Toshkent viloyati IIBB tomonidan o‘tkazilgan «Zarbdor» tezkor-profilaktik tadbiri davomi o‘ta og‘ir turdagi jinoyat sodir etgani uchun qariyb 20 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan ayol ushlangan.
Qayd etilishicha, 11 iyun kuni viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan Qozog‘iston Respublikasi politsiyasi bilan hamkorlikda olib borilgan qidiruv tadbirlari natijasida ayol Shimkent shahri hududida qo‘lga olingan va O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan.
Ma’lum bo‘lishicha, 1962 yilda tug‘ilgan F.U. Qibray tumanida yashagan va Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan 2003 yilda Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan. Ammo o‘tgan davr mobaynida tergov organlaridan yashirinib yurgan.