“Bu bizga katta dalda bo‘ldi”: prezidentdan sovg‘a olgan xasta bolalar quvonchi

Jamiyat 16:50 / 01.07.2022 15923

Bu kasalxona nomini eshitganda bir seskanadi odam. Chunki ko‘zlarida xastalik aks etgan noumid bolalar, har daqiqasini xavotir va qo‘rquv bilan o‘tkazadigan ota-onalarning ham moddiy, ham ma’naviy qo‘llovga muhtoj nigohlari ko‘z o‘ngimizga keladi.

Bundan bir yil muqaddam prezident Sh.Mirziyoyev Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida davolanayotgan bolalar holidan xabar olib, u yerdagi sharoitlar bilan tanishdi. Davlat rahbari shifoxonadagi bemor bolalar, ularning ota-onalari va shifokorlar bilan suhbatlashib, ular bilan birga ekanligini ta’kidlagan edi.

Shundan so‘ng bu markaz yangi zamonaviy binoga joylashtirildi va bemor bolalar muntazam ravishda shaxsan davlat rahbarining nazoratida bo‘lib turishibdi. Joriy yilning 30 iyun kuni markazda davolanayotgan bolalarga prezident nomidan sovg‘alar topshirildi.

Mazkur shifoxonada davolanayotgan va markazdagi "Mehrli maktab"da ta’lim olayotgan bolalar prezidentga xat yo‘llab, o‘zlarining qiziqishlari, orzu-intilishlari haqida ham yozgan edilar. Bugun ularga javob xatlari hamda hadyalar yetib keldi. Bemorlardan biri Dilzoda Saidxo‘jayevaga Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida grant asosida ta’lim olish uchun sertifikat, Diyorbek Abduqosimovga esa Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining faxriy a’zoligi haqidagi guvohnomalar ham berildi.

Dilzoda Saidxo‘jayeva, bemor:

“Yoshim 16da. Bolaligimdan dizayner bo‘lishni orzu qilaman. Kasalligim sababli o‘qishlarim to‘xtab qolgan edi, hozir davom ettiryapman. Bemor bo‘lib orzularimga yeta olmasligim mumkinligidan qo‘rqqandim, lekin umidimni so‘ndirmadim.

Shifoxonada yotganimda prezidentimizga xat yo‘llagan edim. Unda orzularim haqida yozgandim. Menga oliy ta’lim olishim uchun sertifikat berildi. O‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Kelgusida iqtidorli talabalar safida bo‘lishni, o‘zbek milliy liboslarini dunyo miqyosiga olib chiqishni istayman”.

Tadbirda prezidentga xat yozib o‘z orzusiga erishayotgan bemor bolalardan biri, Kun.uz tahririyati orqali ko‘pchilikka tanish bo‘lgan Ruslan Nasibulinga Mirziyoyevdan xat bilan birga noutbuk hamda kitoblar taqdim qilindi. Ruslan kelajakda IT mutaxassisi bo‘lishni orzu qiladi. Shuning uchun u sohani o‘rganish, onlayn darslar o‘zlashtirish maqsadida kompyuteri bo‘lishini istaganini aytadi.

Ko‘proq yangiliklar: