O‘zbekiston elektr ta’minoti tizimi Jahon banki ko‘magida modernizatsiya qilinadi

Iqtisodiyot 09:48 / 16.07.2022 8301

Loyiha O‘zbekiston energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilishga, jumladan, 22 ta eskirgan yuqori kuchlanishli podstansiyalarni rekonstruksiya qilish va kengaytirishga ko‘maklashadi, bu ularning quvvatini 912 MVt.ga yetkazadi, 11 ta hududda yangi 500 kV.li podstansiya va elektr uzatish tarmoqlarini qurishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, loyiha Sirdaryo IESning ishlab chiqarish quvvatlaridan Toshkentgacha poytaxt elektr energiya iste’molchilari va sanoat quvvatlari uchun 220 va 500 kV tarmoqlarini qurishni o‘z ichiga oladi.

“Loyiha muhim strategik tarkibiy qismi SCADA va YeMS tizimini amalga oshirish hisoblanadi, bu energiya tizimida dispetcherlik va monitoring qilish imkonini beradi. “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJni kelajakda transformatsiyalash uchun Enterprise Recourse Planning (ERP) tizimini joriy yetish rejalashtirilgan”, — dedi energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev.

Loyihani amalga oshirish uchun Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (Jahon banki guruhi) tomonidan 380 million AQSh dollari, Yashil iqlim jamg‘armasi tomonidan 43 million AQSh dollari miqdorida kredit ajratilmoqda. 

O‘zbekistonda elektr energiyasiga bo‘lgan talab 2018 yildagi 61 mlrd kilovatt-soatdan 2030 yilga borib 110 mlrd kilovatt-soatgacha oshishi kutilmoqda. Hozirda mamlakatda 270 ming kilometrdan ortiq elektr uzatish va taqsimlash tarmoqlari mavjud bo‘lib, ular asosiy qismi modernizatsiya qilinishi va yangilanishi kerak.
 
“Ushbu yangi loyiha 32 millionga yaqin iste’molchini ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlashga yordam beradi va qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish bo‘yicha keng ko‘lamli yangi loyihalarni elektr tarmoqlariga ulash imkonini beradi”, – dedi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.

Loyiha “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ operatsion, moliyaviy va tijorat jarayonlarini rivojlantirish va raqamlashtirish, institutsional salohiyatini mustahkamlash orqali zamonaviy kompaniyaga aylantirishga yordam beradi.

Ko‘proq yangiliklar: