Noqonuniy ma’muriy aktlar bo‘yicha javobgarlik kuchaytiriladi

O‘zbekiston 17:01 / 01.07.2022 8298

Yangi tahrirdagi “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonun muhokama etilib, senatorlar tomonidan qonun maqsadi, vazifalari hamda qo‘llanilish sohasi yanada kengaytirilgani, o‘zboshimchalikni hamda vakolat suiiste’mol qilinishini taqiqlash, huquqni qo‘llashni rad etishga yo‘l qo‘ymasligi kabi yangi prinsiplar bilan to‘ldirilgani e’tirof etildi.

Qonun qo‘llanilishi sohasi kengaytirilib, uning pensiya ta’minoti, soliq, bojxona, davlat nazorati, yer uchastkalarini ajratish va olib qo‘yish sohalariga tatbiq etilishi aniq belgilanishi ta’kidlandi.

Yangi tahrirdagi qonun kuchga kirishi natijasida oddiy fuqarolarga bir qator yengilliklar yaratilishi ta’kidlandi. “Umumiy vakil” instituti, ya’ni bitta murojaat bo‘yicha 50 va undan ortiq fuqaro ishtirok etayotgan bo‘lsa, ular tomonidan umumiy 1 ta vakil tayinlanishi belgilanmoqda. Ma’muriy ish cho‘zilib ketishi oldini olish maqsadida barcha jarayonlar bitta majlisda ko‘rish choralari ham nazarda tutilmoqda.

Qaror haqida xabardor qilish mexanizmlari o‘zgarib, ommaviy xabardor qilish tushunchasi kiritilmoqda. Ish yuritishni to‘xtatib turishi shart bo‘lgan aniq holatlar, sudgacha ko‘rib chiqish tartibi, mansabdor tomonidan noqonuniy ma’muriy aktlar qabul qilinsa moddiy javobgarlik ham belgilangan.

“Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ham muhokama qilindi. Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda “Tashuvchi fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgarishlar kiritilmoqda.

Senatorlar ta’kidlashicha, moddiy madaniy meros obektlari muhofazasi bo‘yicha javobgarlikni belgilash muhim masalalardan hisoblanib, Jinoyat kodeksi tegishli (168- va 169-) moddalarini og‘irlashtiruvchi holat sifatida javobgarlik belgilanishi qo‘llab-quvvatlandi. 

O‘zgartish va qo‘shimchalar natijasida yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yo‘lovchilar hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga zarar yetkazganlik uchun o‘z fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtasi ta’minlanishiga, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, muqaddas qadamjolar munosib saqlanishiga hamda madaniy meros yodgorliklariga hurmatsizlik yoki ularni tahqirlash bilan munosabatda bo‘lish holatlari oldi olinishiga hamda elektron pul mablag‘larini, plastik kartasidan pul mablag‘ini talon-toroj qilish kabi o‘g‘rilik va firibgarlik jinoyatlarining oldini olishga erishiladi.

Majlis yakunida qo‘mita tegishli xulosalari tasdiqlanib, Senat kengashiga taqdim etish belgilandi.

Ko‘proq yangiliklar: