«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasining kamida olti nafar rossiyalik yollanma askarlari Mali markazida «Al-Qoida»ga aloqador guruh tomonidan uyushtirilgan hujum oqibatida halok bo‘ldi. «JNIM qisqartmasi bilan tanilgan guruh payshanba kuni Mopti mintaqasida «Vagner» guruhi uchun ishlagan yollanma askarlar karvoniga pistirma uyushtirganini, jangchilarni o‘ldirganini va ularning mashinalarini portlatib yuborganini ma’lum qildi», — deyiladi 23 noyabr, shanba kuni AR xabarida.
Hujumning o‘zi 21 noyabr kuni sodir bo‘lgan. Bu haqdagi ma’lumotni AR bilan suhbatda Mali xavfsizlik xizmatlaridagi manba tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «vagnerchilar» nazorat-o‘tkazish punktida bo‘lganlarida hujumga uchragan. Avvalroq Reuters agentligi Site Intelligence Group monitoring guruhiga tayanib, hujum natijasida «Vagner» XHKning kamida yetti nafar yollanma askari halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi. Agentlik haqiqiyligini tasdiqlay olmagan videoda mashina yonida yotgan harbiy kiyimdagi besh kishining jasadi aks etgan.
Iyulda Malidagi isyonchilar 84 nafar «vagnerchi»ni yo‘q qildi
Avgust oyi boshida AFP agentligi 25 iyuldan 27 iyulga qadar Tinzauaten aholi punkti yaqinidagi janglarda «Vagner» XHKning 84 nafar jangchisi va Mali hukumati armiyasining 47 nafar askari halok bo‘lganini xabar qilgan edi. 29 iyul kuni «Razgruzka Vagnera» Telegram-kanalida rus XHK Mali shimolida, Jazoir bilan chegara yaqinida «Azavad muvofiqlashtirish harakati» va «Saheldagi Al-Qoida» jangarilari bilan olib borilgan janglarda yo‘qotishlarga uchraganini tasdiqlovchi ma’lumotni e’lon qildi. Bu 22 iyuldan 27 iyulgacha bo‘lgan davrda Tinzauaten aholi punkti yaqinida sodir bo‘lgan. «Rossiya yollanma askarlari va Mali askarlari qochib ketishdi. Boshqalar taslim bo‘lishdi», dedi bo‘lginchi qurolli guruhlarning CSP-DPA alyansi vakili Muhammad Elmauloud Ramadan AFP'ga.