Yana “tonirovka” masalasi: nega jamoat avtobuslari uchun u tekin emas?

O‘zbekiston 16:42 / 26.05.2023 17476

Oynalarni qoraytirish, pardalar o‘rnatish bizning o‘lkamizda qariyb 9 oy hukm suradigan quyoshli kunlarda avtomobil salonidagi insonlarni issiqdan, quyoshning kuydiruvchi ultrabinafsha nurlaridan asrashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Eslasangiz, bir paytlar avtomobillarni tonirovka qilish umuman mumkin emasdi. Faqat avtomobillarning orqa oynasini va old oynasining tepasidan 14 sm qismini qoraytirishga ruxsat berilgan edi. Bunday taqiqqa xavfsizlik maqsadlari sabab qilib ko‘rsatilar edi.

Lekin haydovchilar uyushqoqlik bilan o‘z istaklarini ijtimoiy tarmoqlar orqali sobitqadamlik bilan bildirishda davom etishdi va niyatlariga yetishdi. Ko‘plab talab va istaklarni inobatga olib, respublika rahbari eng oliy darajada haydovchining o‘tirgan o‘rnidan atrofini ko‘rishga xalaqit bermayotgan barcha oynalar – avtomobillar salonining orqa qismi eshiklari oynalarini qoraytirish tekin qilindi.

Mana, pul evaziga bo‘lsa ham, old oynadan tashqari, yengil avtomobilning barcha oynalarini qoraytirish joriy etildi. Bundan xavfsizlikka hech qanday putur yetmasligi, aslida barchasi bo‘rttirib yuborilgani ma’lum bo‘ldi.

Hozir hattoki “Damas”lar ham old peshoynadan va old eshiklarning oynasidan boshqa oynalarini tekinga qoraytirib olib, mazza qilib yurishibdi.

Ayni paytda yengil avtomobillarning old eshiklari oynasini qoraytirish ma’lum summa evaziga amalga oshiriladi.

Avtobuslar uchun oynalarni qoraytirish summasi esa hamon balandligicha qolmoqda. Ayni paytda avtobus salonidagi oynalarni qoraytirish yiliga bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari (bugungi kunda 13 mln 200 ming so‘m) qilib belgilangan.

Bu – M3 toifadagi keng sig‘imdagi avtobuslar uchun belgilangan miqdor. Tor sig‘imli, M2 toifadagi kichik mikroavtobuslar uchun oynalarni qoraytirish narxi ham shuncha.

Endi e’tibor beraylik, keng va tor sig‘imli bunday avtobuslardan asosan qayerlarda foydalanilmoqda:

  1. Shaharlardagi jamoat transportlari
  2. Shaharlararo qatnovchi avtobuslar
  3. Turistlarni tashuvchi firmalarning avtobuslari
  4. Turli tashkilotlarning ishchi-xodimlarini tashuvchi avtobuslar
  5. Ayrim hududlarda maktab o‘quvchilarini tashuvchi avtobuslar

Avtobuslar uchun salon oynalarini qoraytirish nega bu qadar QIMMAT qilib belgilangani, umuman, nega avtobuslar uchun pulli qilib qoldirilganini hech kim tushuntirmagan.

Katta shaharlarda aholining katta qismi avtobuslardan foydalanishadi (Samarqand shahrida tramvay, Xorazm viloyatida trolleybus ham bor).

Umuman, avtobuslarning soni transportlar ulushi ichida eng kami bo‘lsa kerak. Masalan, shaharlarda avtomobillar yuz minglab sanalsa, avtobuslar minglab sanaladi, ya’ni ularning soni yuz barobar kam.

Qiziq va o‘rinli savol tug‘iladi: avtobus saloni derazalarini qoraytirish haydovchi, avtomobil saloni va tashqaridagi odamlarga qanday xavf tug‘dirishi mumkinki, jamoat transportidan foydulanuvchilar nega bunday “baxt”dan darig‘ tutilgan?

O‘zingiz mushohada qiling: jamoat transportidan asosan kimlar foydalanadi? Kamxarj aholi qatlami, xususan yosh bolalar, o‘quvchi-talabalar, qariya-pensionerlar. Aynan ular komfort sharoitdan mosuvo.

Bu tuturiqsizlikning yana bir jihati bor

Yurtimizga olib kirilayotgan so‘nggi rusumdagi yangi jamoat transportlarining ko‘pida konditsioner bor. Bu salonni biroz salqinlatsa ham, aynan quyoshning to‘g‘ridan to‘g‘ri salonni qizdirishi tufayli ko‘proq yonilg‘i sarflanishiga ham sabab bo‘ladi. Qolaversa, yurtimizdagi avtobuslarning qanchasi konditsionersiz ekanini ham chamalab ko‘ravering.

Turizm yo‘nalishi baravj, unga keyingi yillarda katta e’tibor qaratilmoqda va vatanimiz iqtisodiyotini ko‘tarishning asosiy yo‘nalishlaridan biri, aytish mumkinki, lokomotivi sifatida belgilangan. Shunday sharoitda, turizm bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar ham 40 BHM evazigagina avtobuslar oynasini qoraytirishi mumkin.

Bu pulga qizg‘angan turizm avtokorxonalari mijoz yo‘qotadi. Qildiray desa, o‘rnini qoplash uchun turistik xizmatlarning qiymatini oshirish kerak bo‘ladi.

Qolaversa, avtobusning ko‘p sonli oynalariga qoraytirilgan plyonka tortib chiqishning o‘zi ham yaxshigina xarajat talab qiladi. Unga ruxsat olish uchun yana har yili 13,2 mln pul to‘lash avtokorxonalarga aniq og‘irlik qiladi.

Ya’ni avtobus oynalarini qoraytirishga biror taqiq yo‘q. U shunchaki pulli va haddan tashqari katta pul belgilab qo‘yilgan.

Avtobuslarning ham yon oynalarini qoraytirish tekin qilinishi kerak. Bu borada yo‘lovchi tashish xizmati bilan shug‘ullanayotgan avtokorxonalar hamda Madaniyat va turizm vazirligi tashabbus bilan chiqishlari kerak.

Bu to‘lovdan manfaatdor faqat bitta davlat idorasi bor: Ichki ishlar vazirligi. Ular ham kutilayotgan bu foydadan voz kechib qo‘yaqolgani yaxshi. Chunki, ayniqsa ko‘p sonli jamoat transportlari ortiqcha chiqim qilib, avtobuslarning oynalarini qoraytirayotgani yo‘q. Ya’ni baribir kutilgan daromad tushmayapti.

Deputatlarimiz ham bu masalani parlament muhokamasiga olib chiqishsa, yaxshi bo‘lardi. Millionlab insonlarga qulaylik yaratgan ezgu tashabbus oxirigacha yetkazilishi kerak. Uning faqat avtomobil egalariga emas, transportdan foydalanadigan oddiy xalqqa ham foydasi tegishi lozim.

Shu o‘rinda biror xorijiy tajribani misol keltirishni lozim topdik. Saudiya Arabistonida millionlab ziyoratchilar asosan avtobuslarda olib yuriladi. Avtobuslar oynalari to‘liq qoraytirilgan – buning uchun davlatga hech qanday to‘lov qilinmaydi. Shunchaki, bunga tabiiy ehtiyoj borligi uchun. O‘zbekistonning yozi ham arab o‘lkasinikidan qolishmaydi.

Shunday ekan, bizni kutayotgan jazirama kunlar oldidan, bu masalani tezroq kun tartibiga chiqarish kerak.

Shuhrat Shokirjonov,
jurnalist

Ko‘proq yangiliklar: