2005 yildan beri Navoiy viloyati teleradiokompaniyasida ishlab kelayotgan jurnalist Ruxsora Karimova YTH qurboni bo‘ldi. U shu yil 12 aprel kuni 37 yoshni qarshilagandi. Baxtsiz hodisa u ish yuzasidan Toshkent shahriga kelayotganda sodir bo‘lgan, biroq ayni paytda YHTga oid boshqa tafsilotlar ma’lum emas.
Marhumaning hamkasblari uning viloyat teleradiokompaniyasidagi iqtidorli, o‘z uslubi va ovoziga ega muharrirlaridan biri bo‘lganini aytishmoqda.
«Ruxsora Karimova Navoiy viloyati teleradiokompaniyasi ijodkorlari orasida o‘z ovozi, yo‘nalishiga ega qalamkashlardan edi...», deb yozgan Dilafro‘z Qo‘shoqova.
«Navoiyda shu qish qor yog‘madi hisobi. Faqatgina Langar tog‘lari oppoq qor edi. «Adabiy muhit» ko‘rsatuvini s’yomka qilish kerak bo‘lib qoldi. Ruxsora oppoq qorda olamiz, Langarga boramiz deb turib oldi. Va uning gapi bilan erinmasdan Langarga bordik qor uchun. Ruxsora ana shunday — har bir ko‘rsatuvini ishtiyoq bilan, erinchoqlik qilmasdan tayyorlardi», deya xotirlagan Ruslan Saburov.
Ma’lum bo‘lishicha, 2019 yili O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetiga (sirtqi ta’lim, bakalavr bosqichi) o‘qishga kirgan Ruxsora Karimova joriy yilda 3-kursda tahsilni tamomlagan.
Asli Samarqand viloyatining Paxtachi tumanidan bo‘lgan jurnalist Navoiyga kelin bo‘lgan, marhumadan uch nafar farzand qolgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Nukusda bo‘lib o‘tgan II Xalqaro baxshi festival-tanlovining yoritish uchun borgan “Xalq so‘zi” gazetasi muxbiri Said Mahsumov Xorazm viloyati hududida avtohalokatga uchragandi. 36 yoshli jurnalist bilan birga u ketayotgan mashinaning haydovchisi va yana ikki yo‘lovchisi YTH qurboni bo‘lgandi.