Sudda fuqarolar g‘alaba qildi va “Novza”da tinchlik o‘rnatildi

Jamiyat 19:50 / 07.07.2022 10342

Kun.uz Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Muqimiy ko‘chasi, “Novza” turar joy majmuasida yashovchi fuqarolar 20V-uyning yerto‘lasi va birinchi qavatida joylashgan “TIME WARNER ENTERTAINMENT” MChJga tegishli  “MYaTA” kafe-restorani faoliyatidan norozi ekanligi haqida ma’lum qilgandi. “MYaTA” kafe-restoran deb atalgan bo‘lsa-da, u o‘z faoliyatini tungi klub sifatida olib borgan. Bu yerda qo‘yiladigan musiqaning shovqini hamda boshqa holatlardan ko‘p qavatli uyda yashovchilar doimiy aziyat chekib kelgan.

2022 yilning 23 may kuni Toshkent shahar Uchtepa tumanlararo sudida da’vogarlarning “MYaTA” kafe-restoraniga nisbatan faoliyatini to‘xtatish va ko‘chirib yuborish haqidagi da’vo arizasi asosida qo‘zg‘atilgan ish ko‘rib chiqildi.

Sud qaroriga ko‘ra, “MYaTA” restorani faoliyati davomida ko‘p qavatli uyda yashovchi fuqarolarning osoyishtaligini buzib, normal dam olishlariga xalaqit bergan. Ayniqsa, restoranda tungi vaqtlarda “diskoteka” uyushtirilib, baland ovoz chiqaruvchi apparaturalardan foydalanilgan. Xususan, mutaxassislar tomonidan mazkur ko‘p qavatli uyning 31-xonadonida baland ovoz chiqaruvchi apparaturalardan foydalanish vaqtida chiqayotgan shovqin va tebranish o‘lchab ko‘rilganida yo‘l qo‘yiladigan miqdordan 2-9dB baland ekanligi aniqlangan.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 15 oktyabrdagi 648-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomning 11-bandida ko‘p kvartirali uyning yerto‘lasida soat 23:00 dan keyin ham ishlaydigan umumiy ovqatlanish korxonalari, restoranlar, kafelar, kafeteriylar, barlarning faoliyat yuritishi mumkin emasligi belgilangan. Ammo “MYaTA” restorani amalda tungi klub sifatida soat 23:00 dan keyin ham faoliyat yuritib kelgan.

Sud qarori bilan da’vogarlarning da’vo arizasi qisman qanoatlantirilib, “TIME WARNER ENTERTAINMENT”MChJga tegishli “MYaTA” restoranining “Novza” turar joy majmuasi 20V-uydagi umumiy ovqatlanish faoliyati to‘xtatildi.

 

Ko‘proq yangiliklar: