Azimjon Jamolov – Toshkent shahridagi Abu Ali ibn Sino maktabining 11-sinf o‘quvchisi. U kimyo bo‘yicha Toshkentda may oyida o‘tkazilgan 56-Mendeleyev olimpiadasida oltin, Xitoyda o‘tkazilgan 54-Xalqaro kimyo olimpiadasida kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Azimjon O‘zbekistondagi maktablarda qotib qolgan yodlash usulidan voz kechib, o‘quvchilarning tushunish qobiliyatini rivojlantirish kerakligini aytadi.
“Qanday medal olishingdan qat’i nazar, bizning bolamiz bo‘lib qolaverasan”
— Ibn Sino maktabiga kirishdan oldin 9-sinfgacha 51-maktabda o‘qiganman. Onam uy bekasi, dadam bozorda tadbirkor. Oilamizda hech kim kimyo yo‘nalishiga bog‘liq emas, men birinchi bo‘ldim, desam ham bo‘ladi. Ota-onam mening o‘qishim uchun hamma sharoitni har doim yaratib berishga harakat qilgan. Qancha qiyin bo‘lmasin, o‘qishimiz uchun sarmoya kiritishdan bosh tortmagan.
Hayotda dadamga o‘xshashga intilaman, ularni etalon sifatida ko‘raman. Aynan kimyo olimpiadalari sohasida o‘qituvchim Behzod Boltayevga havas qilaman. Olimpiadaga qatnashayotganda, uydagilarimga qanday medal olishim muhimmas edi. Olimpiadaga chiqqanimning o‘zi ular uchun ham, o‘zim uchun ham katta narsa edi. Har doim menga: “Qanday medal olish yoki olmasligingning biz uchun ahamiyati yo‘q, har doim bizning bolamiz bo‘lib qolasan”, deyishgan.
“Qiyin bo‘lsa ham maqsadga halol yo‘l bilan yetish kerak”
— Qiyinchilik har doim bo‘lgan, maqsadga erishish kerak, eng keraklisi halol yo‘l bilan maqsadga erishish kerak. Tayyorlanishlar jarayonida charchadim degan vaziyat bo‘lgan, lekin to‘xtayman degan vaziyat bo‘lmagan.
Men ham o‘rtoqlarim bilan vaqt o‘tkazishni xohlardim. Lekin men qo‘ygan maqsad xohishlarimdan kattaroq edi. Chunki bu olimpiadada qatnashish bo‘yinga tushdimi, yurtning sharafini qattiq himoya qilish kerak.
Olimpiadadagi ishtiroki
— 56-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasi Toshkent shahrida, 54-Xalqaro kimyo olimpiadasi esa Xitoyda masofaviy tarzda bo‘ldi.
Onlayn olimpiadalarda hissiyotlar kamroq bo‘ladi. Xuddi har doim har kuni qilgan ishingizga o‘xshab qoladi. Oflaynda esa hayajon ko‘proq bo‘ladi. Olimpiada sinovlari 3ta turda bo‘ladi: 2ta turi nazariy va 3-turi amaliy laboratoriya ishi. Nazariy turlar javobi oldinroq aytiladi, laboratoriya turi natijasi noma’lum bo‘ladi.
56-Mendeleyev olimpiadasida ham shunday bo‘ldi. Ismimni aytmagunlaricha, oltin olaman deb o‘ylamayotgandim. Lekin umid bor edi. Laboratoriya turida terma jamoada umumiy hisob bo‘yicha 3-o‘rinda bo‘ldim. Va aynan shu laboratoriya turi meni kumushdan oltinga sakratdi. Eng ko‘p hayajonlanganim kumush medal e’lon qilinganda bo‘ldi. Chunki undan keyin oltin olishim aniq bo‘lib qolgandi.
“Yodlash tarafdori emasman”
— Xalqaro olimpiadalarda katta urg‘u mantiqiy fikrlashga beriladi. O‘quvchi u olimpiadada qatnashib, masalalarini yecha olishi uchun juda ko‘p narsani bilishi shartmas.
Yodlash tarafdori emasman, tushunib eslab qolganini afzal ko‘raman. Ya’ni u narsani tushunsa, o‘ziga qandaydir algoritm yaratib olsa, esidan chiqib qolgan vaqt, o‘sha informatsiyani qayta eslab olsa bo‘ladi.
Olimpiadalarda sovg‘aning ahamiyati haqida
— Mendeleyev olimpiadasi mintaqaviy olimpiada hisoblanadi. G‘oliblar aynan pul bilan rag‘batlantirilmaydi. Qimmatbaho sovg‘alar: kompyuter, televizor, planshet – shunga o‘xshash narsalar beriladi. Men sovg‘a uchun olimpiadaga qatnashmayman. Rag‘batlantirish ham bitta motivatsiya, hech narsa berishmasa ham xafa bo‘lmayman. Eng keragi – natija.
Men olimpiadada medal yoki noutbuk olish uchun qatnashmayapman. Maqsadim o‘zimga dunyodagi boshqa bolalardan qolishmasligimni isbotlash bo‘lgan.
“Kimyoni tibbiyot emas, muhandislik yo‘nalishida davom ettirmoqchiman”
— Medallarim O‘zbekistondagi deyarli barcha davlat oliygohlariga imtihonsiz kirish imkonini beradi. Men Yangi O‘zbekiston universitetida o‘qimoqchiman. Kimyoni tibbiyot emas, muhandislik yo‘nalishida davom ettirmoqchiman. Yangi O‘zbekiston universitetida o‘qitish tizimi mahalliy oliygohlarnikiga o‘xshamaydi. Ularda o‘qitish tizimi ancha eskirib qolgan. Va bu bizni orqaga tortyapti. Ta’lim tizimini o‘zgartirish uchun menimcha yangi kadrlar kerak. Chet el tajribasini o‘rganib kelgan o‘qituvchilar bu ishni qila oladi, deb o‘ylayman.
O‘qishni bitirganimdan keyin magistraturani xorijda o‘qimoqchiman. Albatta, qaytib kelish sharti bilan.
Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.
Tavsirchi va montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.