Amaldagi Jinoyat protsessual kodeksining 17-moddasiga muvofiq, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas. Endi ushbu qoida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqi sifatida mustahkamlab qo‘yilishi kutilmoqda.
Muhokamaga qo‘yilgan Konstitutsiya loyihasiga ko‘ra, 25-moddaga jinoyat qonunchiligiga oid normalar qo‘shilyapti:
- hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas;
- hech kimda uning roziligisiz tibbiy yoki ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emas.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 29 dekabrda Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatida inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning izchil davom ettirilishini ta’kidlar ekan, tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish sohasida qiynoqlarning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish zarurligiga alohida e’tibor qaratilgandi. Mazkur dolzarb masala Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyada ham o‘z aksini topgan.
Qayd etish kerakki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi, shuningdek, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha milliy mexanizmlarni takomillashtirish maqsadida 2021 yil 26 iyunda «Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilingan.
World Prison Brief tashkilotining hisobotiga ko‘ra, hanuzgacha bir qator xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar tahlillarida O‘zbekistonda gumon qilinuvchilar qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi to‘g‘risida ma’lumotlar tarqatiladi.
O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 235-moddasi «Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash» deb nomlangan. Unga asosan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash uch yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor qilishni ta’qiqlash konstitutsiyadan o‘rin olishi davlatimiz insonparvarlik g‘oyalariga qanchalik sodiq ekanligimizni ko‘rsatadi.
2022 yil 29 martdagi «O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunga asosan shaxsga nisbatan har qanday qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash natijasida yetkazilgan zarar davlat tomonidan to‘la hajmda qoplab berilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritildi.
1966 yil 16 dekabrda qabul qilingan «Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risida»gi xalqaro paktning 7-moddasiga asosan «hech kim qiynoqlarga yoki shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoki jazoga duchor etilmasligi kerak. Jumladan, hech bir shaxs ustidan o‘zining erkin roziligisiz tibbiy yoki ilmiy tajriba o‘tkazilishi mumkin emas». 1984 yil 10 dekabrda qabul qilingan «Qiynoqlarga hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi konvensiya» paktda belgilangan talabni aniqlashtiradi.
Qiynoqlarga yo‘l qo‘ymaslik 2015 yildagi «Mahkumlar bilan muomala qilishning minimal standartlari», ya’ni Nelson Mandela qoidalarida ham belgilab qo‘yilgan. Mazkur talab Germaniya, Shvetsiya, Norvegiya, Ispaniya, Niderlandiya, Xorvatiya, Sloveniya va boshqa bir qator davlatlar konstitutsiyalarida mustahkamlab qo‘yilgan.