Bunda andijonlik dehqon A’zamjon Hayitboy o‘g‘li bizga yaqindan yordam berdi.
“Odatda ko‘rinishi chiroyli tarvuzlar shirin chiqadi. Shuning uchun dastlab uni ko‘rinishidan farqlab olish kerak.
Ikkinchi navbatda esa kindigiga qarab yaxshisini tanlash mumkin. Bunda kindigi kattalari yaxshi pishgan, kichiklari xomroq bo‘ladi.
Shuningdek, tarvuzni sotib olayotganda uning to‘nidagi chiziqlarga ham qarash kerak. Bu chiziqlar qanchalik katta va keng bo‘lsa, 100 foiz qip-qizil pishgan bo‘ladi.
Ko‘pchilik xaridorlar tarvuzni urib, tekshirib ko‘radi. Bunda agar tarvuzdan doiradek taranglagan tovush chiqsa, yangi va sifatli tarvuzni topdingiz hisob, aksi holatda esa u 3-4 kundan beri turgan yoki muddati o‘tgan sifatsiz tarvuz hisoblanadi.
Qolaversa, tarvuzning bandidan ham uning yangi yoki turib qolganligini bilish mumkin. Bandi qurib qolgani eskiligidan, dirkillagani bo‘lsa, yangiligidan dalolatdir.
Mabodo, tarvuzning tag qismida oq dog‘lari bo‘lsa, xavotirga hojat yo‘q. Bu uning sifatiga yoki ta’miga ta’sir qilmaydi. Shunchaki, quyosh ko‘rmagan, yerga tegib turgan tomonida oq dog‘lar paydo bo‘ladi”, – deya ta’kidlaydi suhbatdoshimiz.
“Eskitdan ota-bobolarimiz “poliz mevalarini tanlayotganda, qovunning og‘irini, tarvuzning yengilini ol” – degan. Biz shunga amal qilamiz”, – deya o‘z tavsiyalarini davom ettiradi A’zamjon Hayitboy o‘g‘li.
“Masalan, obi-novvotni oladigan bo‘lsak, uning sirtidagi to‘rlari qanchalik ko‘p bo‘lib, band bergan bo‘lsa, to‘liq pishgan hisoblanadi.
Ko‘kcha qovunida ham shunday, uning to‘rlariga e’tibor berish kerak. Faqat unda band bo‘lmaydi, agar band bergan bo‘lsa, u ezilib qolgan, pishib o‘tib ketgan sanaladi.
Hozir ayni pishiqchilik davrida bozorlarimizda xom tarvuz yoki qovunning o‘zi yo‘q”, – deydi dehqon.