O‘zbekiston 2020 yilda xalqaro moliya institutlaridan olgan kreditlardan 100 mln dollari limonchilik loyihalariga yo‘naltirilgan. Buni ta’minlash vazifasi prezidentning 2020 yil 19 fevraldagi qaroriga asosan Turonbank zimmasiga yuklangan.
Shunday loyihalardan biri Farg‘ona tumani Mindonobod dahasida amalga oshirilgan. Qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan 2,5 gektarda qad rostlagan issiqxona kam ta’minlangan, ishsiz, mehnat migratsiyasidan vataniga qaytganlarga 2 sotixdan, jami 125 oilaga berilgan.
Bunda 50 foizi subsidiya, qolgan teng yarmi ATB Turonbankning imtiyozli krediti evaziga taqsimlab berilishi rejalashtirilgan edi.
Farg‘ona tumani Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi bilan shartnoma tuzgan “Ustoz-shogird tomorqa xizmati” MChJ issiqxona qurilishini olib borgan.
Issiqxona qurib bitkazilib aholiga bo‘lib berildi ham. Ammo suv ta’minoti masalasi hal etilmagani sababli inshoot aholi uchun chin ma’noda muammoga aylandi. Yopilgan plyonkani shamol bir necha marta uchirib ketdi.
Aholi endi oyma-oy bankdan olingan kredit qarzini to‘lashga majbur bo‘lmoqda.
Tashlandiq holatga kelib qolgan issiqxonani ko‘zdan kechirish asnosida maydonga tutashgan namunali uyda yashovchi fuqarolardan biri shamol uchirib ketgan plyonka qoldiqlarini yoqayotganiga guvoh bo‘ldik. Uning aytishicha, plyonkaning shamolda hilpiratgan ovozi oila tinchini buzmoqda, tuni bilan uxlashga to‘sqinlik qiladi.
Maydon atrofiga ekilgan archalar esa allaqachon qurib qolgan.
Azizaxon Teshaboyevaga ham issiqxonadan 2 sotix yer ajratilgan. Daromad olishga ulgurmay, u bankdan olgan kreditni to‘lashga majbur bo‘lmoqda.
“Issiqxonadan fuqarolar foydalana olmayapti. Suv yo‘q, ekin ekishga imkon bo‘lsa-da sug‘ora olmaymiz. Chelaklab suv tashishga esa imkon yo‘q. Issiqxona 5 yilga kredit asosida berilgan. Hali ekin ekmagan bo‘lsak ham har oyga 100 ming so‘mdan kreditini to‘layapman.
Suv chiqarib berishda amaliy yordam berishlarini so‘rab bankka murojaat qilganmiz. Bank xodimlari esa hokimiyat va boshqa mutasaddilardan bu borada yordam so‘raganmiz. Suv chiqadi, deyishadi, lekin natija yo‘q”, – deydi u.
Dilshodjon Jumayev bir muddat Rossiyada ishlab, Vatanga qaytib kelib daromad olish maqsadida issiqxona oldi. Bahorda qalampir ekmoqchi bo‘lib issiqxonaga bordi. Holatni ko‘rib esa hafsalasi pir bo‘ldi.
“2020 yilda Rossiyadan qaytib issiqxona olgan edim. Daromad olmasimizdan 2 yildan beri kreditlarini to‘lab yuribmiz.
Issiqxonadan foydalanishning hali imkoniyati yo‘q. Bu yil erta bahorda qalampir ekmoqchi bo‘lib issiqxonaga bordim. Holatni ko‘rib fikrimdan qaytdim,” – deydi Dilshodjon Jumayev.
Hududdagi hokim yordamchisi Sherzod Normatov muammodan xabardorligini aytdi.
“Agar issiqxona ishlasa, hududimdagi 125 nafar fuqaro hamda ularning oila a’zolari bandligi ta’minlangan bo‘lardi. Aholi issiqxonani sug‘orish uchun suv ta’minoti mavjud emasligi haqida doim arz qiladi”, – deydi hokim yordamchisi.
“Yangi asr” MFY raisi Dilshod Karimovga ko‘ra, aholi tomonidan yerga ishlov berilgan, ekin uchun tayyorlab qo‘yilgan ham ekan.
“2022 yil iyun oyida hokim yordamchisi bilan birga issiqxonaga kelib holat bilan tanishdik. Aholi suv muammosi sabab ekin ekisha olmayotganliklarini aytishdi. Biz ularga tomchilatish texnologiyasi asosida sug‘orish ishlarini yo‘lga qo‘yish lozimligini tavsiya qildik. Aholi esa bochkada suv olib kelish qo‘shimcha chiqim bo‘lganini ta’kidlashdi.
Yer olganlarning ayrimlari go‘ng solishib ishlov ham berishgan. Suv yo‘qligidan esa hafsalalari pir bo‘lgan”, – deydi mahalla raisi.
Xo‘sh, 2,5 gektar maydonni egallagan issiqxonaning tashlandiq maskanga aylanib qolishining asl sababi nimada? Inshootning qurilish ishlari uchun mablag‘ yo‘naltirgan Farg‘ona tumani Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori Lochinbek Bahromov bilan suhbatlashdik.
“Markazimiz tomonidan 2020 yilda aholini band qilish bo‘yicha “Ustoz-shogird tomorqa xizmati” MChJ bilan shartnoma tuzilgan. 125 ta 2 sotixli issiqxonalar tashkil etish hisobiga shartnoma bo‘lgan. Shartnoma shartlari markazimiz tomonidan to‘liq bajarilgan. “Ustoz-shogird tomorqa xizmati” MChJ hisob raqamiga 2020 yil dekabr oylarida 836 million 250 ming so‘m pul mablag‘i o‘tkazib berilgan.
Bir sotixiga subsidiya asosida markazimiz, yana bir sotixini Turonbank Vodil bo‘limi moliyalashtirgan.
Shartnomaning 3.2 bandiga ko‘ra, dala tomorqa yer egalari tomonidan issiqxonada ekin ekilganining monitoringini olib borish quruvchi zimmasiga yuklatilgan.
“Ravshan Fayz Ta’mir” MChJ tomonidan issiqxona uchun tik quduq qazib berilgan. Shu quduqdan suv chiqadi.
Lekin “Ustoz-shogird tomorqa xizmati” MChJ umumiy suvni har bir issiqxonaga yo‘naltirish uchun ichki montaj ishlarini qilib bermadi.
Quduqdan suv chiqyapti. Quruvchi montaj ishlarini qilib bersa, muammo yo‘q”, – deydi markaz direktori.
“Ustoz-shogird tomorqa xizmati” MChJ rahbari Ahliddin Nabijonov bilan telefon orqali bog‘landik. U quvurlar o‘g‘irlanganini aytmoqda.
“Hisob raqamimizga 1 milliard 900 mln so‘mdan ortiq mablag‘ o‘tkazib berilgan. Suv tarmog‘i tortish ishlarini bajargan edik. Quvurlarni o‘g‘irlab ketishdi.
Issiqxonaga suv tarmog‘i, atrofiga plyonka tortib foydalanishga tayyor qilib qo‘ygan edik. Shamol plyonkani uchirib ketdi.
Plyonka tortish ishlariga o‘sha paytda 110 million sarflagan edim. Turonbank pul tushirib berishi kerak. Lekin hali mablag‘ tushmadi. Yana 90 million so‘m mablag‘imiz bankda turibdi”, – deydi u.
O‘zini (ismi va lavozimini) tanishtirishni xohlamagan Turonbank Vodil filiali xodimining ma’lum qilishicha, 2021 yil 22 yanvarda esgan kuchli shamol issiqxona plyonkasini uchirib yuborgan.
“Qoida bo‘yicha, tik quduqdan chiqayotgan suvni to‘g‘ridan to‘g‘ri ulab bo‘lmaydi. Nasosga kuch kelib kuyib qolish ehtimoli yuqori. Sug‘orishni suv minorasi orqali amalga oshirish kerak. Qazilgan tik quduqdan issiqxona ichkarisigacha suv tarmog‘i tortib kelish hamda suv minorasi qurishimiz lozim.
Mart oyida shamol uchirgan plyonka o‘rniga yangisi tortildi. Limon ko‘chatlari olib kelib ekmoqchi bo‘ldik. Lekin aholi suv yo‘q bo‘lgani uchun ko‘chatlarni ekishga qarshilik qildi. O‘rab qo‘yilgan plyonkani esa shamol yana uchirib yubordi. Hozirda smeta hujjatlari tayyorlanyapti. Suv minorasi va tarmoqqa tortish ishlari bank tomonidan moliyalashtirib beriladi”, – deydi u.
Farg‘ona tumani hokimining 1-o‘rinbosari Otabek Abdurahimov ikki yillik muammo “tez orada” hal bo‘lishini aytdi.
“Issiqxona uchun tik suv qudug‘i qazilib, suv chiqarilgan. Turonbank rahbariyatiga rahmat, suv minorasi o‘rnatish uchun mablag‘ ajratadigan bo‘ldi. Hozirda loyiha-smetasi shakllantirilyapti. Tez orada issiqxonaga suv chiqarib tarmog‘igacha tortib beramiz”, – deydi u.
Guvohi bo‘lganingizdek, issiqxonaning tashlandiq holga kelgani uchun javobgarlikni hech bir tashkilot zimmasiga olgisi kelmayapti.
Shu o‘rinda savollar tug‘iladi. Aholini ish bilan ta’minlash uchun milliardlab mablag‘ sarflangan. Issiqxona qurib bitkazilib aholiga bo‘lib berilgan. Nega sarflangan pullar ustidan oxirigacha nazorat olib borilmagan? Hosil yetishtirish uchun eng muhim bo‘lgan suv minorasi qurish ishlari nega kechiktirilgan?
Aholi hali daromadga kirmagan, daromadga kirishi ham gumon ostida bo‘lgan issiqxonaga kredit to‘lovini to‘lashga majbur.
Ko‘zbo‘yamachiliklar ortidan kim foyda qilib, kim zarar ko‘rayotganini bilib olish qiyin emas.
Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.