Inson miyasiga o‘rnatilgan chip, rulsiz taksi va sayyoralararo kosmik poyezd – hafta texnodayjesti

Fan-texnika 21:58 / 23.07.2022 52416

Sudyaning robot maslahatchisi

Foto: Shutterstock

Xitoy mamlakatdagi sud tizimini yaxshilash uchun sun’iy intellektdan foydalanadi. Zamonaviy texnologiya allaqachon qonunlar tavsiya etish, hujjatlarni tayyorlash va qaror qabul qilishdagi xatolarni aniqlash bilan shug‘ullanmoqda.

E’tiborli jihati, sudyalar har bir ish bo‘yicha AI bilan maslahatlashishlari kerak. Agar ular “robot” tomonidan tavsiya etilganidan boshqacha harakat qilsa, tushuntirish xati yozishlariga to‘g‘ri keladi.

Pekinda ushbu tizim qo‘llanmoqda. Tanqidchilar AI “jazolash” huquqini qo‘lga kiritgani va odamlar ustidan hukmronlik qila boshlaganini ta’kidlamoqda.

Avvalroq, Xitoyning Shanhay shahrida “raqamli prokuror” xizmatlaridan foydalanilayotgani xabar qilingandi. Sun’iy ong 17 mingdan ortiq ishni o‘rganib chiqib, prokurorlik qobiliyatiga ega bo‘lgan va 97 foiz aniqlikda ayblov e’lon qilgan.

40 mingta virtual ish o‘rni

DfSJnd1DrL2x0X_RtrgyznB_2vqW-_wc.jpg (1200×800)
Foto: Angel Garcia/Bloomberg

Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahri hokimligi besh yil ichida 40 mingta virtual ish o‘rni yaratish va budjetga 4 mlrd dollar keltirishi mo‘ljallangan “Dubay metakoinoti” loyihasi ishga tushirilganini e’lon qildi

Strategiya besh yil ichida Dubaydagi blokcheyn-kompaniyalar sonini besh baravarga ko‘paytirishga qaratilgan. Hukumat foydalanuvchilar uchun xavfsiz va ishonchli platformalarning global standartlarini ishlab chiqish hamda infrastruktura yaratish ustida ish olib bormoqda.

Sayyoralararo tezyurar kosmik poyezd

Foto: Kajima Corporation

“Kajima Construction” kompaniyasi va Yaponiyaning Kioto universiteti tadqiqotchilari tezyurar poyezdni koinotga olib chiqish loyihasi ustida ishlashmoqda.

Qayd etilishicha, hamma ish ko‘ngildagidek bo‘lsa, odamlar boshqa sayyoralarga poyezdda borishi mumkin bo‘ladi. Bu borada dastlab Mars va Oyga odamlarni yuborish rejalari e’lon qilingan.

Inqilobiy g‘oya mualliflarining fikricha, kosmik poyezd olti vagondan iborat bo‘ladi. Kosmosdagi harakat paytida esa uning barcha qismlari bitta kapsulaga ulanadi.  

Ba’zi ekspertlarning fikricha, bunday loyihani amalga oshirish uchun kamida 100 yil kerak bo‘ladi. Shunday bo‘lsa-da, yaponiyalik tadqiqotchilar 2050 yilgacha o‘zlarining kosmik ekspressi prototipini ommaga taqdim etishga va’da berishmoqda.

O‘zini o‘zi boshqaradigan yangi rulsiz taksi

Xitoyning Baidu kompaniyasi o‘zini o‘zi boshqaradigan taksi xizmati Apollo Go’ni namoyish etdi.

Ma’lum qilinishicha, Apollo RT6’ning bahosi 250 ming yuan (31 ming funt sterling) bo‘ladi. Bu narx avvalgi modellarga qaraganda ancha arzon hisoblanadi. Mashinaning boshqaruv texnologiyasi 20 yillik tajribaga ega haydovchiniki bilan teng, deya baholangan.

“Xarajatlarning katta qismini qisqartirish bizga Xitoy bo‘ylab o‘n minglab avtomatlashtirilgan transport vositalarini joylashtirish imkonini beradi”, deya ta’kidladi kompaniyaning hammuassisi va bosh ijrochi direktori Robin Li.

Apollo RT6 2023 yilning ikkinchi yarmidan xizmat ko‘rsata boshlashi mumkin. Ushbu ko‘rsatkichni 2025 yilgacha 65ta shaharga, 2030 yilgacha esa 100 ta shaharga yetkazish reja qilinmoqda.

Ma’lumot uchun, 2018 yilda Xitoy robotlashtirilgan avtomobillarni butun mamlakat bo‘ylab sinovdan o‘tkazishga ruxsat bergan edi. 2021 yil noyabridan Baidu Pekinda o‘zini o‘zi boshqaradigan tijorat taksi xizmatini ishga tushirgan.

Inson miyasiga chip o‘rnatildi

Foto: Synchron

Nyu-Yorkdagi tibbiyot markazida amiotrofik lateral skleroz bilan og‘rigan bemor miyasiga neyrochip joylashtirildi. Qurilma fikrlarni o‘qiydi va kompyuterga buyruqlar beradi: bemor Internetdan foydalanishi, matn yozishi va elektron pochta orqali muloqot qilishi mumkin.

Neyrochip Synchron startapi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, allaqachon Avstraliyadagi to‘rtta bemorga implantatsiya qilingan va hech qanday nojo‘ya ta’sir ko‘rsatmagan.

Startap o‘zining Stentrode qurilmasini 2016 yilda taqdim etgan edi. Neyrochip silindrsimon ichi bo‘sh simli to‘rga o‘xshaydi va bosh suyagini kesmasdan miyaga joylashtirilishi bilan ajralib turadi.

Samarqandda 5G tarmog‘i sinovdan o‘tkazilmoqda

Foto: Flickr

Samarqand turizm markazida 5G tarmog‘ini test qilish boshlangan. Bir qancha sinovlar davomida 5G tarmog‘ida internetdan yuklab olish tezligi 896 mb/sekundgacha, internetga yuklash tezligi esa 113 mb/sekundgacha ko‘tarilgan.

“Ushbu markaz nafaqat xalqaro tadbirlar o‘tkaziladigan va turistlar yaxshi dam oladigan joy bo‘lmoqda, balki O‘zbekistonda birinchi marotaba barcha mobil aloqa operatorlari hamkorlikda antenna infratuzilmasini bitta machtada ko‘tarib, binolar ichida ham Active DAS tizimini hamkorlikda ishlatib, yuqori tezlikdagi sifatli xizmatlar ko‘rsatishlariga imkon yaratilmoqda”, deb yozgan AKT vaziri. 

Ko‘proq yangiliklar: