Nihoyat, avtomobillar oynasini qoraytirishga cheklovlar prezident topshirig‘i bilan ancha yumshatildi: orqa yon oynalarni qoraytirish bepul bo‘ldi, old yon oynalar uchun ruxsatnoma to‘lovi ancha arzonlashdi.
Ha, “tonirovka” gap-so‘zsiz allaqachon tekin bo‘lishi kerak edi. Ayniqsa, mashinalarning orqa yon oynalarini qoraytirish. Chunki orqa yon oynalarning qoraytirilishi chindan ham yozning jaziramasida quyoshning tig‘idan to‘sishga yordamlashadi, qolaversa – haydovchiga o‘tirgan o‘rnidan mashinani boshqarishda tevarak-atrofni kuzatishda aslo xalaqit bermaydi.
Shu paytgacha mashinalarning faqat orqa oynasini ruxsatnomasiz qoraytirish mumkin edi. Biroq o‘sha oynaning qoraytirilishi yoki parda taqilishi haydovchining o‘tirgan o‘rnidan ko‘zgu orqali orqani kuzatishga xalaqit beradi. Nega uni qoraytirish tekin-u, haydovchi deyarli qaramaydigan orqa yon oynalar tekin emas? Bu ham mantiqsizlik edi. Bunga prezident qarori bilan barham berildi.
Salondagi orqa yon oynalarni qoraytirish tekin bo‘lishi yo‘lovchilarni va sayyohlarni tashuvchi mikroavtobuslar va taksilar, ayniqsa jamoat transportida ham odamlarga qulaylik yaratadi.
Qolaversa, “tonirovka”ga ruxsat berish tekin bo‘lgani bilan, oynalarga plyonka yopishtirish pulli. Tekin bo‘lgach, talab ham ortadi va bu o‘z-o‘zidan narxlar o‘sishiga olib keladi. Aholi ancha-muncha xarajat qiladi. Bu xarajatga qo‘shimcha ravishda bir yillik ruxsatnoma uchun ham haq to‘lash adolatsizlik edi.
Qolaversa, O‘zbekistonda orqa oynalarga quyoshdan to‘sish uchun parda o‘rnatish mumkin. Bu ko‘plab sud jarayonlarida amaldagi tartib-qoidalarga zid emasligi o‘z isbotini topib bo‘lgan. Parda mumkin bo‘lgan joyga tonirovka plyonkasini yopishtirish mumkin bo‘lmagani kulgili-da.
Old oynalarni qoraytirish
Masalaning ikkinchi tomoni bor. Shaxsan men mashina oynalarining barchasini to‘liq tonirovka qilish bepul bo‘lishiga qarshi edim (yakunda shunday bo‘lib chiqdi ham).
Ha, avtomashina orqa eshigi oynalarini qoraytirish juda ko‘p davlatlarda tekin. Masalan, har tomonlama bizga eng yaqin davlat – Qozog‘istonda ham tekin. Old yon oynalarni qoraytirish esa ko‘p davlatlarda mumkin emas. Faqat kortejda ishtirok etadigan, mayoqchali mashinalarda to‘liq tonirovkaga ruxsat berilgan.
Eng avvalo, mashina old eshiklari oynasini qoraytirish – haydovchining boshqarish o‘rnidan tevarakni kuzatishga xalaqit beradi. Ayniqsa, tungi vaqtlarda. Qolaversa, hozirda mashinalar zavoddanoq barcha oynalarining shaffofligi 30 foizga so‘ndirilgan holatda chiqmoqda.
Shu sababli, mashinaning old eshiklari oynasini qoraytirishda shaffoflik 50 foizdan pasaymasligini qat’iy nazorat qilish lozim bo‘ladi. Ya’ni old eshik oynalari zavoddan 30 foiz qoraytirib chiqarilgan mashinalarga bor-yo‘g‘i 20 foizlik plyonka yopishtirilishi lozim bo‘ladi.
Jarima va to‘lovlar masalasi
Ayni paytda oynalarni qoraytirish uchun berilgan bir yillik ruxsatnoma muddati o‘tgach, u zudlik bilan uzaytirilmasa, 25 BHM – 7,5 mln so‘m jarima to‘lanadi. Ruxsatsiz “tonirovka” uchun ham shu jarima.
Shu paytgacha old yon oynalarni qoraytirish uchun 15 mln so‘m, orqa yon oynalar uchun esa 1,5 mln so‘m atrofida to‘lov qilinayotgan edi. Old oynalar uchun bu jarima mantiqli ko‘rinsa-da, orqa oynalar “tonirovkasi” uchun jarima mutanosib ravishda kam bo‘lishi kerak emasmi? 1,5 mln so‘mlik ruxsatnoma muddati o‘tsa ham 7,5 mln jarima! Bunaqasi hech bir davlatda yo‘q edi.
Jarima miqdori ham qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘ladi albatta. Aytaylik, 3 BHM miqdorida.
Ayni paytda “tonirovka” uchun ruxsatnoma bir yil muddatga beriladi. Lekin bir yil – hash-pash deguncha o‘tib ketadigan muddat. Shu sababli tonirovka uchun ruxsatnomani 5 yilgacha biryo‘la to‘lash mumkin qilib belgilash lozim. Haydovchi istasa, to‘lovning 5 yilligini birdan to‘lasin, bunda unga qandaydir chegirma (aytaylik, 30 foiz) berilsin.
Ayniqsa, shu yil may-iyun oylarida tonirovka uchun qimmatroq pul to‘laganlar puliga kuyib qolmasligi kerak. Ularga qo‘shimcha to‘lov bilan ruxsatnomani cho‘zish imkoni yaratilsa yaxshi bo‘lardi. Masalan, orqa yon oynalarni qoraytirish uchun 1,5 mln to‘laganlarga pulni-ku qaytarib bo‘lmas, biroq ularga yana 900 ming so‘m to‘lab, to‘liq tonirovka uchun ruxsatnoma olish imkoniyati yaratilishi kerak. Yoki 15 mln to‘laganlarga 7 yilgacha ruxsatnomasi cho‘zib berilishi lozim.
Rossiya Davlat dumasi kuni kecha ifloslangan davlat raqamlari, uyda unutib qoldirilgan hujjatlar, burilish chiroqchalaridan noto‘g‘ri foydalanish uchun jarimani bekor qilib, ogohlantirish joriy etdi.
Bizda ham shu kabi qoidabuzarliklar, bunga qo‘shimcha ravishda sug‘urta, “tonirovka” ruxsatnomasi muddati o‘tgan bo‘lsa, mashinani boshqarayotgan kishiga jarima qo‘llash, mashinasini jarima maydonchasiga kiritish o‘rniga ogohlantirish berish kerak. Hozir hamma YPX xodimlarida planshet bor. Qoidabuzarlik aniqlanganda ogohlantirish berilgani qayd etib qo‘yilsin – olam guliston.
Agar haydovchi qayd etilgan ogohlantirish olganidan so‘ng keyingi bir oy ichida qoidabuzarlik bartaraf etilmasa, belgilangan jarimani qo‘llash kerak.
Ya’ni old eshik yon oynalari 50 foizdan ko‘proq qoraytirilgan mashinalarga ham bir marta ogohlantirish berish kerak, shundan so‘ng u 1 oy ichida old oynasini boshqatdan tonirovkadan qilmasa, jarima qo‘llansa arziydi.
Bu masalada hamma tomonni e’tiborga olib, yetti o‘lchab bir kesish kerak. Yo‘llarda harakat xavfsizligi, insonlarning hayoti masalasi ham borligi unutilmasin. Chunki “beton” tonirovka qilingan avtomobillar yo‘llarda boshqalarga bepisand, yo‘l harakati qoidalarini mensishmaydi, avariyalar va unga eltuvchi holatlar keltirib chiqarishayotgani ham bor gap. Bu borada ham izlanishlar va nazoratni to‘xtatmaslik kerak.
Shuhrat Shokirjonov,
jurnalist