asosiy sabablardan biri — bizda mahsulotning soxtasiga qarshi kurashish juda past darajada. Mavjud sharoitda xorijlik tadbirkorlar O‘zbekistonga kirib kelib mahsulotini ishlab chiqarish, bozorga olib chiqishda muayyan qiyinchiliklarga duch kelishadi. Hattoki ochilgan brend do‘konlar yopilib ketmoqda.
Chunki bizda har qanday taniqli brend mahsulotning qalbakisini ishlab chiqarish, yoki chalkashtirish darajasida o‘sha brendga o‘xshash mahsulot ishlab chiqarish sanoat darajasiga ko‘tarilgan.
Boz ustiga, birovning brendi ostida soxta mahsulot yoki chalkashtirish darajasida o‘xshash mahsulot ishlab chiqarish uchun belgilangan jazo nihoyatda yengil.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177-moddasi (O‘zganing tovar belgisidan, xizmat ko‘rsatish belgisidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish)ga ko‘ra, o‘zganing tovar belgisidan, xizmat ko‘rsatish belgisidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki adashtirib yuborish darajasida ular bilan o‘xshash bo‘lgan belgilardan shu turdagi tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan qonunga xilof ravishda foydalanish yoxud o‘zganing firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish — fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
MJtKning 177 (2)-moddasi (Ixtiroga, foydali modelga va sanoat namunasiga bo‘lgan huquqlarni buzish)ga ko‘ra, tegishli patentlangan ixtironi, foydali modelni, sanoat namunasini o‘z ichiga olgan mahsulot yoki buyumni ruxsatsiz tayyorlash, sotishga taklif etish, sotish, fuqarolik muomalasiga boshqa yo‘sinda kiritish — fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Birovning patentlangan ixtirosi yoki tovar belgisidan foydalanganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilmagan.
Jinoyat kodeksining 186(3)-moddasida faqat sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish uchun jazo tayinlangan xolos.
Nafaqat yurtimizga investitsiya kiritishi mumkin bo‘lgan xorijlik tadbirkorlar, o‘zimizning tadbirkorlarimiz ham o‘zlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlarini qalbakilashtirishdan himoya qilishga muhtoj. Buning uchun allaqachon jinoiy javobgarlik joriy etilishi lozim.
Muxtasar qilib aytganda, yurtni boy qiluvchilar — tadbirkorlar. Ularning emin-erkin faoliyat ko‘rsatishi, yurtimizga investitsiyalar kirib kelishi uchun barchani qoniqtiruvchi, puxta muhokamadan o‘tgan qarorlar va qonunlar kerak.
Shuhrat Shokirjonov, jurnalist