Navoiyda noma’lum maxluq qo‘ylarni bo‘g‘izlab ketdi

Jamiyat 16:48 / 13.07.2022 36051

Xatirchi tumanining Yangirabod mahallasida paydo bo‘lgan noma’lum yirtqich hayvon aholining mol-qo‘yiga hujum qilyapti. So‘nggi uch kun ichida maxluq tomonidan bir buzoq va 23 bosh qo‘y bo‘g‘izlab ketilgan. Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi ushbu hayvon chiyabo‘ri ekanligini bildirdi. Hudud aholisi esa chiyabo‘ri birdaniga bunchalik ko‘p qo‘yga zarar yetkaza olmasligini aytmoqda.

Yangirabod mahallasi Xatirchi tumanining markazi hisoblanadi. Shunday bo‘lishiga qaramay, hududda paydo bo‘lgan noma’lum hayvon aholini xavotirga solib qo‘ydi. Sababi, yirtqich maxluq fuqarolarning chorvasiga ikki bor hujum qildi. Odamlar uning nima ekanligini bilisholmayapti. Kimlardir bo‘ri desa, kimlardir bu itning ishi bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Ammo hozirgacha biror kimsa uni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagan.

Bu hududda bo‘ri bo‘lishi haqiqatdan ancha yiroq. Oddiy daydi itlar ham birdaniga ko‘p qo‘yga zarar yetkazishi ishonarsiz holat.

Noma’lum yirtqichning ilk hujumi 8 iyul kuni kuzatilgan. Qishloqda yashovchi fuqaro Boliqul Jalilov o‘ziga tegishli yer uchastkasida mollarini qoldirgan. Erta tongda ulardan xabar olgani borgan xonadon egalari buzoqlardan biri bo‘ynidan bo‘g‘izlab ketilganligini ko‘rgan.

Bir yoshga yetay degan buzog‘imizni nimadir talab, bo‘g‘izlab ketibdi. Katta mollarimiz ipini uzib qochgan, lekin bu buzoqcha ipini uzolmagan. Atrofida uchga yaqin it aylanib yurgan ekan. Katta-katta daydi itlar ham ko‘p. Endi buni itlar qildimi yoki boshqa hayvon qildimi, bilmaymiz. Mol boqishning o‘zi bo‘lmasa, boshqa mollarimizga ham zarar yetkazishidan xavotirdamiz”, — deydi xonadon bekasi Malohat Jalilova.

Oradan ikki kun o‘tib, 9 iyuldan 10 iyulga o‘tar kechasi noma’lum hayvon yana qishloq oralagan. Bu safar u qo‘raga qamalgan 72 bosh qo‘ydan 23 boshini bo‘g‘izlab, 10 boshdan ortig‘ini esa yarador qilib ketgan.

Qo‘ra aholi xonadonlariga juda yaqin bo‘lib, o‘rtadan yo‘l o‘tgan xolos. 4-5 nafar fuqaro o‘z qo‘ylarini qo‘shgan holda navbati bilan boqadi va kechqurun shu qo‘raga qamaydi. Maxluq bu yerga qanday kirgani noma’lum. Chunki qo‘ra devor bilan o‘ralgan.

Nobud bo‘lgan qo‘ylarning egalaridan biri Qahramon Hamroyev holat bo‘yicha shunday deydi:

Ertalab soat 5:30larda kelsak, qo‘ylarimiz qo‘rada bo‘g‘izlangan holda to‘da-to‘da bo‘lib yotibdi. Bir-ikkitasi qo‘radan chiqib qochgan, ko‘pi yaralangan. IIB xodimlarini chaqirdik, veterinar kelib yaralanganlarini davolab ketdi. Chorva qilishga ham qo‘rqib qoldik, kimga murojaat qilishni bilmaymiz. 24 bosh qo‘yimizni nobud qilib ketdi. Ertalab vaqtli kelib, shu yerdan olib chiqib ketardik. Zovur yoqalariga boqib, kun ko‘rib yurgan edik-da. Bir-ikki qo‘shnilarimiz ham qo‘y qo‘shib qo‘ygandi. Tushunishsa so‘ramas, ammo topib ber deyishsa, bir iloj qilamiz endi. Birovlar it deydi, ayrimlar shog‘ol deydi, nimaligini bilmaymiz, ko‘rmaganmiz o‘z ko‘zimiz bilan”.

Qishloq keksalaridan biri Ziyodullo O‘rolovning ta’kidlashicha, hududda yaqin yillarda bunaqa holat kuzatilmagan.

“Sel talafotlarini ko‘rganmiz, zilzila ko‘rganmiz, biroq bunaqa noxush voqeaga shu paytgacha duch kelmagandim. To‘g‘ri, bir-ikki bosh mayda shoxli mollarni yarador qilish holatlari kuzatilgan, lekin birdaniga 30-40 bosh qo‘yga ziyon yetkazish bo‘lmagandi. Bu it emas, shog‘ollar ham bunchalik ko‘p qo‘yga zarar yetkazolmaydi, boshqa biror hayvon bo‘lishi mumkin. Yirik yoki mayda shoxli moli qancha ko‘p bo‘lsa, odamlar shuncha to‘q bo‘ladi. Agar bu holatning oldi olinmasa, bu kabi vaziyat davom etaversa, oddiy xalqqa jabr bo‘ladi. Qolaversa, bugun molga tashlangan hayvon ertaga odamga ham tashlanishi mumkin”, — deydi Ziyodullo O‘rolov.

Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi esa o‘z rasmiy xabarida odamlarning chorvasiga hujum qilgan hayvon chiyabo‘ri ekanligini, hozirda uni tutish uchun barcha ta’sir choralari ko‘rilganligini bildirgan.

Mutasaddilar mazkur masalaga jiddiyroq e’tibor qaratishlari zarur. Chunki hudud aholisi maxluq yana qaytishidan, odamlarga ham, ayniqsa bolalarga tashlanib qolishidan xavotirda.

Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri

Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.

Ko‘proq yangiliklar: