Qashqadaryoda qamchilangan ayolni eri emas, u bilan ishqiy munosabatda bo‘lib kelayotgan yigitning yaqinlari do‘pposlagani ma’lum bo‘ldi

Jamiyat 16:01 / 15.07.2022 27493

Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida 38 yoshli ayol bir nechta erkak tomonidan kaltaklanib, sochi kesib tashlangani xabar berilgandi. «Zamon» informatsion dasturida ma’lum qilinishicha, ayolni eri emas, u bilan birga 4 yildan buyon yashab kelayotgan yigitning otasi va aka-ukalari qamchilagan.

Ma’lum bo‘lishicha, 38 yoshli boshi ochiq ayol o‘zidan 10 yosh kichik yigit bilan ishqiy munosabatda bo‘lib kelgan. Bu holat o‘g‘lini uylantirmoqchi bo‘lgan ota-ona va yigitning boshqa yaqinlariga ma’qul kelmagan. Ayolga qilingan nasihat e’tiborsiz qoldirilgan.

Ayol qamchilangan kuni yigitning qistovi bilan uning unashtirilgan qiziga qo‘ng‘iroq qilgan. Suhbat davomida u o‘zini yigitning xotini deb tanishtirgan. Bundan xabar topgan yigitning otasi va aka-ukalari ayolni jazolashga ahd qilishgan.

Shundan so‘ng ayol yigitning yaqinlari tomonidan u yashayotgan xonadonga olib borilgan va o‘sha yerda «samosud» qilingan. Ayolni yigitning otasi qamchilagan.

Yigitning otasi va yana uch nafar aka-ukasi ayolning qo‘l-oyoqlarini bog‘lab, sochlarini olib tashlashgan. So‘ng uni tonggacha do‘pposlab, qamchilashgan. Mazasi qochib qolgan ayol ertalab kasalxonaga olib borilgan.

Shifokorlarning tashxisiga ko‘ra, ayolning tanasidagi yumshoq to‘qimalariga jarohat yetkazilgan. Unda yopiq bosh miya shikasti, bosh miya chayqalishi, boshning ikkala chakka tepa sohalari yumshoq to‘qimalari lat yeyishi va shilingani kuzatilgan.

Mazkur hodisa yuzasidan Yakkabog‘ tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 138-moddasi 2-qismi «a» (jismoniy azob berib, zo‘rlik ishlatib, g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha ayolni qamchilagan to‘rt nafar erkak gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: