Hokim bo‘lib chiqargan qarorini prokuror bo‘lib bekor qildi. Natija – yuzlab odamlar sarson

Jamiyat 17:50 / 29.07.2022 31598

Samarqandda bir mas’ulning qarori bilan boshlangan qurilish u boshqa lavozimga o‘tganidan keyin chiqargan yangi qarori bilan to‘xtatib qo‘yildi. Natijada uch yuzdan ortiq fuqaroning yangi uyi foydalanishga topshirilmayapti.

Bu haqda Kun.uz'ga murojaat qilganlar ularni hech kim eshitmayotgani, shartnoma shartlari esa muttasil buzib kelinayotganidan norozi.

“Kapital Qurilish Direksiyasi” davlat korxonasi 2020 yilda Samarqand shahri Qorasuv massividagi beshta ko‘p qavatli uy, jami 364 ta xonadon qurilishini zimmasiga oladi. Uylar subsidiya asosida qurilayotgani va eng asosiysi, qurilish qilayotgan kompaniya davlat korxonasi ekanini inobatga olgan fuqarolar tez orada sifatli uylarga ko‘chib kirishiga ishonadi. “DK”ga urg‘u berayotganimiz sababi, odatda bunday loyihalarni biror xususiy korxona zimmasiga olsa-yu, oyog‘ini osmondan qilsa, bu tashkilotni ko‘chadagi daydi it ham bir qopib olgisi keladi.

Xullas, bizga murojaat qilganlarning aksariyati “Kapital Qurilish Direksiyasi”ning aynan davlat korxonasi ekaniga ko‘proq e’tibor berishganini yashirmadi.

To‘lov qilingan pullar oson topilmagan, uydan esa darak yo‘q

Oqdaryolik Nigora Mirzayeva uch nafar o‘g‘li Rossiyada ishlayotganini aytadi. U qishloqda uy qurishga sharoit bo‘lmagani uchun Qorasuv massivida qurilishi boshlangan ushbu uylarga ariza topshirgan. Ayol katta o‘g‘lini uylantirib, yoshlarni aynan shu uyga olib kelmoqchi bo‘lgan.

Qurilish kechikyapti, boshidan to‘langan 143 million so‘mni qaytarib olishning ham imkoni yo‘q, chunki inflatsiya hisobiga endi u boshqa uyga to‘lov qilgan taqdirda ham yutqazadi.

Iskandar Salimov ham kuyib qolganlardan. U “Kapital Qurilish Direksiyasi” mas’ullari bilan bir necha marta telefon orqali bog‘lanib, uchrashib ham biror natijaga erishib bo‘lmayotganini aytdi. Samarqand shahar hokimligi qurilish bo‘limidagilardan ham tayinli javob ololmayapti.

“200 million so‘m to‘lov qilganman. Ochig‘i, bu pulni oson topmaganman, eshshakday ishlab, o‘risning mehnatini qilganman. Ana quriladi, mana quriladi bilan ham olti oy o‘tib ketdi. Har safar shu yolg‘onni eshitamiz. Holatdan viloyat, shahar hokimligi, prokuratura to‘liq xabardor, lekin ishda siljish bo‘lmayapti”, – deydi Salimov.

Darvoqe, ushbu massivdagi uylar subsidiya asosida, kam ta’minlangan oilalarga mo‘ljallab qurilayotgani uchun ham boshqa uylardan ko‘ra arzonroq narxda hisoblangan. Biz bilan suhbatlashganlarning aksariyati uylarning imtiyoziga ishongan holda ariza topshirganini aytmoqda.

O‘ziga o‘zi protest kiritgan prokuror

“Kapital Qurilish Direksiyasi” DK rahbari Botir Normurodov biz bilan o‘z kabinetida suhbatlashishini ma’lum qildi. Biz Normurodov bilan uchrashganimizdan so‘ng, bevosita kamera qarshisida gapirmasligi, biroq qurilish kechikishiga sabab bo‘lgan omillarni aytib berishini bildirdi.

Normurodovga ko‘ra, xaridorlar bilan qilingan shartnomada uylarni 2021 yilning 31 dekabriga qadar topshirish ko‘zda tutilgan. Biroq bu muddat cho‘zilib ketgan, shartnomada esa qurilish uch oydan kechikkan taqdirda u ikkinchi tomonga penya to‘lab berishi belgilab qo‘yilgan.

Ushbu uylarning qurilishiga asos bo‘lgan hujjat Samarqand shahar hokimining 2020 yil 24 martdagi 140-Q sonli qarori hisoblanadi. Botir Normurodovning aytishicha, Samarqand shahar prokurori 2022 yilning 3 mart kuni shahar hokimining qarorini haqiqiy emas, deb topishni so‘rab protest keltiradi.

Shahar prokurorining protestida aytilishicha, bu yer shahar hokimligi qoshida xo‘jalik hisobida faoliyat olib borayotgan “Kapital Qurilish Direksiyasi” DKga hokimning qarori bilan ajratilishi belgilangan qoidalarga zid bo‘lgan, yer auksion orqali o‘ynalishi kerak bo‘lgan.

2022 yilning 10 iyun kuni Samarqand tumanlararo ma’muriy sudi shahar prokurorining protestini qanoatlantirgan. Uylar qurilishiga asos bo‘lgan shahar hokimining 2020 yil 24 martdagi qarori haqiqiy emas, deb topilgan.

Holatning ajoyibligi shundaki, qarorga protest kiritgan shahar prokurori Boburmirzo Obloqulov 2020 yilda Samarqand shahri hokimi edi. Ya’ni qurilish uchun qarorni shaxsan o‘zi qabul qilgan. Boshqa lavozim – shaharga prokuror bo‘lib o‘tganidan keyin esa o‘z qarorini bekor qilishni so‘ragan. Sud bu so‘rovni qanoatlantirgan.

Vaholanki, hokimlikka qarashli “Kapital Qurilish Direksiyasi” DK beshta ko‘p qavatli uylar qurilishini boshlab bo‘lgan, ayrimlari ikki qavat ko‘tarilgan, ayrimlarining fundamenti quyilgan va turli jarayonda. Bu qanchadir mablag‘ sarflanib bo‘ldi, degani.

Ikkinchi masala shundaki, 364 ta oila pul to‘lab qo‘ygan va ko‘z tikib turibdi.

Insof bilan aytganda, 2020 yildagi noo‘rin qaror va sarf qilingan xarajatlar uchun shaharning o‘sha paytdagi hokimi, hujjatga imzo qo‘ygan odam javob berishi kerak. Ya’ni hokim sifatidagi o‘z qarorini shahar prokurori sifatida bekor qildirgan Boburmirzo Obloqulov. Va uning o‘sha paytdagi jamoasi, loyihaga bosh qo‘shgan qurilish kompleksi ham bu ishga bevosita javobgar.

Va’da qilgan vaqtida telefonini ko‘tarmaydigan, majlisga kirib ketadigan hokim o‘rinbosari

Bu murojaat bo‘yicha dastlab Samarqand shahar hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Rustam Olimov bilan 21 iyul kuni telefon orqali suhbatlashdik. U bandligi va o‘sha kuni kechqurun bizga vaqt ajratishini ma’lum qildi. Biroq u aytgan muddatda qilingan qo‘ng‘iroqlarimizga javob bermadi.

23 iyul kuni qurilayotgan uylar oldida izoh olish maqsadida yana Olimov bilan telefon orqali bog‘landik. U soat 12.00 da kabinetda bo‘lishini ma’lum qildi. Belgilangan vaqtda Samarqand shahar hokimligida bo‘lib, Olimovdan intervyu olmoqchi bo‘ldik. Biroq yordamchisi u biroz avval majlisga kirib ketganini aytdi. Biz yordamchidan qancha muddatda hokim o‘rinbosari bilan bog‘lana olishimiz mumkinligi yoki shu mavzuga salohiyati yetadigan biror mutaxassisni bizga yuzlashtirishini so‘radik. Bu savolimizga ham tayinli javob bo‘lmadi. Natijada barcha jarayonlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok etgan shahar qurilish kompleksining holatga munosabati noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Bu hali xulosa emas

“Kapital Qurilish Direksiyasi” davlat korxonasi rahbari Botir Normurodov bilan yana bog‘lanib vaziyatni so‘raganimizda, u muammoga shahar hokimi e’tibor qaratayotgani, ijobiy yechim bo‘lib qolishiga umid bildirdi.

Biroq masala shunchalik chalkashtirib yuborilganki, ijobiy yechim albatta qaysidir me’yor va qonunning buzilishi evaziga bo‘ladi. Chunki masala avval boshdan boshi berk ko‘chaga kirib bo‘lgan. Yer auksionsiz berilgan, qurilish boshlangan, fuqarolar to‘lov qilgan, sud qurilishga asos bo‘lgan qarorni bekor qilgan.

Kun.uz holatni kuzatib boradi va mavzuga yana qaytadi.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Ko‘proq yangiliklar: