Bunday kunlarda ko‘pchilik boshidan suv quya boshlaydi, «issiqdan o‘layozdim», deya konditsionerli xonalarni tark etishmaydi, litrlab suv ichishadi. Savol tug‘iladi: chindan ham inson tashqi havoning isishi natijasida o‘lib qolishi mumkinmi?
Olimlar inson organizmining chidamliligi chegaralarini aniqlashga mudom intilib kelgan va doim yangi ixtirolar qilishadi. Oldinga o‘tgan holda ta’kidlashimiz kerak: inson ochiq quyosh ostida bir necha daqiqada o‘zini yomon his qila boshlashi mumkin. Biroq inson organizmi yanada kattaroq ziyonga duchor bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa xavfli sharoitlar ham bor.
Quyosh tig‘i nimasi bilan xavfli?
Inson salomatligiga eng katta ziyon – u ochiq osmon ostida, quyosh tig‘ida qolib ketganda yetkazilishi o‘z-o‘zidan tushunarli narsa. Yozda havo harorati 40 darajadan ham o‘tadi, cho‘l va dashtlardagi ochiq dalalarda bu ko‘rsatkich yana 10-20 punktga ziyodroq ham bo‘lishi mumkin. Quyosh ostida insonning boshi ayniqsa zarbaga birinchi bo‘lib duchor bo‘ladi — issiq harorat inson boshining po‘stlog‘ini qizdiradi, bu esa tomirlar kengayishiga olib keladi. Buning oqibatida boshga katta hajmda qon oqa boshlaydi, bu esa miyadagi qiltomirlar yorilishiga olib kelishi mumkin. Bu butun markaziy nerv tizimiga ziyon yetkazishi mumkin.
Quyosh va issiq urishi
Jaziramada inson issiq urishi yoki quyosh urishidan jabr ko‘rishi mumkin. Bu alohida-alohida farqli holatlardir.
Keling, avval quyosh urishining og‘irlik darajasiga ko‘ra eng keng tarqalgan alomatlari bilan tanishtirib o‘tamiz:
- Yengil darajadagi quyosh urishi holsizlik, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, nafas olish va puls urishi tezlashishi, ko‘z qorachig‘i kengayishi bilan namoyon bo‘ladi;
- O‘rta darajadagi quyosh urishi yuqorida sanalgan alomatlardan tashqari, quloq bitishi, qadam bosish qiyinlashishi, hushdan ketish va tana harorati 38–40 darajagacha ko‘tarilishi bilan yuzaga chiqadi;
- Og‘ir darajadagi quyosh urishi kutilmaganda namoyon bo‘ladi: inson terisi oqaradi, ong ravshanligi yo‘qoladi, ixtiyorsiz najas ajraladi, tana harorati 42 darajagacha ko‘tarilib ketishi mumkin.
Tez tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, quyosh urishining og‘ir holatlari 20–30 foiz holatda o‘lim bilan yakunlanishi mumkin. Tezkor tibbiy yordamda bemor inson soya va salqin joyga olib o‘tiladi va peshonasiga sovuq kompress bosiladi. Tez yordamga qo‘ng‘iroq qilinadi.
Issiq urishi esa inson tanasi haroratining 36,6 darajadan ko‘tarilib ketish holatiga aylanadi. Quyosh urishi issiq urishining alohida bir holati. Quyosh urishidan ko‘ra issiq urishiga osongina va ko‘proq duchor bo‘lish mumkin — buning uchun issiq va dim xonada ishlash, qalin kiyimda yurish yetarli.
Issiq urishi insonni quyosh urishiga nisbatan tezroq mahv etadi. Uning alomatlari:
- Teri qizarishi;
- Butun tanadagi holsizlik;
- Ko‘ngil aynishi va qusish;
- Bosh aylanishi;
- Mushaklardagi spazmlar.
Issiq urgan inson tekis sirtga yotqizilishi kerak, agar u qusa boshlagan bo‘lsa, massa uning tomog‘iga tiqilib qolmasligiga e’tibor berish lozim. Sovuq kompresslardan tashqari issiq urgan insonning ustidan 20 darajagacha bo‘lgan sovuq suv quyib turiladi. Albatta, darhol tez yordamga qo‘ng‘iroq qilish kerak, chunki to‘laqonli tibbiy yordamni faqat mutaxassislar ko‘rsata olishadi.
Inson o‘zini quyosh va issiq urishidan qanday asrashi mumkin?
Organizm qizib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun jaziramada ochiq rangdagi kiyimlar kiyib, ko‘proq suv ichish kerak. Bosh kiyim bilan boshni ham quyosh tig‘idan asrash kerak. Ishlash chog‘ida ko‘proq nafas rostlab turish kerak, ayniqsa quyosh kuydiradigan paytlarda siyesta tizimi — pana va salqin joyda o‘tirib, dam olishni yo‘lga qo‘yish lozim. Jaziramada ko‘p ovqat yeyish yaramaydi, ayniqsa alkogolli ichimliklarni mutlaqo ichmaslik kerak.
Inson salomatligi uchun eng xavfli havo
Biroq inson hattoki soyada ham qattiq issiqdan jabr ko‘rishi mumkin. «Ho‘l termometr» deb ataladigan sharoit pishib yetilsa ayniqsa yomon bo‘ladi. Bunda havo harorati o‘rtacha 31,1 daraja issiq, nisbiy namlik ham 95 foizdan yuqori bo‘ladi. Bunday sharoitlarda inson organizmi tana haroratini ter ajratib tartibga solish imkoniyatini yo‘qotadi, natijada barcha salbiy oqibatlari bilan issiq urishi namoyon bo‘ladi. Mutaxassislar bunday sharoitlarda mutlaqo chidamli va soppa-sog‘ insonlar ham o‘lib qolishi mumkin, deb hisoblashadi.
«Ho‘l termometr» sharoitida inson yengil kiyim va yonida ko‘p miqdorda suv bo‘lsa ham xavfdan qutula olmaydi. U qancha terlamasin, tanasining harorati baribir osha boshlaydi — qutulib qolishning yagona yo‘li namlik miqdori kamroq bo‘lgan salqin joyni topish.
Havodagi namlik darajasi ko‘tarilishi O‘zbekistonda nihoyatda kam kuzatiladi. Namlikning o‘ta yuqorilashi sharoitida jon saqlash qiyin bo‘lgan mintaqalar qatoriga Janubiy Osiyo, Yaqin Sharqning dengiz sohillari va Shimoliy Amerikaning janubiy-g‘arbiy qismi kiradi.