Xavf ostidagi genofond: o‘zbekistonliklarning poliz ekinlaridan zaharlanishini to‘xtatish kerak

O‘zbekiston 11:54 / 01.07.2022 50945

Ammo bu yerda gap shunchaki eski mahsulotni iste’mol qilib qo‘yishda emas. Gap dehqonlar tomonidan mahsulotni yetishtirish davomida unga selitra yoki zaharli preparatlarning haddan tashqari ko‘p solinayotganida.

Bugun bozorda biror poliz mahsuloti yo‘qki, u mineral o‘g‘it va preparatlarga to‘yinmagan bo‘lsa. Soha juda xavfli darajada nazoratsiz ishlamoqda.

Baxtiyor Abdug‘ofur – FA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti katta ilmiy xodimi, biologiya fanlari nomzodi.

U mamlakat qishloq xo‘jaligida haddan tashqari ko‘p qo‘llanayotgan kimyoviy vositalar xavfli kasalliklar ko‘rsatkichini oshirayotgani va milliy genofonddan xavotirda.

«Bu birinchidan, biologik xavfsizlik masalasi. Bu millatning genofondi masalasi.

Men tarvuz olib yegim keladi. Ha, farzandlarim so‘ragani uchun ularga olib beraman. Lekin har safar qo‘limga tarvuzni ushlarkanman, bombani tutgandek bo‘laman. Chunki tarvuz, qovun, piyoz, kartoshka va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining qanday yetishtirilishini yaxshi bilaman. Oddiy issiqxonalardagi pomidor, bodringni qanday yetishtirishlarini bilaman. Odamda saraton kasalligini rivojlantiradigan dorilarni qo‘llab mahsulot yetishtirishlarini bilaman.

Istalgan qishloq xo‘jaligi mahsulotini oling, hammasining zahari bor. Biz yeyayotgan narsalarning hammasi sekin ta’sir etuvchi bomba», – deydi olim.

Bugun dunyoning rivojlangan davlatlarida biologik toza mahsulotlar yetishtirishga o‘tilayotgan bir paytda O‘zbekiston dehqonchiligi hamon kimyoviy o‘g‘itlarga suyanganicha qolmoqda.

Dehqonlar ko‘proq mineral o‘g‘it bersam mahsulotning o‘sishi tezlashadi, tezroq hosil olaman, deb o‘ylaydi.

Bu holatni Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh toksikologi Abduhakim Sarimsoqov shunday izohlaydi:

«Bugun dehqon o‘zining mahsulotiga nimani, qachon va necha dozada qo‘shayotganini bilmaydi. Chunki u dehqon-da. Ilgari «rayselxozximiya» nomli tashkilot bo‘lardi. Ular o‘simliklarga ishlov berardi va bu ishlovlar ro‘yxatdan o‘tkazilardi. Bugun qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga berilayotgan ishlovlarning hech biri ro‘yxatdan o‘tmagan.

Eng qizig‘i, dehqonning oldiga borib, yetishtirayotgan o‘simligiga nima dori ishlatganini so‘radik. «Anavi sariq doridan yarim stakanni bir chelak suvga qo‘shib ishlatdim», – deyapti.

Bizda yana bir o‘zbekcha munosabat bor. Dehqonlar belgilangan dorini sal ko‘proq sepsam, yaxshi bo‘ladi, deb o‘ylaydi.

Qoida bo‘yicha laboratoriyaga tekshirish uchun olib kelingan o‘simliklarga qanday ishlov berilgani va qanday preparatlar qo‘llangani haqida ma’lumot bo‘lishi kerak. Lekin dehqon nimani qachon ishlatganini bilmaydi».

Xo‘sh, nima qilish kerak?

Toshkent davlat agrar universiteti qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini standartlashtirish va sertifikatlashtirish kafedrasi dotsenti Mirzaahmad Odinayevga ko‘ra, O‘zbekistonda nafaqat eksport, balki ichki bozor uchun yetishtirilayotgan mahsulotlar uchun ham uning xavfsizligini kafolatlovchi Global G.A.P. halqaro sertifikatini joriy qilish vaqti allaqachon kelgan.

GLOBAL G.A.P bu – 150 ga yaqin davlatlarda yetishtirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini ta’minlayotgan halqaro dastur. Uning maqsadi dunyoda mahsulot yetishtiruvchilar, uni sotuvchilar va xaridorlar uchun xavfsiz ishlab chiqarish jarayonini ta’minlashdan iborat.

Olimga ko‘ra, GLOBAL G.A.P yetishtirilayotgan mahsulotlarni sertifikatlash bilangina cheklanib qolmay, atrof-muhitni himoya qiladi, mahsulot yetishtiruvchilar va jonzotlar salomatligini ham saqlaydi.

«Bu standartga ega bo‘lgan ishlab chiqaruvchi o‘z mahsulotini dunyoning barcha davlatlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri eksport qila oladi.

Agar bu standartni qabul qilishimiz kechikaversa, ortga suraversak, biz xalqaro talab darajasidagi mahsulotlarni iste’mol qilish imkoniyatidan mahrum bo‘laveramiz. Men mutaxassis sifatida O‘zbekistonda ichki iste’mol uchun yetishtirilayotgan mahsulotlar uchun ham GLOBAL G.A.P sertifikatini joriy etishni taklif qilaman. Bu xavfsiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish garovidir.

Bugun GLOBAL G.A.P’ni joriy qilish vaqti keldi», – deydi u.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi eski usullar va kimyoviy o‘g‘itlarga asoslangan holda ishlashda va odamlarni zaharlashda davom etadimi yoki malakali, xavfsiz mahsulot yetishtirish yo‘lini tanlaydimi?

Ilyos Safarov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Ko‘proq yangiliklar: