Joriy yilning 15 iyulidan “Tashabbusli budjet” jarayonining ikkinchi mavsumi boshlanadi. Bu haqda Moliya vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, ikkinchi mavsum doirasida g‘olib deb topilgan loyihalarni moliyalashtirish maqsadida respublika bo‘ylab qariyb 900 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi kutilmoqda.
Shuningdek, fuqarolar tomonidan berilgan taklif va mulohazalar asosida “Tashabbusli budjet” jarayonini o‘tkazishning amaldagi tartibiga ayrim tuzatish va qo‘shimchalar kiritilgan.
Xususan, endilikda har bir bosqich 20 kundan – jami 60 kun davom etadi. Shunga ko‘ra, “Tashabbusli budjet” jarayonining 2-mavsumi:
- 1-bosqich – takliflarni ilgari surish – 15 iyuldan – 3 avgustgacha (Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 15 avgustdan – 4 sentabrgacha);
- 2-bosqich – loyihalarni saralab olish – 4 avgustdan – 23 avgustgacha (Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 4 sentabrdan – 24 sentabrgacha);
- 3-bosqich loyihalarga ovoz berish – 24 avgustdan – 12 sentabrgacha (Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 24 sentabrdan – 14 oktyabrgacha) davom etadi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda “Tashabbusli budjet” jarayoniga fuqarolarni keng jalb qilish maqsadida jarayonning boshlanishi oldidan fuqarolarga ommaviy tarzda xabardor etuvchi maxsus SMS xabarnoma yuborishi ko‘zda tutilgan.