Mamarizo Nurmurodov: “Yilning ikkinchi yarmida energiya narxlari oshishini kutmayapmiz”

Iqtisodiyot 17:32 / 22.07.2022 15572

O‘zbekistonda iyul oyidan elektr energiyasi hamda tabiiy va suyultirilgan gaz narxlari oshirilishi kutilgan edi, biroq hukumat bu boradagi rejalarni noma’lum muddatga kechiktirdi.

Kun.uz muxbiri 21 iyuldagi matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodovdan energetika tariflari o‘zgarmay qolishini qanday baholashi va tariflarning inflyatsion kutilmalarga ta’siri haqida so‘radi.

Ma’lum bo‘lishicha, Markaziy bank yil oxirigacha inflatsiya darajasi 12-14 foizlik koridorning quyi chegarasi atrofida shakllanishi bo‘yicha prognozida energiya narxlari oshishini hisobga olmagan.

“Yil oxirigacha inflatsiya 12 foiz doirasida shakllanadi deganda tariflar yilning ikkinchi yarmida o‘zgarishini hisobga olmadik. Ya’ni biz o‘zimizning hisob-kitoblarimizda tariflar bugungi kun darajasida ma’lum bir korrektirovka bo‘lishi mumkin,(hokimiyatlar va boshqalar beradigan ichki lokal tariflar bor), biroq hukumat darajasida biz tariflar yil oxirigacha o‘zgarmasa kerak, degan mulohazadan kelib chiqib, 12 foizlik prognozni belgiladik”, – deydi Nurmurodov.

Unga ko‘ra, Markaziy bank may oyidagi hisob-kitoblarida tariflar o‘zgarishi inflatsiyaga 2 – 2,4 foiz ta’sir qilishini kutgan.

“Hozir bu ta’sir o‘z-o‘zidan minimallashib, bizga 12 foizlik inflatsiyani xulosa qilishga imkon berdi”, – deydi MB raisi.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank boshqaruvi 21 iyul kuni yillik asosiy stavkani 1 foiz bandga pasaytirib, yillik 15 foiz darajasida belgiladi.

Regulyator YaIM bo‘yicha kutilmalarni ham yaxshiladi – yil yakuni bo‘yicha YaIMning real o‘sishi 5,0-5,5 foiz atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda (avvalgi prognoz 3,5–4,5 foiz edi).

Inflatsiya bo‘yicha 2022 yilga 7-8 foizlik, 2023 yilga 5 foizlik targetlar mos ravishda 2023 va 2024 yillarga ko‘chiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: