Rossiya hamon gaz orqali Yevropani shantaj qilib sanksiyalar bekor qilinishiga erishishiga ishonmoqda. Ruslar bu borada ochiq aytgani yo‘q, ammo harakatlar shunga ishora qilmoqda. Iqtisodchilar Rossiya Yevropaga ketayotgan gazni bemalol to‘xtata olishiga ishonmoqda. Agar shunday bo‘lsa, Yevropa bunday energiya tanqisligiga qanday dosh beradi? Rossiyaning o‘zi bundan qancha zarar ko‘radi?
«Shimoliy oqim» nega ta’mirlanmoqda? Ta’minot nega qayta tiklanmasligi mumkin?
11 iyul kuni «Gazprom» Yevropaga boradigan eng katta o‘tkazgich bo‘lmish «Shimoliy oqim»da ta’mirlash ishlari boshlanishini e’lon qilib, jarayon 10 kun davom etishini bildirdi. Rasmiy ma’lumotga ishonish mumkin, chunki har yozda quvurli o‘tkazgichda chindan ta’mirlash ishlari olib boriladi. Ammo oxirgi bir yilda, ayniqsa urush boshlanganidan buyon Rossiya Yevropaga boradigan gaz miqdorini kamaytirib bormoqda. Shu sabab 10 kunlik ta’mirlash qit’ani gazsiz qoldirish uchun navbatdagi bahona deb qaralmoqda.
May oyidan boshlab «Shimoliy oqim» bo‘ylab gaz oqimi keskin kamaydi. Bunga sabab sifatida Siemens kompaniyasi «Partovaya» stansiyasidagi kompressorlar quvurlari Kanadaga ta’mirlash uchun yuborilgani keltirildi. Sanksiya sabab Kanada quvurlarni vaqtida qaytara olmadi. Quvurlar ikki xil maqsadda ishlatilishi mumkin bo‘lgan mahsulot sifatida sanksiya ro‘yxatiga tushib qoldi. Chunki amalda bunday quvurlarni samolyotlar uchun ham ishlatish mumkin.
Oxirgi kunlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra Kanada quvurlarni ta’mirlashni tugatib, Rossiyaga yuborgan va 22 iyul kuni manzilga yetib boradi.
Siemens va Kanadaning bunga nima aloqasi bor?
Iyul oyiga kelib «Shimoliy oqim» va Siemens quvurlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiyaga emas, Germaniya orqali yuborishga kelishadi. Kompaniya shu tariqa hamma aybni Germaniya hukumatiga ag‘darib, sanksiyani chetlab o‘tishi mumkin bo‘lardi. Kanada ham o‘z navbatida Siemens’ga vaqtincha ruxsat beradi. Bu ruxsatnomani AQSh ham qo‘lladi, Ukraina esa qarshi chiqdi. Bu xabarlar fonida Rossiya «Shimoliy oqim»da ta’mirlash boshlanganini e’lon qilib yubordi. Yevropaga boradigan eng katta o‘tkazgich yopilganidan keyingina Rossiya hali quvurlarni olmaganini xabar qildi.
Yevropa Ittifoqida, ayniqsa Germaniyada bu hech qanday texnik muammo bilan bog‘liq emas, aksincha Rossiyaning gaz bermaslik uchun navbatdagi bahonasi deb hisoblashmoqda. Bir so‘z bilan, Rossiya Yevropani sanksiyalar uchun shantaj qilmoqda deb hisoblashyapti.
Rossiya chindan ta’minotni qayta tiklamasligi mumkinmi?
Rossiya bu haqda hozircha ochiq aytgani yo‘q, Putinning matbuot kotibi Peskov «bu sof texnik muammo» ekanini aytdi. Kreml rasmiy vakili Rossiya Yevropa uchun eng ishonchli energiya yetkazib beruvchi davlat ekanini ham qo‘shimcha qilishni unutmadi.
Ammo Rossiya urush boshlanganidan buyon «narigi front»dagi Yevropani har xil usullar bilan shantaj qilishi yangilik emas. Masalan, G‘arb Rossiyani Ukrainada to‘planib qolgan 22 million tonna donni olib chiqishga qarshilik qilish orqali jiddiy oziq-ovqat inqirozi keltirib chiqarishda ayblamoqda. Putin esa muammoni hal qilishning sanksiyalarni bekor qilishdan boshqa yo‘li yo‘qligini ochiq aytmoqda. Shu sabab yevropaliklar Rossiya gaz jo‘mragini qayta ochmasligiga ishonib, eng yomon ssenariyga tayyorlanmoqda.
Fransiya iqtisodiyot vaziri Bryuno Le Merning fikricha, Rossiyadan gaz kelishi butunlay to‘xtashi voqealar rivojining eng real davomi hisoblanadi. Germaniya Federal tarmoqlar agentligi rahbari Klaus Myuller ham shunday fikrda, nemislarni energiyani tejashga chaqirmoqda. Yevropa Rossiyadan agressiv harakatlarni urushdan oldin ham kuta boshlagandi. Gaz bo‘yicha ultimatum bir necha yillik muammo.
«Gazprom» tanlagan pozitsiya ham muammoni jiddiylashtirmoqda. Kompaniya Yevropaga ketadigan gaz quduqlarida qazib olishni to‘liq qayta tiklay olmasligini bildirmoqda. «Siemens Kanadadan quvurlarni olib kelishiga hech qanday ishora ko‘rmayapmiz», deyiladi kompaniya bayonotida.
«Gazprom» bayonotida Yevropaga boradigan gaz to‘liq yopib qo‘yilishiga quyidagi jumlalar ham ishora bo‘lgan: «Bunday holatda «Shimoliy oqim» o‘tkazgichi uchun muhim bo‘lgan «Partovaya» kompressor stansiyasi faoliyatini xavfsiz tiklash haqida gap borishi qiyin», deyiladi kompaniyaning mujmal bayonotida.
Gaz to‘xtab qolishi xavfi juda yuqori, ayniqsa Germaniya uchun. Avstriya, Italiya va Niderlandiyaga ham qolganlardan qiyinroq bo‘ladi, chunki bu davlatlar rus gaziga qattiq bog‘lanib qolgan. Shu sabab Yevropa Ittifoqining oltita sanksiya paketining birortasida rus gazidan voz kechish borasida so‘z bormagan.
Rossiyaning o‘zi uchun ham gaz eksportidan voz kechish oson ish emas, chunki yil oxirida Rossiya budjetida neft va gaz savdosi ulushi 40 foizga yetishi kutilmoqda. Urushish uchun esa juda ko‘p pul kerak. 2022 yil prognozlariga ko‘ra, Rossiya davlat budjeti YaIMning 1 foizi miqdorida oshirib bajarilishi kutilgan bo‘lsa, endi gaz narxining rekordga chiqqaniga qaramay 1,2 defitsit kutilmoqda. Bu esa 1,7 trillion rubl degani. Ammo Yevropaga ketayotgan gazni to‘xtatib qo‘yish uchun hech qanday texnik to‘siq yo‘q.
Eng yomon holatda Rossiya qancha zarar ko‘radi?
Qisqa javob shunday – jiddiy zarar ko‘radi. Ammo Rossiyada «Shimoliy oqim» uzib qo‘yilgani oqibatida ko‘riladigan zararning bir qismini qoplashga imkoniyat bor. 2014 yil Rossiya Yevropaga gaz sotishni 6 oyga to‘xtatsa, 24-27 milliard dollar, 9 oyga to‘xtatsa, 36-40 milliard dollar yo‘qotishi mumkinligi hisoblangandi. Hozir ham raqamlar shunga yaqin bo‘lishi mumkin. 2021 yil «Gazprom» 117 milliard dollar foyda ko‘rgandi, Yevropaga gazni yopish esa daromadni uchdan bir qismga kamaytirib yuboradi.
Yevropa o‘rniga amalda boshqa xaridorlar topib gazni sotish mumkin, lekin buning texnik jihatdan imkoni yo‘q, chunki gaz quvurlarda tortib boriladi. Har xil yo‘nalishlardagi gaz qazib olish hajmi ham bir xil emas. Masalan, Xitoyga ketadigan «Sila Sibira» o‘tkazgichining quvvati 38 milliard kubometr, «Shimoliy oqim»niki esa 59 milliard kubometr.
«Gazprom» Yevropaga gaz berishni butunlay to‘xtatishidan avval yetkazib berishni keskin kamaytirganini ham unutmaslik kerak. Taxminan uch baravargacha. Ya’ni ruslar shu orqali taxminiy zarar ko‘rish holatida nima qilishni o‘ylab olgan bo‘lishi mumkin. Biroq narxlarning keskin oshgani ruslar daromadlarini saqlab qoldi. 2021 yil dunyo iqtisodiyoti koronavirus pandemiyasidan keyin endi o‘ziga kelayotgan vaqtda gaz narxi 700 foizga oshib ketdi. Rossiya gaz va neft savdosidan 2022 yilda 9,5 trillion rubl pul ishlashni maqsad qilgandi. Ruslar yarim yil ichida allaqachon 6,4 trillion rubl savdo qilib, rejani 60 foizga bajarib bo‘lishdi.
Rossiya neft va gazdan qancha pul ishlamoqchi?
Bugun rus gazi aktual masala sifatida qaralayotgan bo‘lsa-da, mamlakatning asosiy pul ishlaydigan xomashyosi neft hisoblanadi. Rossiya neftdan gazga qaraganda uch baravar ko‘proq foyda ko‘radi. Gaz masalasida esa Rossiya bir necha qismdan iborat foyda ko‘radi:
* Masalan, eksportyor sotib olgan mahsulotiga qo‘shimcha 30 foiz boj to‘laydi. Bundan davlat juda katta foyda ko‘rmaydi. «Alfa-bank» iqtisodchisi Nataliya Orlovaning aytishicha, ushbu boj Rossiya budjetining 0,5 foizini tashkil etadi.
* Davlat «Gazprom»dan juda kam soliq oladi. Masalan, 2020 yilda soliq tushumi 29 milliard rublni tashkil etgan.
* Bundan tashqari foydali qazilmalarni qazib olishdagi gaz solig‘i bor.
* Nihoyat, dividendlar. 2021 yil Rossiya eng ko‘p (1,2 trillion rubl) budjeti dividendlardan emas, vaqtinchalik ustamalardan olgandi.
Bojdan olinadigan pul eksport qilinadigan gaz miqdoriga bog‘liq bo‘ladi. Ya’ni bu borada ruslar katta foydaga umid qilmasa ham bo‘ladi. Lekin qolgan barcha daromadlar umumiy iqtisodiy ko‘rsatkichlarga bog‘liq. Ustamadan keladigan daromad o‘rnini Rossiya Yevropaga gaz eksporti kamaygan holatida ham to‘ldira olishi mumkin. Masalan, boshqa yo‘nalishlarga savdoni oshirish va ichki bozorni rivojlantirish orqali. Rossiya yiliga 500 milliard kubometr gaz qazib oladi va faqat 180 milliard kubometr uzoq xorijga eksport qiladi.
Rossiya Yevropaga ketadigan gazni uzishdan ko‘radigan zararini «Gazprom»ga nisbatan soliq yukini oshirish orqali ham qisman qoplashi mumkin. Bu uchun esa neft narxiga bog‘liq soliqlarga ishonib qolishni to‘xtatish kerak, deydi «Meduza» bilan suhbatda neft va gaz sohasidagi mustaqil ekspert Sergey Vakulenko.
Ustama va eksport bojlari ham narxga bog‘liq, lekin ular gazning o‘z narxi kabi keskin oshib keta olmaydi. Ya’ni boj gaz va neft narxidagi paradigma orqali hisoblanadi. Vakulenkoning fikricha, Rossiya harbiy budjet ortgan, sanksiyalar, xorijiy kompaniyalar ketgan bir vaqtda ham Yevropaga gazni to‘liq uzib qo‘ya oladi. «Narx oshgani sabab o‘tgan yil Rossiya budjeti shunchalik ko‘p foyda ko‘rdiki, mamlakat kamida bir yil o‘zini erkin his qilishi mumkin», deydi ekspert.
Rubl mustahkamlanayotgani qanday muammo tug‘dirishi mumkin?
Nataliya Orlovaning fikricha, Rossiya «Shimoliy oqim» masalasida keskin pozitsiya egallashiga yana bir sabab shuki, hozir budjetda ortiqcha pul paydo bo‘lgan va rublning keskin mustahkamlanishi budjet uchun muammo tug‘dirmoqda. Nega muammo? Chunki rubl mustahkamlana borgani sari eksportchilarning rubldagi daromadlari kamayadi, shunga yarasha budjetga tushadigan tushum ham kamayadi. «Gazdan keladigan daromad kamayishi ko‘proq yaxshilikka xizmat qiladi, bu rubl ortiqcha mustahkamlanishining oldini oladi».
Sergey Vakulenko ham bu fikrga qo‘shiladi. Uning aytishicha, normal iqtisodiyotda mamlakatga eksport valutaga import mahsulotlari xarid qilish uchun kerak. Hozir Rossiyada import keskin kamayib ketgan va shu sabab ortiqcha valuta davlatga yordam bermaydi. Davlat 300 ming rubl maosh oluvchi yollanma ishchilar bilan shu pulga sotib olish mumkin bo‘lgan mahsulotlar orqali hisob-kitob qiladi. Xarid qobiliyati esa pasayib ketaveradi, pul chop etish orqali kelib chiqadigan inflatsiya orqalimi, tovarlar defitsiti orqalimi – farqi yo‘q. Axir, yollanma ishchilarga ham pul ko‘rinishidagi qog‘ozning keragi yo‘q.
Hozirgi voqealar rivojida Yevropaga nima bo‘ladi?
Nima bo‘lishini taxmin qilish mumkin: «Shimoliy oqim»siz Yevropa va dunyoning boshqa qismi uchun gaz narxi oshib ketaveradi, xomashyo defitsit bo‘ladi. 2023 yilga borib nemislar gaz uchun uch baravar ko‘p pul to‘lashi mumkin. Yiliga o‘rtacha 1,5 ming yevro gazga to‘laydigan oila bu vaqtda 4,5 ming yevro to‘lashga tayyor bo‘laverishi kerak.
Narx oshishi bilan birga defitsitdan ham qochib qutulib bo‘lmaydi. Yevropa Ittifoqidagi operatorlar Rossiya gazni uzgan taqdirda noyabrga borib zaxiralarini oshib borsa 71 foizga to‘ldirishi mumkin. Energoxavfsizlik uchun esa kamida 80 foiz zaxira to‘la turishi kerak.
Eng katta zararni Germaniya ko‘radi. Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, nemislar rus gaziga bo‘lgan qaramlikni 55 foizdan 35 foizga kamaytirdi. Ammo Germaniya iqtisodi hajmi inobatga olinsa, 35 foiz juda katta miqdor hisoblanadi. Mamlakatning barcha yirik sanoat tarmoqlari rus gaziga bog‘liq. Hozir-ku zaxiralar orqali amallab turish mumkin, lekin qishga borib ruslar gazni uzib qo‘ysa, Germaniya energoinqirozning ikkinchi darajasini e’lon qilishga majbur bo‘ladi. Bu esa hukumat keskin iqtisod rejimiga o‘tadi degani.
Masalan, markazlashgan issiqlik tarqatishda harorat pasaytiriladi, konditsionerdan foydalanishda cheklovlar o‘rnatiladi, sovuq dush qabul qilish targ‘ib qilinadi, jamoat joylaridan basseynlar faoliyati cheklanadi. Shuningdek, nemislar allaqachon AESlardan voz kechish va ko‘mirdan foydalanmaslik orqali «yashil» energiyaga o‘tish rejasini orqaga surishga tayyor turishibdi.
Germaniyadagi yirik Uniper kompaniyasi gazni tezda bajariluvchi shartnomalar evaziga qimmat narxlarda sotib oladi. Germaniya ushbu kompaniyani milliylashtirishni va bunday qimmat shartnomalarga chek qo‘yishni istamoqda.
Agar bu choralar ham kor qilmasa, Germaniya uchun qiyin kunlar boshlanadi. Mamlakat YaIMning 12 foizini, 5,6 million ish o‘rnini yo‘qotadi. Iqtisodchilarning fikricha, faqat energiyani tejash orqaligina ushbu xaosdan chiqib ketish mumkin.
O‘z tarixidagi eng yomon energiya inqirozini boshdan o‘tkazayotgan Yevropa shundoq ham qiyin vaziyatda turibdi. 2022 yil YeI YaIMi o‘sish prognozi atigi 2,7 foizni tashkil etmoqda. Yevro 20 yil ichida ilk marta dollar bilan tenglashib qoldi. Mana shunday qiyinchiliklarga qaramay, Yevropa Ittifoqi davlatlari rus gaziga bo‘lgan qaramlikni keskin pasaytirmoqchi. YeI yil oxirigacha Rossiyadan gaz importini uchdan ikki qismga kamaytirish niyatida.
Rossiya nimaga erishadi?
Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin Yevropa Ittifoqining oltita paket sanksiyalariga uchradi. Putin har qancha sanksiya ta’sir qilmagani haqida gapirayotgan bo‘lsa-da, mamlakat tutayotgan siyosatga ko‘ra sanksiyalar juda og‘riqli nuqtalarga ta’sir o‘tkazgan. Rossiya Yevropa davlatlarini shantaj qilish orqali sanksiyalarni yengillashtirishga umid qilmoqda. Yevropa yozdayoq o‘z zaxiralarini to‘ldirib olishini tushunib yetsa, Rossiya tezda chora ko‘rishga kirishishi mumkin. Rossiya iyuldayoq gazni uzib qo‘ysa, Yevropa Norvegiyadan gaz sotib olishni oshirishga, AQSh va boshqa davlatlardan suyultirilgan gaz sotib olishga ulgurmaydi.
«Shimoliy oqim» yopilishi Yevropa davlatlarini «Shimoliy oqim-2»ni ishga tushirish haqida o‘ylashga majbur qilishi mumkin. 11 milliard dollar sarflab qurilgan quvurli o‘tkazgich urush boshlanishi bilan bankrotga uchrab ishga tushmay to‘xtatilgandi.
Rossiya butun dunyo energetikasida xaos paydo qilib narxlarni ko‘tarib olmoqchi bo‘layotgani ham ehtimoldan xoli emas. Ammo bunga ishonish ancha qiyin. Nima bo‘lsa ham, keyingi haftadayoq dunyo jiddiy energiya inqiroziga duch kelishi mumkin. Dunyo uchun 22 iyul kuni 2022 yilning eng muhim kuni sifatida tarixda qolishi ham mumkin. Rossiya shu kuni «Shimoliy oqim»dan gaz berishni yoki tiklaydi, yoki Yevropaga gaz berilmasligini e’lon qiladi. Hozircha 22 iyuldan tarix yaxshi narsa kutayotganga o‘xshamaydi, chunki Rossiya «iste’molchilardan biriga» «o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra» gaz yetkazib berishda fors-major holatini e’lon qildi. Bu davlat Germaniya ekani taxmin qilinmoqda.