Vazirlar Mahkamasining 2018 yilda qabul qilingan 666-sonli qarori bilan maktablarda majburiy formalarni joriy etish keyinchalik 2024/25 o‘quv yiligacha kechiktirilgan edi. Biroq joriy yilning 19 mayida hukumat o‘zining 271-sonli qaror bilan yagona maktab formasiga o‘tishni 2022/23 o‘quv yilidan boshlab joriy qildi.
Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi hamda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi bilan hamkorlikda jurnalistlar uchun Namangan viloyatidagi korxonalarda tikilayotgan maktab formalarini borib o‘rganish maqsadida press-tur o‘tkazildi. U yerda yagona maktab formasini joriy etishdan ko‘zlangan maqsad maktabda ijtimoiy tenglikni joriy etish ekani, o‘quvchilar maktabda kiyinish masalalariga chalg‘imasdan faqat ta’lim olish bilan band bo‘lishi kerakligi aytib o‘tildi.
Hukumatning 2018 yil 666-sonli qarorida ham maqsad davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarining kiyinish madaniyati va tartib-intizomga amal qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash, salomatliklarini muhofaza qilish uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish, ma’naviy va jismoniy sog‘lom avlodni kamol toptirish ekanligi urg‘ulangan.
Uni jamoatchilik qanday tushundi?
Ijtimoiy tarmoqlarda davlat maktablarida o‘quvchilar formasini joriy etishdan ko‘zlangan maqsad — diniy e’tiqodni jilovlash ekanligi borasida fikrlar ham bot-bot bildirilmoqda. Bu fikrlarda oz bo‘lsa-da jon bordek. Chunki ta’lim muassasalariga ro‘mol o‘rab borgan qizlarga tazyiq o‘tkazilgani bilan bog‘liq voqealar respublikaning turli hududlarida avval ham ko‘p kuzatilgan.
Masalan, Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi 45-maktab direktori Zubayda Toshpo‘latova maktabga ro‘mol o‘rab kelgan qizga o‘dag‘aylab, «Shu maktabda o‘qimoqchi bo‘lsang, ro‘molingni yechasan», degandi.
Andijon viloyati Izboskan tumanidagi 25-maktab direktori ro‘mol o‘ragan o‘quvchi qizni «qamataman», deb qo‘rqitgani yuzasidan xalq ta’limi vaziri shaxsan munosabat bildirgan edi.
Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 10-maktabning ro‘mol o‘ragan bir guruh o‘quvchi qizlari IIB xodimasi oldida tik turgani tasvirlangan surat tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Namangandagi safarda ishlab chiqaruvchilar va ta’lim sohasi mutasaddilari ham O‘zbekistonda dunyoviy davlat ekanligini ta’kidlab, yagona maktab formasini imkon qadar tezroq joriy etish zaruriyati tug‘ilganini ta’kidlashdi.
Ayni shu kunlarda Guliston tuman xalq ta’limi bo‘limiga tegishli deb aytilgan Telegram-kanal esa islomofobik matnni repost qildi. (arxivlangan link).
Keyinchalik ushbu post o‘chirib tashlandi. Post yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati rasmiy munosabat bildirib o‘tdi.
«Agressiv mazmunda yozilgan ushbu post Guliston shahar xalq ta’limi bo‘limi nomidan ochilgan sahifada e’lon qilinganligi va keyinroq post o‘chirilganligi tasdiqlandi.
Ushbu material boshqa ijtimoiy tarmoq sahifalaridan olingan bo‘lib, soha xodimlarning beparvoligi va mas’uliyatsizligi oqibatida kanalga joylangan. Lekin bu narsa ushbu holatga yo‘l qo‘ygan mas’ulni javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Ayni vaqtda mazkur holat bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligi tomonidan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda hamda ushbu holatga yo‘l qo‘ygan mas’ul xodimlarga tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlanishini ma’lum qilamiz», — deyiladi vazirlik munosabatida.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 666-sonli qarorining ilovalarida 1–6-sinf qiz bolalar uchun yubkaning trapetsiya shaklida tikilgan va yon qismida to‘rtta yig‘ma mavjudligi, yubka kiyib yurilganida tizzadan tepasini to‘liq yopishi va tizzadan pastga ko‘pi bilan 8 sm.gacha uzaytirilishi mumkinligi; 7–11-sinfda o‘qiydigan qizlar uchun tizzadan yuqori bo‘lmagan, klassik uslubda tikilishi, yubka kiyib yurilganida tizzadan tepasini to‘liq yopishi va tizzadan pastga ko‘pi bilan 12 sm.gacha uzaytirilishi mumkinligi belgilangan.
Ya’ni, qiz bolalar uchun yubkaning to‘piqqacha uzun bo‘lishiga taqiq kiritilgan. Bu qoida, albatta, ayrim ota-onalarning noroziligiga sabab bo‘lishi turgan gap.
«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi dizaynni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Kamola G‘ulomova yagona forma dizaynini tasdiqlashda ota-onalar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilganini ta’kidlab o‘tdi. Nega unda yubkaning uzun bo‘lmasligi alohida band sifatida mustahkamlab qo‘yilgan va bu borada bildirilgan fikrlar inobatga olinmagan?
Shu bilan birga, umumta’lim maktablarida ishlovchi o‘qituvchilar yagona forma joriy etilayotgani juda to‘g‘ri qaror bo‘lganini ta’kidlashmoqda. Ular ta’lim sifatini oshirishda o‘quvchilarning ijtimoiy tengligiga erishish asosiy masalalardan biri ekanligini aytishmoqda.
Maktablarda aslida nima birlamchi bo‘lishi kerak?
Albatta, davlat umumta’lim maktablarida formadan ham avval hal qilinishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p. Masalan, sinfxonalar yetishmasligi. Yildan yilga 1-sinfga qabul qilinayotgan o‘quvchilar rekordi yangilanmoqda. Bu yil ham ularning soni 700 mingdan ortadi. O‘zbekistondagi 10 mingdan ziyod maktablarning aksariyat qismida (ayniqsa katta shaharlarda) sinfxonalar yetishmasligidan sinflarda o‘quvchilarning o‘rtacha soni 40 nafardan oshadi.
Qariyb barcha maktablarda o‘qitish ikki smenada olib boriladi. Hattoki uchinchi smenada ham dars beradigan maktablar bor. Ammo bularni bartaraf etish uchun sezilarli va jadal qadamlar tashlanmayapti.
Sport zallari va sport maydonchalarini-ku, gapirmay qo‘ya qolaylik. Ayrim tumanlarda vaziyat shu darajaga yetganki, sport maydonlari tadbirkorlarga pullab yuborilmoqda.
Qo‘shimcha binolar qurib sinfdagi o‘quvchilar sonini 25-30 nafardan qilish, sport zallari, sport maydonchalari qurish, zarur o‘quv va badiiy adabiyotlar, laboratoriyalar barpo etish va ularni reagentlar bilan ta’minlash, o‘quv qo‘llanmalari, ko‘rgazmali qurollar bilan jihozlashdek barchaga foyda keltiradigan vazifa turganda ta’lim uchun mas’ullarning maktab formasiga tish-tirnog‘i bilan yopishib olishi tushunarsiz hodisa bo‘lmoqda. Va, tabiiyki, turli taxmin, shubha, gumonlar urchishiga sabab bo‘lmoqda.
Xorijda maktab formalari
Rivojlangan davlatlardagi maktablarga e’tibor beraylik. Ularda maktab formasi majburiy, degan gap yo‘q. O‘quvchilar maktabga o‘zi istagan, o‘zi uchun qulay kiyimlarda kelishadi (to‘g‘rirog‘i, maktab avtobuslari olib keladi). Bir xildagi formalar qoida tarzida faqat xususiy maktablarda joriy etiladi. Ular maktabga formasiz kelish bolada individuallikni, erkinlikni o‘stiradi, deb hisoblashadi. Armiyadagidek bir xilda kiyinish bolaga yoshligidan itoatkorlik va biqiqlikni singdiradi, deb hisoblanadi.
Ta’kidlab o‘tish joizki, majburiy maktab formalari yon qo‘shnimiz Turkmaniston va Tojikistonda ham joriy etilgan.
O‘rinli savol tug‘iladi: biz maktab ta’limini yuksaltirishda dunyoning rivojlangan davlatlaridan andoza olishimiz kerakmi va har tomonlama bizdan ortda bo‘lgan davlatlardan? O‘quvchilarni inkubatordan chiqqandek bir xilda kiyintirgan bilan ularning bilimi va saviyasi oshib qolmaydi. Bu aniq.
Nega milliy mato emas?
Shaxsan men press-tur davomida tikilayotgan maktab formalari o‘zimizning milliy mahsulotimiz bo‘lgan matolardan emas, Xitoydan import qilinayotgan matolardan tikilayotganidan nihoyatda taajjublandim.
Tikuvchilik korxonalari vakillarini aytishlaricha, o‘zimizning to‘qimachilik korxonalarimizda ishlab chiqarilayotgan matolardan tikilgan formalar yuvilganda suvga rangi chiqishi, quyoshda rangi o‘chishi, tezda pitig‘i (katishka) chiqishi bilan tezda o‘z sifatini yo‘qotgan. Xitoy matosi esa uch yilgacha o‘z rangini yo‘qotmasligi, pitig‘i chiqmasligiga kafolat berilmoqda.
2017 yilda tashkil etilgan «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi nega o‘tgan 5 yil ichida bu borada ko‘lamli ishlar amalga oshirmagani, nega yurtimizda shu paytgacha kerakli paytda asqatadigan sifatli gazlama mahsuloti ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmagani jumboqligicha qoldi.
Uyushmaning rasmiy saytidagi missiyasiga e’tibor qaratamiz:
«Yuqori sifatli to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarib, uning barcha turlariga yorqin va betakror detallarni qo‘shilgan kiyim-kechak ishlab chiqarishni takomillashtirib, har bir xonadonda imkoniyatlar yaratish orqali ixcham va go‘zal muhitni shakllantirib, Biz insonlarning hayotini yaxshilashga harakat qilamiz».
Maktab formasining bir xil dizaynda unifikatsiya qilinib, majburiylashtirilishi — ota-onalar uchun qo‘shimcha soliq, deb bemalol hisoblash mumkin. Buni «ota-onalar baribir bolalarini maktab uchun xarajat qilib, kiyintirishadi-ku», deya oqlashmoqda mas’ullar. Har qanday bahona, har qanday vaj keltirilmasin, bu ish baribir ma’lum bir soha va doiraning boyishiga xizmat qilayotgandek.
Chunki forma tikiladigan mato ham o‘zimizda ishlab chiqarilmaydi, Xitoydan import qilinmoqda. Agar mato o‘zimizning to‘qimachilik fabrikalarimizda ishlab chiqarilganida «milliy yengil sanoatimizni rivojlantirish uchun bosilayotgan qadam», deb baholash mumkin edi.
Endi nima bo‘ladi?
Endi mahalliy hokimliklar, tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limlari, maktab direktorlari ota-onalarni yoppasiga majburlay boshlashadi. Bunga shak-shubha yo‘q. Kiyim tikuvchi tadbirkorlar ham tumanlarni bo‘lib olib, o‘z mahsulotini o‘tkazishga kirishib ketibdi.
Majburlash bor joyda korrupsion omillar ham paydo bo‘ladi. Aytaylik, o‘z korxonasining mahsulotini o‘tkazish uchun tikuvchilik korxonalari tuman xalq ta’limi bo‘limlari, yirik maktab direktorlariga pul taklif qila boshlashlari mumkin. Bunday deyishimizga to‘la asos bor. Surishtiruvlarimizga ko‘ra, ta’minotchi korxonalar allaqachon viloyatlar, tumanlar va maktablarni taqsimlab olishgan.
«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi vakillari sohada tikuvchilik korxonalari nihoyatda ko‘pligi, barcha hududlarda mavjudligi, forma tikuvchi korxonalar o‘zaro raqobatga kirishishi, bu esa monopoliyani bartaraf etishi, shuning ortidan o‘sha bir xilda tayyorlanayotgan maktab formalari karrasiga qimmat bo‘lib ketmasligini aytib ishontirishmoqda. Qolaversa, kam ta’minlangan oilalarning farzandlariga formalar tekinga berilar ekan.
Lekin maktab formalari 1–6 sinf o‘quvchilari uchun 4 milliondan ortiq komplektda tayyorlanishi kerak. Maktablar ochilishiga juda kam vaqt qoldi. Tekstil korxonalari ulgurisharmikan, degan savol ham o‘rtaga chiqmoqda. Bunga javoban, «hali 10 avgustdan maktab yarmarkalari ochiladi, barchani forma bilan ta’minlashga ulguramiz», deya ishontirishmoqda tikuvchilik bilan shug‘ullanuvchi korxonalar.
Qolaversa, sohada monopoliya yo‘qligi ta’kidlanmoqda. Lekin butun boshli O‘zbekiston uchun aynan bitta mato tanlangani — monopoliyaning o‘zginasi. Garchi undan turli korxonalarda mahsulot tikilsa-da. Bu masalada «it» mana shu joyga «ko‘milgan». Kim balandparvoz maqsadlari ortidan «qo‘lini istayotgani»ni aniqlash uchun matoni Xitoydan O‘zbekistonga kim olib kirayotganining tagiga yetish kifoya.
Yuqoridagilar gaplar bilan men hukumat qarori zudlik bilan bekor qilinishi yo yana kechiktirilishi kerak, demoqchi emasman. Mayli, maktab formasi ham kerak. Biroq u turli-tuman ko‘rinishda bo‘lishi, qanday forma tanlashni bolalarning ota-onalari (maktablardagi ota-onalar qo‘mitasi) ixtiyoriga qo‘yib berish kerak edi.
Maktablarda ta’lim sifatini oshirish, qo‘shimcha sinfxonalar qurish ishiga tezroq hamma bir yoqadan bosh chiqarib, yoppa tarzda tezroq kirishish kerak. Barcha yutadigan, formadan ham ko‘ra foydaliroq ish mana shu bo‘lar edi.
Shuhrat Shokirjonov, jurnalist.