O‘zbekistonda yoqilg‘i mahsulotlari – benzin va dizel sezilarli qimmatlashdi. Shoxobchalarda AI-80 markali yoqilg‘i narxi 8600 so‘mgacha yetgan. Shu bilan birga, benzin taqchilligi muammosi paydo bo‘ldi – hatto poytaxtda ham.
Toshkentdagi yirik AYoQSh tarmoqlari va 30dan ortiq yakka shoxobchalardagi narxlarni monitoring qilib boradigan Golden Pages ma’lumotiga ko‘ra, iyul oyiga kelib shahardagi 10dan ortiq shoxobchada benzin yetishmovchiligi kuzatilgan.
“O‘zbekneftgaz” o‘z shoxobchalarida narxlarni o‘zgartirmaganini aytmoqda. Kompaniya so‘nggi bor may oyi oxirida AI-80 narxini 6500 so‘mdan 6800 so‘mga oshirgan – yil boshidan beri o‘sish 4,5 foiz. Toshkentdagi boshqa shoxobchalarda esa yil boshidan buyon AI-80 qimmatlashishi 5,5 foizgachani tashkil etdi (6 iyul holatiga – Golden Pages narxlar bo‘yicha so‘nggi monitoringni shu kuni o‘tkazgan).
Benzin importi qisqargan
8 iyul kuni “O‘zbekneftgaz” xususiy shoxobchalarda narxlar oshayotganini yuqori oktanli benzin importi qisqargani bilan izohladi.
Unga ko‘ra, import kamayib, yuqori oktanli benzinning qimmatlashishi mahalliy AI-80 narxiga bosimni yuzaga keltiryapti. Oddiyroq aytganda, katta miqdorda import qilinadigan AI-91 va undan yuqori markali benzin qimmatlashgach, haydovchilarning bir qismi AI-80 quyishga o‘tmoqda, bu segmentda talabning oshishi esa narx ko‘tarilishiga olib kelyapti.
Izohda qo‘shimcha qilinishicha, iyul oyining dastlabki 7 kunida respublikada AI-80 markali benzinga talab o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,2 barobarga ko‘proq bo‘lgan.
Kun.uz benzin importi bo‘yicha ma’lumot so‘rab, Statistika qo‘mitasi matbuot xizmatiga murojaat qildi, biroq uch kun davomida javob olmadi.
Ishlab chiqarish hajmida jiddiy o‘zgarish yo‘q
Statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, yilning birinchi yarmida avtomobil benzini ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,8 foizga oshgan (562,7 ming tonnaga yetgan). 2021 va 2022 yillarning may-iyun oylari statistikasini alohida taqqoslaganda ham aytarli farq ko‘rinmaydi.
O‘zbekistonda benzin asosan Buxoro va Farg‘onadagi neftni qayta ishlash zavodlarida ishlab chiqariladi (shuningdek, Oltiariqda ham NQZ bor). “O‘zbekneftgaz” axborotiga ko‘ra, 5 iyul holatiga kompaniya tasarrufidagi Buxoro NQZ avtobenzin (109,5 %) va dizel yoqilg‘isi (113,2 %) bo‘yicha 2022 yilgi prognoz ko‘rsatkichlarini ortig‘i bilan bajargan.
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi faoliyati esa, Kun.uz Energetika vazirligidan olgan ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi oylarda sezilarli sustlashgan.
FNQZ iyun oyida ishlab chiqarishni keskin kamaytirgan: bu oyda ishlab chiqarilgan benzin miqdori (9,9 ming tonna) 6 oy davomidagi o‘rtacha oylik ko‘rsatkich (15,9 ming)ning atigi 62 foiziga teng.
Tovar-xomashyo birjasidan Kun.uz'ga ma’lum qilishlaricha, Farg‘ona NQZ iyun oyida birjaga 1739 tonna benzin chiqargan (barchasi – AI-80). Bu – zavod iyun oyida ishlab chiqargan benzinning 11 foiziga teng. (Qonunchilikka ko‘ra, neftni qayta ishlash zavodlari Ai-80 markali benzinni ichki bozorga faqat birja orqali sotishi mumkin).
Zavod faoliyatining susayishi xususiylashtirishdan keyingi oyga to‘g‘ri keldi: may oyining oxirida Farg‘onadagi zavod “Sanoat energetika guruhi” MChJga sotilgan edi. Kun.uz ishlab chiqarish hajmining kamaygani va mahsulotning birjaga chiqarilishi borasidagi savollar bilan “Sanoat energetika guruhi” va FNQZ matbuot xizmatlariga xat yo‘lladi (kompaniyalar vakillari tezkor javob taqdim etilmasligi, so‘rovlar rasmiy xat shaklida bo‘lishi kerakligini bildirdi).
UPD. SEG: Farg‘ona NQZ iyunda benzin ishlab chiqarishni kamaytirgani zavod modernizatsiyasi bilan bog‘liq
Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozim, 2022 yildan boshlab yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari neft va gaz uchun 2-3 barobarga kamaytirilgan (faqat xususiy kompaniyalar uchun), bundan maqsad – ko‘proq konlarni o‘zlashtirib, mahsulot hajmini ko‘paytirish ekani aytilgan edi. Bunday yirik imtiyoz bozorda taklifni ko‘paytirishda qanchalik samara bergani tahlil qilinishi yoki qilinmasligi noma’lum, biroq shunisi ma’lumki, O‘zbekistonda qazib olinadigan neftning 80 foizi xususiy kompaniya bo‘lmish “Sanoat energetika guruhi” hissasiga to‘g‘ri keladi.
Dizel masalasi yanada jiddiyroq
Yanvar oyidan beri birjada Ai-80 benzini narxi 11 foizga oshgan bo‘lsa, dizel narxidagi ko‘tarilish salkam 50 foizga yetgan.
1 tonna dizel yil boshida birjada 10,8 mln so‘mdan, 20 iyulda esa 16,1 mln so‘mdan sotilgan (o‘sish – 149,07 foiz). Dizel yoqilg‘isi ham asosan iyun-iyul oylarida sezilarli qimmatlashdi.
O‘zbekiston dizel yoqilg‘isi uchun ehtiyojining katta qismini import hisobiga qoplaydi. Importyorlardan tashqari, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi va Uzbekistan GTL zavodi dizel ishlab chiqaradi va birja orqali sotadi. 19 iyul kuni BNQZ 820 tonna EKO markali, Uzbekistan GTL esa 660 tonna GTL markali dizelni birja savdolariga qo‘ygan.
Qashqadaryoda qurilgan, tabiiy gazdan suyuq yoqilg‘i ishlab chiqaruvchi GTL (gas-to-liquid) zavodi shu yil 1 iyul kuni ilk marta GTL dizeli ishlab chiqardi va mahsulot 4 iyuldan birjaga chiqarila boshlandi.
Zavodning loyihaviy quvvati, qator boshqa mahsulotlar bilan birga, yiliga 724 ming tonna sintetik dizel ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Bu kuniga taxminan 2 ming tonnaga yaqin mahsulot demakdir. Hozircha esa kuniga 660 tonna sintetik yoqilg‘i birjaga chiqarilyapti. “O‘zbekneftgaz” zavodning “barcha texnologik qurilmalari ishchi holatda” ekani, “ishlab chiqarish hajmlari bosqichma-bosqich oshirib borilayotgani”ni xabar qilgan.
GTL zavodi dizel ishlab chiqarishni boshladi, lekin narx ko‘tarilishda davom etyapti
Iqtisodchilar Otabek Bakirov va Mirkomil Xolboyev GTL zavodi ochilishi dizel narxini tushirmaganiga e’tibor qaratmoqda. Darhaqiqat, 1 iyul kungi savdolarda import qilingan GTL markali dizel tonnasi 15,6 mln so‘mdan sotilgan bo‘lsa, shu markadagi yoqilg‘ining 21 iyul kungi savdolardagi narxi 16,6 mln so‘mni tashkil etdi. 20 kunda narx 1 millionga oshdi.
Taqqoslash uchun, 21 iyul kuni Qozog‘iston birjasida dizel yoqilg‘isi tonnasiga 250,7 ming tengedan sotildi, bu taqriban 5,6 mln so‘mga teng. Ya’ni qo‘shni Qozog‘istonda dizel O‘zbekistondagidan qariyb 3 barobarga arzon.
G‘uzor tumanidagi GTL zavodi 3,4 milliard dollarga barpo etilgan. Zavod qurilishi davom etayotgan 2018 yilda “O‘zbekneftgaz”ning o‘sha vaqtdagi raisi Bahrom Ashrafxonov loyihaning ishga tushirilishi benzin va boshqa neft mahsulotlari narxi arzonlashishiga olib kelishini aytgandi.
Otabek Bakirovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda yoqilg‘i, ayniqsa dizel qimmatligi muammosi talabning juda kattaligi, taklifning esa sun’iy ravishda kamaytirilganiga borib taqaladi. Uning aytishicha, “import kanallari davlat bilan chatishib ketgan, monopollashgan norasmiy/rasmiy sektor tarafidan to‘liq nazorat qilinadi – ya’ni bozor yo‘q, ochiq bozor yo‘q”.
“Sof bozor tovari bo‘lgan unning narxi, go‘shtning narxi, tuxumning narxi sal qimirlab qolsa, darrov chora-tadbir tuzishadi, bozorni nazorat qilishga o‘tishadi. Lekin g‘irt monopollashtirilgan va karrasiga qimmatlashtirilgan dizel bo‘yicha esa hamma jim. Hech kim o‘ylamaydiki, otning kallasidek dizelning narxlari ertaga unniyam, go‘shtniyam, tuxumniyam narxini qimmatlashtiradi”, – deydi iqtisodchi.
Mirkomil Xolboyev esa O‘zbekistonda dizel ishlab chiqarish qisqarib borayotganini qayd etdi. Uning Statistika qo‘mitasi hisobotlariga tayanib yozishicha, 2022 va 2021 yillarning yanvar-may oylarida dizel ishlab chiqarish ko‘rsatkichi avvalgi yillarning mos davriga nisbatan 30 foizdan kamayib borgan.
“Boshqacha aytganda, 5 oylik hisobda qaraganda dizel ishlab chiqarish hajmi oxirgi 2 yilda taxminan 50 foizga kamaygan. Ulkan umidlar bilan qurilgan zavod ishga tushganligi esa dizel ishlab chiqarish hajmida qandaydir ijobiy o‘zgarishga sabab bo‘layotganligini hozircha ko‘rayotganimiz yo‘q. Zavod ishga tushayotgan vaqtda yiliga 724 ming tonna dizel ishlab chiqarishi hamda, buning natijasida mamlakatimiz dizel importiga qaramlikdan qutulishi kutilayotgan edi. Lekin negadir dizel ishlab chiqarish hajmi oshayotgani yo‘q, balki jadal suratlar bilan kamayib bormoqda”, – deydi Mirkomil Xolboyev.
Eksport to‘xtatildi
Gazeta.uz o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, Vazirlar Mahkamasining bayonnomasi bilan 15 iyuldan boshlab avtobenzin va dizel yoqilg‘isini eksport qilish vaqtincha cheklangan.
Nashr manbasiga ko‘ra, O‘zbekistondagi korxonalar oxirgi oyda 15–16,5 tonna benzin eksport qilgan, bu mamlakatning “5-6 kunlik ehtiyoji”ga teng ekani aytilmoqda.
Eksport cheklangach, “O‘zbekneftgaz” birja savdolariga qo‘yiladigan benzin hajmini oshirgan, bu “narxlar tushishiga olib kelishi”dan umid qilinmoqda.
Statqo‘m ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yilda O‘zbekiston 78,7 mln dollarlik neft mahsulotlarini eksport qilgan, bu – 2020 yilga qaraganda 74,3 foizga ko‘p. Asosiy xaridorlar Afg‘oniston va Tojikiston bo‘lgan.
Ta’kidlash lozim, O‘zbekistonda benzin va dizel yoqilg‘isi narxlarini davlat tomonidan tartibga solish to‘xtatilganiga qaramay, qator iqtisodchilar erkin bozor shakllanmayotganini aytib keladi. O‘zbekistondagi yoqilg‘i narxlari qo‘shni respublikalarga qaraganda sezilarli qimmatligi ham import bozoriga kirishga sun’iy to‘siqlar qo‘yilganining belgisi deb ko‘riladi; shuningdek, amalga oshirilayotgan energetik loyihalarning samaradorligi yuzasidan savollarga asos bo‘lishi aytiladi.
Madina Ochilova tayyorladi.