«Gaz jangi». Yevropa ruslar gaz bermay qo‘yishiga ishonib bo‘ldi, Rossiya gazining o‘rnini nimalar bosa oladi?

Iqtisodiyot 21:28 / 28.07.2022 51167

Yevropa Ittifoqi davlatlari ixtiyoriy tarzda gazdan foydalanish bo‘yicha ehtiyojni 15 foizgacha qisqartirish majburiyatini oldi. Ittifoq davlatlari bu majburiyatni o‘z gardaniga olgan taqdirda ham energiya defitsitiga duch kelishi mumkin. O‘z navbatida, Rossiya hozirda eng ko‘p gaz sotgan davrlariga qaraganda 80 foiz kamroq gaz eksport qilmoqda va bu mamlakat iqtisodiyotiga ta’sir qilmay qolmaydi. «Meduza» oxirgi yangiliklar «gaz jangi»ga qanday ta’sir etishini tahlil qildi.

Rossiya nega gaz yetkazib berishni kamaytirdi?

Rossiya Yevropaga gaz beradigan asosiy o‘tkazgich bo‘lmish «Shimoliy oqim-1»ni ta’mirlash uchun yopib qo‘yganida yevropaliklar ta’minot qayta tiklanmasligi mumkin deb o‘ylay boshlashdi. Ammo o‘n kunlik ta’mirlash ishlaridan keyin 21 iyul kuni o‘tkazgich belgilangan vaqtda Yevropaga gaz haydashni tikladi. Yevropadagi rus gazi importyorlari ham ta’minot tiklanganini xabar qilishdi.

Ta’mirlashdan keyin «Shimoliy oqim-1» bo‘ylab kamroq gaz o‘ta boshladi. Aniqrog‘i maksimum yuborilishi mumkin bo‘lgan gazning 40 foizigina Yevropaga o‘tdi. 26 iyul kunidan Yevropaga yanada kamroq gaz keta boshladi. Chunki Rossiya Leningrad oblastidagi «Partovoy» qazib oluvchi kompressor stansiyasini ishga tushirmadi. Bu kompressor stansiyasidagi quvurlar ikkilamchi foydalanishga mo‘ljallangan bo‘lgani uchun G‘arb sanksiyalariga tushib, ta’mirlashga yuborilgan Kanadada qolib ketgandi. Gap shundaki, bu quvurlardan samolyot ishlab chiqarishda ham foydalanish mumkin, shu sabab ular sanksiyaga tushgan.

Kanada hukumati va AQShning maxsus ruxsati bilan quvurlar Germaniyadagi «Gazprom»ga xizmat ko‘rsatuvchi korxona bo‘lmish Siemens'ga yetkazib berildi. O‘z navbatida, nemis kompaniyasi «Gazprom»ga Kanadaning eksport litsenziyasini taqdim etdi. Buning yordamida ta’mirlangan quvurlar Rossiyada ishlatilishi, «Gazprom» qolgan detallarni ham 2024 yilgacha Kanadaga ta’mirlash uchun yuborishi mumkin bo‘ladi. Ammo «Gazprom» quvurlarni qabul qilmasligini aytib, berilgan hujjat «avval mavjud bo‘lgan xavotirlarni bartaraf etolmasligi, qaytaga qo‘shimcha savollar tug‘dirayotgani»ni ma’lum qildi. Shu bois, quvurlar hamon Germaniyada qolmoqda.

Reuters vaziyatdan xabardor manbalariga tayanib yozishicha, Rossiya ataylab byurokratik jarayonni cho‘zib o‘tiribdi. Ruslar rasman berilgan hujjat YeI va Britaniya sanksiyalarini cheklab o‘tish imkonini bermaydi, deb iddao qilmoqda. Vaholanki, ta’mirlangan quvurlar Rossiya hududiga olib kirilishi va foydalanilishi uchun hech qanday to‘siq yo‘q. Siemens ta’mirlangan quvurlarni Rossiyaga yetkazib berishga tayyor, ammo «Gazprom» bunga ruxsat bermayapti. Rossiya tomoni London va Bryusseldan maxsus ruxsatnoma kutmoqda. Aftidan, ularni «tiz cho‘ktirish» maqsadida.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 20 iyul kuni oy oxiriga borib gaz qazib olish yanada kamaytirilishiga ishora qilgandi. «Adashmasam, iyulning oxirrog‘ida, 26-sanada bo‘lsa kerak, yana bir stansiyadagi quvurlar ta’mirlash uchun yuborilishi kerak, shunday emasmi? Anig‘ini yana «Gazprom» biladi», degandi Putin ochiqchasiga Yevropaga yanada kamroq gaz berilishiga ishora qilib.

26 iyul kuni Putin aytganiday «Partovoy»dagi yana bir stansiya quvurlari ta’mirlash bahonasi bilan to‘xtatildi. Bu vaqtda hali quvurlari Rossiyaga olib kirilishiga ruslar qarshilik qilayotgan boshqa stansiya faoliyatini tiklab ulgurmagandi. Oqibatda faqat bitta kichik stansiyada gaz olish davom ettiriladigan bo‘ldi va Rossiya Yevropaga yuborishi mumkin bo‘lgan gazning atigi 20 foizini sotmoqda.

Yevropa o‘zini qanday himoya qilmoqchi?

Yevropa birinchi navbatda qish kunlari kelishidan avval yerosti gaz zaxiralarini to‘ldirib olmoqchi. Yevropa Ittifoqi umumiy hisobda Rossiyadan yiliga 155 milliard kubometr gaz sotib oladi. Bu YeI davlatlariga eksport qilinadigan gazning 45 foizi va umumiy iste’molning 40 foiziga teng. Hozircha yerosti zaxiralari 66 foizga to‘lgan va maqsad ularni 80 foizgacha to‘ldirish. «Shimoliy oqim-1» ta’mirlanishidan avvalgi tepmda zaxiralarni rejalashtirilgan holatda to‘ldirish uchun ikki oy kerak bo‘lardi, hozirgi tempda esa buning uchun yanada ko‘proq vaqt ketadi. Chunki yuzaga kelgan keskin issiq havo xarajatlarni yanada oshirib yubormoqda. Yevropa uchun noodatiy bo‘lgan anomal issiq sabab odamlar ko‘proq konditsioner ishlatmoqda, bu esa elektr energiyasi sarfini oshirib yuborgan. Elektr esa tabiiyki gazdan olinadi.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbokning fikricha, Yevropa Ittifoqi davlatlari rus gaziga bog‘lanib qolganini ko‘rgan Rossiya gazdan ittifoq davlatlarini shantaj qilishda foydalanmoqda. Energoqaramlikdan, xususan, Rossiya gaziga qaramlikdan qutulishni maqsad qilgan YeI davlatlari gaz iste’molini 15 foizgacha kamaytirishga kelishib olishdi. Darvoqe, bosh vaziri «Putindan ilhomlanishi»ni yashirmaydigan, ittifoqda Rossiyaga qarshi nima bo‘lsa, shubhasiz qarshi chiqadigan Vengriya 26 iyul kuni tasdiqlangan gazni tejash borasidagi kelishuvga ham qarshi chiqishga ulgurdi.

Yevropa gaz iste’molini qanday kamaytirmoqchi?

Yevropa uchun gazni yoki elektrni tejash yangilik emas. Oxirgi bir yarim yilda narxlar oshib ketgani sabab yevropaliklar allaqachon energiyani tejashni boshlab yuborgan. Xalqaro valuta fondi tahlillariga ko‘ra, mintaqada joriy yilning birinchi choragida energiya iste’moli o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9 foizga kamaygan. Ba’zi davlatlar hatto chora-tadbir ishlab chiqilgunga qadar normadan ortiq tejashni boshlagan. Masalan, Estoniya hozirdan o‘tgan yilgiga qaraganda 18 foiz kamroq energiya iste’mol qilmoqda. Garchi bu YeI iste’mol hajmiga qaraganda ancha kam foizni tashkil qilsa ham, Estoniya tejamkorlik borasida namuna bo‘lmoqda.

Xalqaro valuta fondi ekspertlarining optimistik prognozlariga ko‘ra, rus gazining 70 foizgacha bo‘lgan qismini muqobil ta’minotchilar va boshqa energiya manbalari orqali to‘ldirish imkoni bor. Lekin YeI Rossiya gazni to‘liq uzib qo‘yishiga tayyor emas. Bunday holatda rus gaziga juda o‘rganib qolgan sharqiy davlatlarda defitsit 15 foizdan 40 foizgacha yetishi mumkin. Ya’ni YeI davlatlarining 15 foiz gazni tejash chorasi ham bu davlatlarga yordam bermaydi.

Hozircha voqealar taxminan shunday rivojlanadi: Ukraina orqali Yevropaga gaz borishi kamayishi, «Shimoliy oqim-1»dagi to‘xtovsiz ta’mirlashlar, ikkinchi kompressorning ishga tushmasligi sabab Rossiyadan gaz kelishi 80 foizga kamayib ketgan va bu holat saqlanib qoladi.

«Shimoliy oqim — 1»ning Germaniya hududidagi infratuzilmasi. 2022 yil 11 iyul
Jens Buettner / dpa / AP / Scanpix / LETA

Yevropa Ittifoqida rus gazining o‘rnini bosa oladigan qanday variantlar bor?

Birinchi variant. Suyultirilgan gaz

Rossiya gazining o‘rnini qisman bo‘lsa ham to‘ldira oladigan asosiy variant suyultirilgan gaz hisoblanadi. Ammo Yevropa Ittifoqi bozordagi raqobatni yengib o‘tishi va qolgan mintaqalardagi xaridorlardan ko‘proq pul taklif qilib suyultirilgan gaz sotib olishi kerak bo‘ladi.

Bunday turdagi gazning asosiy ishlab chiqaruvchilari Qatar va AQSh hisoblanadi. Avstraliya ham bor, ammo bu Yevropa uchun juda uzoq. Shuningdek, kichikroq ishlab chiqaruvchilar bor: Ummon, BAA, Trinidad va Tobago, Nigeriya, Angola, Indoneziya, Malayziya. Jazoir va Misr kabi ishlab chiqaruvchilar esa shundog‘am ishlab chiqarayotgan mahsulotini Yevropaga eksport qilmoqda.

Bu ishlab chiqaruvchilarning barchasi uzoq yillardan buyon ularni qanoatlantiradigan Yevropadan tashqaridagi mijozlar bilan ishlab kelmoqda. 2025 yilgacha bozorda boshqa katta ishlab chiqaruvchi paydo bo‘lishini kutish esa imkonsiz.

Bundan tashqari, boshqa muammolar ham bor. Masalan, iyun oyida AQShdagi suyultirilgan gaz ishlab chiqaruvchi Freeport LNG zavodida avariya sodir bo‘ldi. Oqibatda mamlakatning eksport quvvati keskin tushib ketib, kunlik yetkazib berish hajmi gazga ekvivalent sifatida hisoblasa, 60 million kubmetrgacha tushib ketdi. Bu esa hozirda «Shimoliy oqim-1»dan Yevropaga o‘tayotgan bir kunlik gazdan ikki baravar ko‘proq degani. Bu avariya oqibatlari yil oxiriga boribgina bartaraf etilishi mumkin.

Ushbu avariyaga qaramay, Yevropa AQShdan rekord miqdorda gaz sotib oldi. 2022 yil yanvar-iyun oylarida ilk marta Yevropa tabiiy gazdan ko‘ra suyultirilgan gazni ko‘proq xarid qildi. Yarim yil davomida YeI 65 milliard kubometr suyultirilgan gaz sotib oldi. Bu vaqt davomida Rossiyadan 45 milliard, Norvegiyadan esa 41 milliard kubmetr gaz sotib olingan.

Niderlandiyaning Groningenida ham katta gaz koni mavjud va u ham Yevropa uchun potensial energiya manbasi deb qaralmoqda. 2013 yil u yerdan 55 milliard kubmetr gaz qazib olingan. 2021 yilda esa qazib olish hajmi atigi 6,5 milliard kubmetrni tashkil etgan. Hududda gaz juda ko‘p, ammo qazib olish mahalliy aholi talabiga ko‘ra kamaytirilgan. Gap shundaki, groningenliklar gaz qazib olish hajmi oshishi oqibatida yerosti bo‘shab qolib, zilzila xavfi ortishidan xavotirlanadi. Shu sababli, hukumatdan gaz qazib olishni kamaytirishni talab qilishgan. Hozirgi birgina ta’minotchi tomonidan shantaj qilinayotgan inqiroz holatida Yevropa groningenliklarni qazib olish hajmini oshirishga ko‘ndirib ko‘rishi mumkin.

Ikkinchi variant. Ko‘mir, mazut va boshqa «yashil bo‘lmagan» energiya manbalari

2021 yilda Yevropa Ittifoqi 2030 yilda issiqxona effekti oqibatida yuzaga keladigan gazlar miqdorini 55 foizgacha kamaytirish maqsad qilingan rejani tasdiqlagandi. U vaqtda Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi haqida hech kim bilmagan va Rossiya YeI davlatlarining «gazini berishi» diplomatlarning tushiga ham kirmagandi. Vaholanki, buni taxmin qilish mumkin edi, chunki Rossiya bekordan bekorga o‘z hisobiga quvur tortib Yevropaga arzon gaz berib qo‘ymaydi.

Demak, ushbu «yashil» rejaga ko‘ra Yevropa davlatlari ko‘mir, mazut va havoni ifloslantiradigan boshqa vositalarni yoqib elektr energiyasi olishni asta-sekin kamaytirishi kerak edi. Ammo ketma-ket inqirozlar, Ukrainadagi urush mintaqa davlatlari ushbu «yashil» rejaga o‘tishiga imkon bermayapti.

Koronavirus inqirozidan tiklana boshlagan Yevropa sanoati o‘tgan yili 2017 yildan buyon ilk marta ko‘mirdan foydalanishni oshirdi va umumiy energiyaning 12 foizini ko‘mirdan oldi. Hozirgi inqiroz esa Germaniya, Fransiya, Italiya va Avstriya kabi boy davlatlarni rus gaziga muqobil o‘laroq ko‘mirda ishlovchi IESlarni qayta ochishga majbur qildi. Yevropa dizel va moyni yoqib elektr olish kabi yanada ko‘proq tabiatni ifloslantiruvchi energiya manbalariga qaytishi ham mumkin.

Xalqaro energetika agentligi rahbari Fotih Birolning aytishicha, hozir rus gazining o‘rnini bosish uchun ko‘mir va mazutdan foydalanaverish kerak. Tabiiy toza bo‘lmagan mahsulotlar tabiatga zarari ko‘p bo‘lishi bilan birga gazdek samarali ham emas. Aksar gazda ishlovchi IESlar mazutda ham ishlashi mumkin, lekin mazut yoqilsa, ularning samaradorligi 55 foizgacha tushib ketadi. Zamonaviy stansiyalarda esa 37-40 foizgacha. Bu esa elektr energiyasi qimmatlashib ketishiga, shuningdek, kerakli miqdorda energiya ishlab chiqarilmasligiga sabab bo‘ladi.

Ko‘mirli elektr stansiyalarni qayta ishga tushirish ham oson bo‘lmaydi, chunki ko‘mir ham qimmatlab ketgan, buning ustiga defitsit. Qo‘shimchasiga Yevropa iste’moli uchun 20 foiz ko‘mirni Rossiyadan oladi. YeI esa rus ko‘miriga embargo kiritib bo‘ldi.

Gazning o‘rnini bosadigan boshqa manbalarga birdaniga o‘tib bo‘lmasligini ham inobatga olish kerak. Masalan, Yevropadagi bitta xo‘jalik gazda ishlaydigan suv va uylarni isituvchi tizimini mazutda ishlaydiganiga almashtirish uchun 10-15 ming yevro sarflashi kerak. Xuddi shu tizimni elektrda ishlaydiganiga almashtirishga esa kamiga 15-20 ming yevroga tushadi.

Xalqaro energiya agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra ko‘mir va mazutga o‘tish orqali YeI yiliga 10 milliard kubgacha gazni tejashi mumkin.

Uchinchi variant. Atom energiyasi

Elektr energiyasi ishlab chiqarishda gazning o‘rnini atom elektr stansiyalari ham egallashi mumkin. Yevropa Ittifoqi davlatlari AESlarni 2023 yilgacha yopishga kelishib olgandi, ammo urush holatida bu cheklovni uzaytirib turish muammo emas. AESlar yordamida Yevropa gaz iste’molini oyiga 1 milliard kubgacha kamaytirishi mumkin. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqida AESlar ekologik toza energiya manbasi deb topilgan va unga investitsiya kiritishga ruxsat berilgan.

Rossiya gaziga bog‘lanib qolgan Germaniya 2021 yil uchta AESni buzdi va joriy yil oxirida yana uchtasini buzmoqchi. Nemislar AESlardan xalos bo‘lishda Yevropada yetakchi ekanini ko‘rsatish maqsadida atom reaktorlarini namoyishkorona portlatib yubordi. Aynan shu oltita AES Germaniya iste’mol qiladigan energiyaning 13,3 foizini berardi. Hozir mamlakatda mavjud AESlarni qayta ishga tushirish muhokama qilinmoqda.

Yevropa Ittifoqining «eng atomli» davlati Fransiya hisoblanadi. Dunyoda faqat AQShda Fransiyadan ko‘proq atom reaktorlari mavjud. Yaqingacha fransuzlar iste’moli uchun elektr energiyasining 70 foizini AESlardan olardi. Ammo bu yerda ham muammo paydo bo‘ldi: stansiyalardagi xavfsizlik tizimi korroziyaga uchradi. Shu sabab hozirda 12 ta AES ishlamayapti. Ta’mirlash yil oxirigacha davom etishi mumkin va shu sabab Fransiya energiya ishlab chiqarish quvvatini boshqa qiynalgan davlatlarga elektr beradigan darajada oshira olmaydi.

Yana 18 ta reaktorlari ta’mirlanayotgani hisobiga Fransiya mamlakat hududida mavjud 56 ta AESning yarmidan umid qilmasa ham bo‘ladi. Hozir Fransiya AESlar orqali energiya ehtiyojining 59 foizinigina qondira oladi, shu sabab mamlakat nafaqat boshqalarga yordam bera olmaydi, balki o‘zi yangi manbalar qidirishga tushgan.

Uzoq kelajakda Yevropani nima kutmoqda?

Neft va gaz sohasida ekspert Sergey Vakulenkoning fikricha, Yevropa yaqin 5-7 yil ichida to‘liq suyultirilgan gaz va boshqa ta’minotchidan olinadigan tabiiy gazni qayta ishlab elektr energiyasi olishga o‘tadi. Ozarboyjon bilan ko‘proq gaz sotib olish borasida kelishuvga erishildi. Shuningdek, O‘rta yer dengizi sharqidagi davlatlardan ham gaz olish varianti bor. Bu hududlarda Rossiyada bo‘lgani kabi juda katta gaz yo‘q, lekin Yevropa ehtiyojlari uchun yetadi.

Yangi ta’minotchilar Yevropadan loyihalarni qoplashga imkon berishi uchun uzoq muddatli shartnoma tuzishni talab qilishi ham muammo tug‘dirishi mumkin. Masalan, Yevropa endi Rossiyadan gaz olgani kabi shunchaki pulini to‘lab gazni olaverishi qiyin bo‘ladi. Ya’ni ta’minotchilar o‘tkazgichlar qurishni moliyalashtirishni talab qilishi mumkin.

Foto: Yevgeniy Feldman

Qayta tiklanuvchi energiya-chi?

Yevropa ancha yillardan buyon qayta tiklanuvchi energiya manbalari haqida bong uradi, lekin aftidan bu borada aytarli hech nima qilinmagan, faqat gapirilgan. Chunki bunday turdagi energiya Yevropa ehtiyojining atigi 10 foizini qondirmoqda, xolos. Rus gaziga qaramlikdan qutulish rejasida YeI quyosh va shamol elektr stansiyalariga tezroq o‘tish takliflarini ham bergan.

Aslida qayta tiklanuvchi energiya juda istiqbolli manba hisoblanadi. Agar Yevropa bu turdagi energiyadan eplab foydalana olsa, yiliga 6 milliard kub gazni iqtisod qilishi mumkin. 8-10 yil ichida Yevropa qayta tiklanuvchi energiya borasida katta o‘sishga erishishi ham kutilmoqda. Chunki hozirgi inqiroz holatiga nihoyat bu yo‘nalishga ham jiddiy qaray boshlashadi.

Rossiya gazni qisish orqali Yevropa davlatlarining «ko‘zini ochdi» deyish mumkin. Endi YeI davlatlari elektr energiyasi saqlash, AESlardan xavfsiz tarzda foydalanish borasida katta ishlar qilishi mumkin. Ammo bular 8-10 yilsiz samara bermaydi. Bundan tashqari, Yevropadagi ishlab chiqarish sohasi ham tubdan o‘zgarib ketishi, ko‘p energiya talab qiladigan ishlab chiqarishlar butunlay yo‘qolib ketishi mumkin. Neft-kimyo zavodlari, po‘latni qayta ishlovchi zavodlar, sement zavodlari, farmatsevtika va avtomobil ishlab chiqaruvchilar ham boshqa turdagi energiyaga o‘tkazilishi hech gap emas.

Ko‘proq yangiliklar: