Jigar va ilik ko‘chirish operatsiyalari sabab kelayotganlar ko‘p
Bizning BLK-MAX klinikamizga murojaat qiluvchi o‘zbekistonliklarning katta qismini jigar ko‘chirish operatsiyasiga muhtoj bo‘lgan bemorlar tashkil qiladi. Undan keyingi o‘rinda ilik ko‘chirish amaliyoti o‘tkazishni so‘rab murojaat qilishadi. Bu bemorlar orasida yosh bolalar ayniqsa ko‘p uchraydi.
Bu kasallik aksariyat holatlarda nasldan naslga o‘tadigan xastalik hisoblanadi. Ularni davolashda, ya’ni ilik ko‘chirish operatsiyalarida donor topishda ota-ona va aka-uka kabi yaqin qarindoshlardan olinadi. Shuning uchun avvalo bemordan ham, donordan ham tahlillar olinib, mutanosiblik aniqlanadi. Ota-onada 50 foizgacha to‘g‘ri kelishi mumkin, aka-uka kabi yaqinlarida esa ba’zida 100 foizgacha to‘g‘ri keladi. Donor aniqlangandan so‘ng operatsiyaga tayyorgarlik ko‘riladi.
Operatsiyaga tayyorgarlik jarayoni uchun 2 oy muddat ketadi. Bu vaqtda kimyoterapiyalar amalga oshiriladi. Har oyda beshtadan - o‘nta kimyoterapiya o‘tkaziladi.
Bemor va donor o‘rtasidagi mutanosiblik operatsiya xarajatlariga ta’sir qiladi
Hozir O‘zbekistonda ilik ko‘chirish operatsiyasiga muhtoj bemorlar juda ko‘p ekan. Birinchi navbatda prezidentingizga bu boradagi ishlar uchun tashakkur aytaman. Chunki bunday xastaliklarga chalingan bolalarga davlat tomonidan katta yordam berish yo‘lga qo‘yilgan. Kasalxonada davolanish va qon quyish bizga nisbatan juda arzon bu yerda. Hindistonda bu muolajalar juda qimmat turadi.
Bizga bemorlar davolanish uchun borishganda birinchi o‘rinda bemorning holatiga qarab hamma kerakli ko‘rsatmalar, tavsiyalar beriladi. Agar bemorda ich ketish, qon ketishlar, tana harorati yoki jarohatlar bo‘lsa avvalo shundan davolanish kerak bo‘ladi. Bemor bu qo‘shimcha xastaliklardan xoli hamda yosh bo‘lsa, sog‘ayish imkoniyati shuncha ko‘p bo‘ladi.
Bemorning sog‘ayishida donorning qanchalik mos kelishi katta ahamiyatga ega. Agar donor va bemor o‘rtasida munosiblik 100 foiz bo‘lsa, bu sog‘ayishga katta ehtimol degani. Yoki 50 foizlik munosiblikda ham natija yaxshi bo‘lishi kuzatiladi. Operatsiyadan keyin yana ikki oylik davolanish kursi bo‘ladi. O‘zbekistondan borgan bemorlarning 85-90 foizi shu muolajalarni olishgandan keyin sog‘ayib qaytishmoqda. Albatta shifo Allohdan, shifokorlar faqat yaxshi natija ko‘rsatish uchun harakat qilishadi.
Shu paytga qadar ilik ko‘chirish operatsiyalari narxlari juda baland edi. Kuzatuvlarimizga qaraganda, o‘zbekistonlik bemorlarning ayrimlarida bir oiladan ikki a’zosi shu kasallikka chalingan holatlarni ham uchratdik. Bu ular uchun juda qimmatlik qilishi aniq. Chunki 45 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ ketar edi. Shundan so‘ng klinika rahbari bilan kelishgan holda imkon qadar narxlarni pasaytirishga qaror qildik. Hozirgi kunda agar donor 100 foiz to‘g‘ri keladigan bo‘lsa 25-30 ming AQSh dollari, 50 foiz to‘g‘ri keladigan bo‘lsa 30-35 ming AQSh dollari atrofida mablag‘ ishlatiladi. Har bir bemorda o‘tkaziladigan muolajalar turlicha bo‘lishi mumkin, mablag‘ ham shunga qarab ketadi.
Operatsiyadan keyingi jarayon
Ilik ko‘chirish operatsiyasini boshdan o‘tkazgan bemorlar uchun bir yillik davolanish kursi tavsiya qilinadi. Bu paytda to‘liq tiklanish uchun bemor parvarishiga alohida e’tibor berish lozim. Agar bemorda talasemiya kasalligi bo‘lsa, bu keyinchalik nasldan naslga o‘tishi mumkin. Shuning uchun shu bir yillik davolanishdan so‘ng tahlillar topshiriladi. Agar bemor oila qurish yoshida bo‘lsa nihoyatda ehtiyot bo‘lish kerak. U to‘liq sog‘ayib bo‘lgandan so‘ng oila qurish tavsiya qilinadi. Shundagina bu kasallik keyingi naslga o‘tmasligi mumkin. Bir yillik davolanishni uyda o‘tkazsa ham bo‘ladi.
Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.
Tasvirchi – Asadbek Kuryazov.
Reklama huquqi asosida