Bugun, 16 iyul kuni “Nest One” binosida, ushbu an’anani davom ettirgan holda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan aholini arzon va sifatli dori vositalari bilan ta’minlash hamda farmatsevtika sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlarini rivojlantirish va ular faoliyatida duch kelinayotgan muammolar yechimiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Davlat rahbari tomonidan joriy yilning 12 aprel kuni farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishda mamlakatimizda yiliga 1 milliard 600 million dollarlik farmatsevtika mahsulotlari iste’mol qilinishi, shundan katta qismi – qariyb 1 milliard 200 million dollarlik mahsulotlar import qilinayotgani ta’kidlab o‘tilgan.
Xususan, hududlar kesimida olganda, mahalliylashtirish darajasi mutlaqo qoniqarsiz. Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm, Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida iste’mol qilinadigan dorining atigi 2-5 foizi mahalliy ishlab chiqaruvchilar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shu bois, dori vositalariga talabni o‘rganib, ularni mahalliylashtirish chora-tadbirlari belgilangan, xususan, joriy yilning o‘zida 80 million dollarlik 34 ta loyiha rejalashtirilgan.
Tadbirni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ochib berdi va farmatsevtika sohasidagi bugungi holat hamda ushbu yo‘nalishdagi tadbirkorlarning sohadagi muammolarini aniqlash, takliflarini o‘rganib chiqishda yanada faol bo‘lishga chaqirdi.
Mazkur davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil D.Qosimov, Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari M.Mirzayev, investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A.Voitov, Davlat bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari N.Musamuhamedov, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori S.Kariyev, “Dori-Darmon” AJ boshqaruv raisi U.Solihova hamda yurtimizda dori vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarish, shuningdek ulgurji savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 150 nafar tadbirkorlik sub’yektlari ishtirok etishdi.
Shu bilan birga, Savdo-sanoat palatasining 14 ta xududiy boshqarmasi binolaridan onlayn tarzda ZOOM platformasi orqali farmatsevtika sohasida faoliyat yuritib kelayotgan 140 nafar nufuzli tadbirkorlar ishtirok etishdi.
Uchrashuvning muhim maqsadlaridan biri – tadbirkorlarga farmatsevtikaga oid tizimli muammolar va konstruktiv yechimlarni ochiq muhokama qilish uchun maydon yaratishdan iborat.
Konstruktiv ruhda, qizg‘in savol-javob ko‘rinishida o‘tgan davra suhbatidan so‘ng, dori vositalarini markirovkalash tizimini joriy etish uchun zarur axborotlar berib o‘tildi.
Tadbir davomida muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha tadbirkorlik sub’yektlarining takliflarini umumlashtirish, tahlil qilish va yuqori tashkilotlarga taqdim qilish uchun yig‘ib olindi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, respublika tadbirkorlarining xorijiy hamkorlar bilan biznes aloqalarini o‘rnatishga ko‘maklashish, mahalliy tovar va xizmatlarni tashqi bozorlarga faol olib chiqish, tayyor raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni ta’minlash maqsadida mavjud ishlab chiqarish korxonalarini texnik qayta jihozlash va modernizatsiya qilish uchun xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish maqsadida tashkil etilgan.
Savdo-sanoat palatasi Matbuot xizmati Ⓣ