“O‘zbekneftgaz”: O‘zbekiston tarixida ilk bor sintetik GTL dizel mahsuloti ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi

Jamiyat 18:45 / 29.06.2022 16893

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning g‘oyasi va tashabbusi bilan bunyod etilgan, Yangi O‘zbekistonning uchinchi renessansi poydevori hisoblangan “Uzbekistan GTL” zavodida O‘zbekiston neft va gaz-kimyosi sanoatining tarixida ilk bor sintetik yoqilg‘i mahsulotlari ishlab chiqarishi boshlandi.

Mazkur voqea respublikaning zamonaviy neft-kimyo va neft-gazni qayta ishlash sanoati rivojida yangi texnologik bosqich hisoblanadi hamda ushbu kun O‘zbekistonda ilk bor sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani uchun ramziy ma’noda tarixiy kun hisoblanadi.

Ta’kidlash kerakki, bu quvonchli voqea 2022 yilning 29 iyun kuni bilan tarixga muhrlandi. “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev bugun, soat 7.30 da “Uzbekistan GTL” zavodida O‘zbekiston neft va gaz-kimyosi sanoatining tarixida birinchi sintetik GTL dizel mahsuloti ishlab chiqarilgani va ilk mahsulot olinganini rasman e’lon qildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi “Yurtimizda va umuman mintaqamizda neft-gaz sanoati sohasidagi eng yirik korxona hisoblangan “Uzbekistan GTL” zavodida O‘zbekiston neft va gaz-kimyosi sanoatining tarixida ilk bor sintetik yoqilg‘i mahsulotlari ishlab chiqarishi boshlangani va birinchi mahsulot olinganini” ta’kidlagan holda barcha ishchi-xodimlarni, “O‘zbekneftgaz” AJ jamoasini mazkur yutuq bilan samimiy tabrikladi.

Zavodning asosiy ishga tushirish ishlari, shu jumladan 11 mingga yaqin uskuna va asosiy ishlab chiqarish qurilmalari sinxron ishlashini ta’minlash, shuningdek, ularni to‘liq nazorat qilish va boshqarish O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari – “Uzbekistan GTL” zavodining mahalliy muhandislari va yosh mutaxassislari tomonidan mustaqil ravishda, xorijiy mutaxassislarning to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirokisiz amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Erishilgan kelishuvlarga ko‘ra 5 ming tonna miqdorida ishlab chiqarilgan sintetik dizelning birinchi partiyasi Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga yuborilishi ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, zavodda yiliga 3,6 mlrd metr kub tabiiy gaz qayta ishlanib, 1,5 mln tonna tayyor suyuq mahsulotlar ishlab chiqariladi. Jumladan, 307 ming tn aviakerosin, 724 ming tn dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlanadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: