Ma’lumki, shu kunlarda respublikamizning barcha hududlarida havo haroratining anomal isib ketishi natijasida ayrim hududlarda elektr qurilmalari va tarmoqlarida iste’mol yuklamasi ortishi hamda nosozliklar kelib chiqishi kuzatilmoqda. Shu bois, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev topshirig‘i bilan aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi korxona va boshqarmalarda ishlab chiqarish va qayta ishlash reja ko‘rsatkichlarini o‘z vaqtida bajarish maqsadida korxonalarning elektr ta’minoti tizimlari uzluksizligi va ishonchliligini ta’minlash bo‘yicha bir qator amaliy chora-tadbirlar jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda.
Anomal issiq natijasida yuzaga kelayotgan noqulayliklarni hamda elektr qurilma va tarmoqlardagi favqulodda holatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish maqsadida, “O‘zbekneftgaz” AJ Bosh energetik bo‘limi tashabbusi bilan hududlardagi korxona va boshqarmalarda avariyaga qarshi maxsus brigadalar tashkil etildi. Ushbu brigadalarga biriktirilgan mutaxassislar tun-u kun yuzaga kelayotgan barcha nosozliklarni zudlik bilan bartaraf etib borishmoqda.
Natijada yuqori va past kuchlanishli elektr taqsimlash qurilmalarida, transformator punktlarida, elektr yoritkichlarda va kommutatsion apparatlarda, shuningdek, havo va kabel elektr uzatish tarmoqlarida sozlash va ta’mirlash, ishchi holatini yaxshilash, texnik tekshiruv hamda sinash ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Barcha choralar texnologik qurilmalarning uzluksiz va bir maromda ishlashini ta’minlash, mamlakatimiz aholisiga yoqilg‘i energetika resurslarini uzluksiz yetkazib berish, shuningdek, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan avariyali uzilishlarning oldini olish hamda sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlanishida zamin yaratadi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ