"Biznesga kirib kelishingiz qanday bo‘lgan?" degan savolga javob berar ekan, Ilhom Begimqulov quyidagilarni so‘zlab berdi:
- Ota-onam tadbirkor emas, o‘zim ham uzoq yillar zavodda ishchi bo‘lib ishlaganman. Ilk bor biznes bilan shug‘ullanishni boshlaganda 10 000 dollarga tushib bankrot bo‘ldim. Yana zavodga qaytdim, ikki yil davomida yemay ichmay qarzimni to‘ladim. Lekin shaxsiy biznesimga ega bo‘lish istagi yana qarz olib yangi biznesni boshlashga undadi. Afsuski bu safar ham omad kulib boqmadi, 40 000 dollar qarzga kirdim. Dunyo ko‘zimga qorong‘i bo‘lib ketdi, endi 10 yil qarz to‘lash haqida o‘ylab hatto o‘zimni o‘ldirish fikriga ham tushdim.
Farzandlarim, ota-onamni o‘ylab bu fikrdan qaytdim, yaqinlarimning daldasi, ustozlarimning ko‘rsatmalari bilan yana biznesni davom ettira boshladim. Tun-u kun ishga sho‘ng‘ib ketdim, hatto to‘yib uxlashga imkon bo‘lmadi. Natijada yana katta falokat ro‘y berdi. Rulda uxlab qolishim oqibatida avtohalokatga uchradim. Mashinam yonib ketdi, mashinaga qo‘shilib ichidagi pullar, hujjatlarim va 400 ta abituriyentning asl nusxa hujjatlari ham yonib kul bo‘ldi. Men urilgan mashina ham yondi, uning ichidagi tuxumlar pishib qoldi. Xonavayron bo‘ldim. Oyog‘im uch joyidan singani sabab ikki oy kasalxonada qolib ketdim. Avtohalokat menga 60 000 dollarga tushdi. Ustimdan arizalar yozishdi, Ichki ishlar organlari aralashdi.
Tadbirkorga kuchli iroda, sabr-matonat, qat’iyatlilik kabi sifatlar o‘ta zarur ekan. Agar shu sifatlar bo‘lmaganida ortga tisarilib ketgan bo‘lardim. Ammo boshlagan ishlarimni tugatish, qarzlarimni uzish, odamlar oldidagi mas’uliyatimni bajarish maqsadida yaqinlarimdan yana qarz olib ishni davom ettirdim. Do‘stim Ulug‘bek bilan viloyatma-viloyat yurib, 90-95 foiz hujjatlarni qayta tiklab, o‘qishlarga joyladik. Fursatdan foydalanib, meni ko‘rib turgan bo‘lishsa ularning barchalaridan uzr so‘rayman.
- Hozirgi kunda biznesingizda qanday natijalarga erishdingiz?
- Bugungi kunda biz asos solgan "Asia Consult Holding"da 300 ga yaqin xodim ishlaydi, O‘zbekiston bo‘ylab 26 ta filialimiz bor, o‘tgan uch yil ichida 10 000 dan ortiq talabani chet davlatlariga o‘qishga jo‘natdik, Singapur, Malayziya, Turkiya, Xitoy, Rossiya, AQShdagi o‘quv dargohlari bilan shartnomalarimiz bor, 10 dan ortiq davlat, 40 dan ortiq institutlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlayapmiz. Qaysi davlatga borsak talabalarimiz bor, kutib olishadi, ko‘rishamiz, ko‘nglim ko‘tariladi. Xudoga shukr, o‘sha qiyinchiliklardan keyin boshlagan ishlarimiz yurishib ketdi.
- Kompaniyangizning oldiga qo‘ygan maqsadlari haqida aytib bersangiz.
- Rivojlangan davlatlar tajribasini ko‘radigan bo‘lsak faqat mutaxassis tayyorlash bilan ish bitmas ekan, agar mutaxassis tayyorlasangiz, faqat mutaxassis ish bilan ta’minlanadi, agar tadbirkorlarni, biznesni boshqara oladigan insonlarni tayyorlasangiz ularning har biri yuzlab, minglab odamlarni ish bilan ta’minlaydi. Bugungi kunda "Biznes maktab" ga asos soldik. Maqsadimiz orttirgan bilim va tajribalarimizni yoshlarga ulashish. Strategiyamiz bo‘yicha yetarlicha tadbirkorlarni yetishtirib chiqarsak, 2030 yilga borib "Mardikorlik, xayr endi" nomli bayram o‘tkazsak bo‘ladi.
To‘liq suhbatni YouTube kanalimizda ko‘ring.
Murojaat uchun:
Telegram: @ilxom_begimkulov
Telefon: +99855 503 10 10
Sayt : ilxombegimqulov.uz