Qaltis paytdagi qat’iy va to‘g‘ri qadam

O‘zbekiston 01:33 / 03.07.2022 42055

Konstitutsion islohotlardagi kutilmagan og‘riqli nuqtaga aylanib qolgan Qoraqalpog‘iston masalasi yechimi turlicha bo‘lgani holda eng muhim shartlar o‘zgarmas qolishi lozim edi – bu ham bo‘lsa davlatning hududiy yaxlitligi muhokama qilinmasligi, o‘zbeklar va qoraqalpoqlar aslan bir xalqning ikki qanoti ekani hamda azaliy birdamlik davom etishi.

Afsuski, bu masalani o‘zgacha tushungan, provokatsiyaga uchgan, tinchlik qadrini unutib qo‘ygan bir guruh odamlarning ko‘chalarda to‘planib vaziyatni qaltis nuqtaga yetakladi. Ma’lumki, o‘zini hurmat qilgan har qanday davlat ayirmachilik ruhidagi chiqishlarga chidashi mumkin, ammo buning ortidan kelib chiqadigan tartibsizliklarga yo‘l qo‘ya olmaydi, fuqarolar xavfsizligi va hududiy yaxlitlikni so‘roq ostida qoldirmaydi.

Ko‘cha tartibsizliklari davom etishi bilan vaziyat butun mamlakat miqyosidagi jiddiy masalalarda so‘nggi nuqtani qo‘yuvchi shaxs – O‘zbekiston prezidentining bevosita aralashuvini talab qila boshladi.

Shavkat Mirziyoyev pragmatik siyosatchi ekanini yana bir marta ko‘rsatgan holda, muhim va qat’iy qadamni qo‘ya oldi. Nukusga, voqealar markaziga borib, barcha masalalarni birma-bir muhokama qildi va aniq yechimni o‘rtaga tashladi: Konstitutsiyaning Qoraqalpog‘istonga oid moddalari o‘zgarishsiz qoldiriladi.

Davlat rahbarining aholiga murojaati quyidagicha jarangladi:

“Aziz vatandoshlar!

Hurmatli Qoraqalpog‘iston xalqi!

Ma’lumki, shu kunlarda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha umumxalq muhokamasi davom etmoqda.

Albatta, konstitutsiyaviy islohotlarimiz Vatanimizning bugungi va kelajak hayoti uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masaladir.

Muhokamalarda ko‘pmillatli xalqimiz o‘zining ko‘plab taklif va tavsiyalarini bildirmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi e’lon qilingan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasidan o‘tkaziladi. Shundan so‘ng fuqarolar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar asosida Qonunchilik palatasi tomonidan takomiliga yetkaziladi.

Keyin esa mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qo‘yilib, fuqarolarimiz erkin ovoz berish orqali o‘zlarining bu masala bo‘yicha xohish-irodasini ifoda etadi.

Shundan keyingina O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar qonuniy tusga kiradi”.

Albatta, masala 1 iyul kungi darajaga chiqishining qator obektiv sabablari, xususan xalq bilan muloqotning samarali tashkil etilmagani va boshqa omillar atroflicha o‘rganib chiqilishi lozim. Bu – ana shunday xatolarga qayta yo‘l qo‘yilmasligi uchun ham juda zarur.

Joriy etilgan favqulodda holat borasida esa ortiqcha savollarga o‘rin yo‘q: O‘zbekistonning hududiy yaxlitligi savol ostiga olinmaydi, unga nisbatan yuzaga kelgan har qanday tahdid dadil va aniq choralarga olib keladi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mazkur voqea bir tomondan o‘zbek-qoraqalpoq birdamligining sinovi bo‘lgani va ikki qardosh xalq bu sinovdan munosib o‘tganini ko‘rsatgan bo‘lsa, boshqa tomondan Qoraqalpog‘iston aholisining talab va istaklari prezident Shavkat Mirziyoyev uchun yuqori darajada ahamiyatga ega ekanini tasdiqladi.

Abror Zohidov

Ko‘proq yangiliklar: