Toshkent viloyatining Qibray tumani Chinobod ko‘chasidan avtomashinaga chiqqan homilador ayolni yo‘lda to‘lg‘oq tutgan. SSV matbuot xizmati xabar berishicha, unga hamroh bo‘lgan qaynonasi taksi haydovchisiga eng yaqin tibbiyot muassasasiga olib borishni so‘ragan.
«Poytaxtimizdagi Ulug‘bek shaharchasi 1-son poliklinikasi hududiga «Matiz» rusumli avtomashinada olib kelingan homilador ayolga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatishga kirishildi.
Bu vaziyatda har bir soniya hisobli edi. Tug‘uruq jarayoni esa allaqachon boshlangan. Shoshilish zarur! Aslida oilaviy poliklinika go‘dakni dunyoga keltirish uchun mo‘ljallanmagan bo‘lsa-da, ayolni shundoqqina ro‘paradagi ushbu muassasa binosiga olib o‘tishga ham fursat yetmadi.
Poliklinika mudirasi Hilola Jamilova o‘ta tezkorlik bilan butun mas’uliyatni zimmasiga olib, avtomobilning o‘zida ayolga doyalik qilishga kirishdi.
Mutaxassisligi akusher-ginekolog bo‘lgan mudira va uning jamoasi sa’y-harakati va qat’iyati sababli tug‘uruq muvaffaqiyatli amalga oshirildi», deyiladi vazirlik xabarida.
Shundan so‘ng ona va bola sog‘lom holda poliklinikaga eng yaqin hisoblangan Qibray tumani tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi tug‘uruq kompleksiga mutaxassis hamrohligida olib borilgan.
Hozir ona-bolaning ahvoli yaxshi, ular salomatligi tug‘uruq kompleksi shifokorlari nazorati ostida.