“Lekin men bu voqealarda o‘zbeklarni ayblamayman. Hech bir millat yomon bo‘lmaydi, har bir millatning esa yomon odamlari bo‘ladi. Farg‘ona voqealari oldindan rejalashtirilgani, qirg‘in qilgan jinoyatchilarga to‘la erkinlik berilgani ma’lum edi. Daraxtning ustiga qochib chiqib, atrofni kuzatganlarimni haligacha dahshat bilan eslayman. Vahshiylik shu darajaga yetdiki, yosh bolani boshi bilan yerga ko‘mib, oyog‘ini osmondan qilib qo‘yishgandi...”, – deya hikoya qiladi Farg‘onada tug‘ilgan, ayni paytda Turkiyada yashayotgan Arsen Nuri.
Millatchilik asosidagi ziddiyatlar shu qadar og‘riqli iz qoldiradiki, yillar ham unga davo bo‘la olmaydi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan Qoraqalpog‘iston voqealarida ham ayrim kuchlar mana shu jihatni qurol qilib, o‘rtaga pona qoqishga uringanlari bejiz emas. Bundan 33 yil avval bo‘lib o‘tgan Farg‘ona voqealari ham O‘zbekiston tarixida qonli dog‘ bo‘lib qolgan.
O‘shanda mesxeti turklariga mansub aholi hujumlarga uchragan, oqibatda ularning ko‘pchiligi o‘ldirilgan, omon qolganlarining aksariyati O‘zbekistonni tark etib, turli davlatlarga ko‘chib ketishgandi. Ayni paytda Antaliyada yashayotgan shu millatga mansub hamyurtimiz Arsen Nurining Kun.uz muxbiriga so‘zlab bergan hikoyasi ham juda ta’sirli.
– Arsen, Farg‘onani qanday manzaralar bilan eslaysiz?
– Farg‘onani haligacha entikib eslayman. O‘zbekiston men tug‘ilgan, hanuz talpinadigan mamlakat. Bolaligim shu shaharda o‘tdi. Bitta ko‘chada ruslar, tatarlar, o‘zbeklar, yunonlar va boshqa millatlar ahil-inoq yashardik. Farg‘ona yam-yashil, go‘zal va zamonaviy shahar, taomlari, nonlarining ta’mi dunyoda topilmaydigan maskan sifatida yodimda qolgan. Biz u yerda xotirjamlik va eminlikda kun kechirganmiz. Afsus, hammasi bir necha kunda ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketdi.
– Tarixga “Farg‘ona voqealari” nomi bilan kirgan bu kunlar haqida so‘zlab bering.
– Har bir millatning sinovli kunlari bo‘ladi. Lekin yaratganning bizning millatdoshlarimizga atagani ko‘proq ekan nazarimda. Mesxeti turklari dunyo bo‘ylab sochilib ketishgan. O‘zbekistonga ham surgunlar bilan kelib qolganmiz va shu yerda qo‘nim topganmiz. Qaysidir yaramas kuchlarning kasriga bizni shunday vatandan ham mosuvo qilishdi.
1989 yilning yozida vodiyning bir nechta nuqtalarida, avval Namangan va Qo‘qonda, keyinchalik Farg‘onada bu voqealar bo‘lib o‘tdi. Bundan oldinroq g‘alati voqea esimda qolgan. Mening bobom kolxozda rais bo‘lgan va uning mehmonxonasi devorida ikkita qadimiy miltiq osig‘liq turardi. Uning yaqin tanishi kelib o‘sha miltiqlarni so‘radi. Bobom hayron bo‘ldi va bermasligini aytdi. Ammo qayta-qayta so‘rayverdi, bermaganidan keyin hatto qo‘rqitishga o‘tdi.
Shunda bobom otam va amakilarimni chaqirib, bunday talab sababidan xavotirlanayotganini bildirgandi. Yana bir muhim jihat – qirg‘indan ma’lum muddat oldin amnistiya e’lon qilindi. Juda ko‘p og‘ir jinoyat sodir etib qamalganlar ham ozodlikka chiqishdi. Shundan keyin bir necha kun o‘tib notinchliklar yuz berdi. Ular shu qadar tez boshlandiki, ko‘pchilik nima bo‘layotganini tushunishga ulgurmadi hatto. Qisqa muddat ichida bobomni o‘ldirishdi, keyin amakimni... Yoshgina jiyanimni zo‘rlab ketishdi. Men, yosh bola daraxt ustiga chiqib yashiringanman. Hovlida bir bolakayni boshi bilan yerga ko‘mib, oyog‘ini chiqarib qo‘yishgani hamon yodimdan chiqmaydi.
Eng dahshatlisi, hukumat bizga umuman yordam bermadi. Harbiylar kelishganida esa kech bo‘lgandi. Juda ko‘pchilik qirilib ketdi. Rasmiy ma’lumotlarda 103 kishi, 52 mesxeti turki va 32 nafar o‘zbek o‘lgani aytiladi. Lekin men bunga ishonmayman, o‘lganlar ancha ko‘p bo‘lgan.
Bizni to‘plab lagerga joylashtirishdi. Keyin har qayoqqa tarqatib yuborishdi. Shu tarzda O‘zbekistonda halovat topgan bir millat sochilib ketdi. Biz Rossiyaga bordik va bir yil yashadik. Ammo otam u yerning madaniyatiga ko‘nika olmadi, keyin Turkiyaga keldik. Mana, shuncha yildan beri shu yerdamiz.
– Bo‘lib o‘tgan voqealar tufayli o‘zbeklarga munosabatingiz o‘zgarganmi?
– Yo‘q! Men bu voqealarda o‘zbeklarni ayblamayman. Hech bir millat yomon bo‘lmaydi, har bir millatning esa yomonlari bo‘ladi. Farg‘ona voqealari oldindan rejalashtirilgani, qirg‘in qilgan jinoyatchilarga to‘la erkinlik berilgani ma’lum edi. Biz o‘zbeklar bilan juda ahil edik. U buzg‘unchi kuchlarning millati yo‘q, ularni umuman inson hisoblamayman ham.
Farg‘onada haligacha amakivachcham yashaydi. Men do‘stlarim, qarindoshlarim bilan aloqadaman. Men hamisha farg‘onalik bo‘lib qolaman, pasportimga ham bu yozilgan. U yerda hovlimiz qolgan, o‘tgan yili borib, hovlimizni o‘z nomimga rasmiylashtirib keldim. Vaqtlar kelib balki tug‘ilgan yurtimga qaytarman, o‘sha hovlini obod qilib, xotirjam yasharman, Alloh biladi...
– Oilangiz haqida so‘zlab bering.
– Rafiqam Ukraina ruslaridan. Qizig‘i, uning ham yurti hozir og‘ir sinovda. Biz Rossiya urush boshlashidan oldinroq Ukrainaga borib kelgandik. Qaytganimizdan biroz vaqt o‘tib bu voqealar yuz berdi. Prezident Erdo‘g‘an Ukrainadan millatimizga mansub 6,5 ming nafar insonni ko‘chirib olib keldi va barcha sharoit bilan ta’minladi.
Antaliyada keksa onam va oilam bilan yashayman, Allohga shukr, farzandlarim ulg‘aymoqda. Siz mehmon bo‘lib turgan Kemer tumanida mehmonxona menejyeri bo‘lib ishlayman. Bu yerga o‘zbekistonliklar ko‘p kelishadi va ular bilan suhbatlashib, Farg‘onani yodga olaman.
Abror Zohidov suhbatlashdi,
Antaliya, Kemer.