10-18 iyul kunlari Armaniston poytaxti Yerevanda 33-Xalqaro biologiya olimpiadasi bo‘lib o‘tdi. Dunyoning 64 davlatidan qatnashgan 256 nafar yoshlar orasidan O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, Toshkent pediatriya instituti qoshidagi akademik litsey o‘quvchisi Aziza Abduvaliyeva bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Aziza o‘tgan yili 32-Xalqaro biologiya olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritgandi. Jizzaxlik yosh biolog qiz Kun.uz'ga bergan intervyusida xalqaro toifadagi nufuzli olimpiadaga tayyorgarlikdan tortib, medalni qo‘lga olgungacha bo‘lgan voqealar, jarayonlar, hissiyotlari bilan bo‘lishdi.
“Tarixchi bo‘lib ketishim ham mumkin edi”
— Oilamizda dadam aniq, oyim esa tabiiy fanlarga qiziqadi. Har safar oyimning ishxonasi, poliklinikaga borganimizda bemorlar qanday tuzalib, minatdorlik bildirib, chiroyli duo qilishlarini ko‘rib, juda xursand bo‘lamiz. Shunda mendan qaysi kasbni tanlashimni so‘rashganida, men oyimga o‘xshab shifokor bo‘lishimni aytardim.
Keyinchalik, 5-sinf vaqtlarimda tarix fanini juda katta ishtiyoq bilan o‘qidim, ustozimiz shijoat bilan o‘qitar edi. Maktabga faqat shu fan uchun borardim, desam ham bo‘ladi. Balki shu o‘qituvchim ketmaganida tarixchi bo‘lib ketishim ham mumkin edi. 6-sinfdan biologiyaga qiziqa boshladim, 7-sinfdan olimpiadalarga bordim, yaxshi natijalarni qo‘lga kiritdik. Shu tariqa, bunday ko‘zimni ochib qarasam, biologiya sohasining ichida ekanman.
“Musobaqaga ilk marta oflayn qatnashdim”
— Xalqaro biologiya olimpiadasi pandemiya sababli 2 yil davomida onlayn o‘tkazib kelingan. 2021 yilda Portugaliya mezbonligida o‘tgan onlayn musobaqada ishtirok etganman, lekin oflayn shaklda birinchi marta qatnashishim. Musobaqaning oflayn o‘tayotgani men uchun ham yangilik bo‘ldi.
“Xalqaro darajadagi ustozlarimdan dars oldik”
— Olimpiaga tayyorgarlik xalqaro darajadagi ustozlar bilan o‘tdi. 2 yil davomida ulardan o‘rgandik. Xalqaro darajadagi ustozlarning darsi baribir boshqacha bo‘ladi. O‘zimizning bilgan-bilmaganlarimizni o‘rganib, hayajonimizni bosdik.
To‘g‘risini aytaman, xalqaro darajadagi ustozlarning darslari mana shu xalqaro olimpiadada katta yordam berdi.
“Olimpiada o‘tmaguncha deyarli hech kim bilan tanishmadim”
— Musobaqaga ketishimizga 1 hafta vaqt qolganida ichimda: “Uyga borib, uydagilarimni ko‘rishim kerak”, degan fikr paydo bo‘ldi. Qarasam, tayyorgarliklarim yaxshi emas. Keyin uyga, Jizzaxga borib, ota-onam, bobo-buvilarimning duolarini olib, shu tariqa Armanistonga uchdik.
Borgandan keyin o‘sha yerning muhitiga, ob-havosiga moslashish uchun barchamizga 2 kun vaqt berildi. Hamma qatnashuvchilar bir-biri bilan tanishayotgan vaqtda men chalg‘imay deb xonadan chiqmay o‘tirardim.
Tayyorgarlik bilan bo‘lib, hatto musobaqa tugamagunicha deyarli hech kim bilan tanishmadim. Imtihon tugab, hammamiz natijani kutayotgan vaqtda xonadoshimning ismini so‘radim. To‘rt kundan beri bitta xonada turib, tanishmagandim. Ismi Karena ekan, keyin tanishib, qayerdanligini so‘radim.
Imtihonlar o‘tmaguncha yelkadagi mas’uliyat og‘irlashsa og‘irlashadi, lekin kamaymadi-da. Sizni u yerda Aziza deb eslab qolishmaydi, faqatgina qaysi davlatdan kelganingizni eslab qolishadi. Sizga qarab, O‘zbekistondagi ta’limga baho berishadi. “Sen bu yerda o‘zing uchun emas, ortingda turgan bayrog‘ing uchun harakat qilyapsan”, deyishdi. Shu sabab ham hayajon, mas’uliyat katta bo‘ldi deb o‘ylayman.
“Bu yergacha yetib kelishning o‘zi g‘alaba”
— Xalqaro olimpiadada qatnashib, kelajak hayot uchun bir zinani bosib o‘tish mumkin. Chunki u yerda juda ko‘plab do‘stlar orttirish mumkin. Xalqaro biologiya olimpiadasining vitse-prezidenti ham ochilish marosimida mana shunday tarzda tanishib qolgan yoshlar, keyinchalik professor darajalarini olib, birgalikda turli kashfiyotlarni qilgani haqida gapirdi.
O‘shanda ichimdan bu yergacha yetib kelganimiz bekorga emasligi, buning o‘zi bir g‘alaba ekani o‘tdi.
“Kumush olishimga 3 ball yetmadi”
— Olimpiadada natijalar eng quyidan yuqoriga qarab o‘qiladi. Yopilish marosimida mana shu ro‘yxatni o‘qishni boshlashdi, shunda uchinchi bo‘lib mening ismim o‘qildi. Hayajondaman, xursandman, ammo bronza olganlarning quyisidaman.
Sahnaga chiqdim, qo‘llarim qaltirayapti, hamma joy yorug‘, lekin hech narsani ko‘rmayapman. Keyin ustozimdan past natija uchun uzr so‘radim. Ammo bilsam, kumushga 3 ball yetmagan ekan, boshlovchi ro‘yxatni yuqoridan pastga qarab o‘qigan ekan.
Albatta, bronzaning yuqorisi bilan quyisining farqi bo‘ladi. Tayyorgarligim yaxshi edi, hayajonlanganim sabab ballarni yo‘qotdik, ammo bu hayotimdagi unutilmas tajribalardan biri bo‘ldi.
“Vaqtni boy bermaslik kerak”
— Vaqtni boy berish kerak emas. Misol uchun, soatga qarab, o‘qishim kerak deyman. Yana 5 daqiqa deb, boshqa narsalarga ham chalg‘ib qolaman. Keyin esa kech bo‘ladi, hech narsaga ulgurmaysiz.
Demoqchimanki, vaqtni jilovlasak, unga egalik qilishimiz mumkin. Unga egalik qilolmas ekanmiz, vaqt bizga hukmini o‘tkazaveradi. Shuning uchun o‘zimning tengdoshlarimga dangasalikni yengib, vaqtni to‘g‘ri taqsimlashni maslahat bergan bo‘lardim.
Intervyuni to‘liq holda YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi – Muhiddin Nido