Amerikaga yana yulduzlar oqimi. Yevropadan MLSga yo‘l olgan 13 futbolchi

Sport 17:07 / 29.06.2022 21477

AQSh va Kanadaning birlashgan oliy divizion ligasi – MLS (Major League Soccer) yulduzlarni Yevropadan okean ortiga chorlashda davom etmoqda. JCh-2018 g‘olibi Blez Matyuidi va Gonsalo Iguainning «Inter Mayami» safiga o‘tganidan so‘ng Amerika ligasi so‘nggi haftalarda Jorjo Kellini va Garet Beyl singari mashhur nomlarni «sehrli diyor»ga taklif etdi. Quyida Amerika va Kanadaga ko‘chib o‘tgan yulduzlar va bizni qanday qiziqarli chempionat kutib turgani haqida o‘qishingiz mumkin. 

Garet Beyl, «Los-Anjeles»

Uels milliy jamoasi sardori Amerika klubi bilan «1+1» shaklida shartnoma imzoladi. Beyl «Los-Anjeles» safiga erkin agent sifatida qo‘shildi. «Real»dagi faoliyati yakunida La Liga va Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lgan Garetning Madrid klubi bilan kelishuvi yakuniga yetdi. AQSh g‘arbidagi klubda uelslik forvard italiyalik Yevropa chempioni Jorjo Kellini bilan birga jamoaning yangi yuziga aylanadi.

«Los-Anjeles» so‘nggi 6 o‘yinda atigi 2 g‘alabaga erishgan bo‘lsa-da, MLS g‘arbiy konferensiyasida peshqadamlik qilmoqda. Qayd etish joiz, Amerika ligasida mavsum fevral oxirida boshlanib, oktyabr oyi o‘rtalarigacha davom etadi. Hozirgacha klublar jami 15-17 tadan o‘yin o‘tkazgan.

2020/2021 yilgi mavsumda Beyl «Tottenhem»ga bejizga qaytmaganini ko‘rsata olgandi – 34 o‘yinda 16ta gol. Biroq yakunlangan mavsumda Garet jarohatlar va sog‘lig‘idagi muammolar (tizza jarohati, koronavirus, beldagi og‘riq, mushaklar shikastlanishi) sababli bor-yo‘g‘i 7 o‘yinda bitta gol kiritgan, xolos. Okean ortidagi faoliyat Beyl uchun yangi chaqiruv va JCh-2022ga tayyorlanish uchun o‘ziga xos sinov bo‘ladi.

Jorjo Kellini, «Los-Anjyeles»

Tez orada 38 yoshni qarshilaydigan italiyalik himoyachi 17 yillik faoliyatidan so‘ng «Yuventus»ni tark etdi. AQShga ko‘chib o‘tishidan avval Kellini Italiya milliy jamoasidagi so‘nggi o‘yinini Finalissimada Argentinaga qarshi o‘tkazib, mag‘lubiyatga uchradi (0:3).

Jorjo uchun «Los-Anjeles»dan tashqari, «Inter Mayami» va «Toronto» ham kurashgandi. Kellinining o‘zi Italiya JCh-2022ga chiqsa, Turinda qolib, faoliyatini «Yuve»da yakunlamoqchiligi haqida gapirgan edi. Biroq mundialdan chetda qolgach, «keksa sinora»dagi faoliyatini 20ta sovrin, 560ta o‘yin, 36ta gol va 24 assist natijasi bilan yakunlash fikriga keldi. Jorjo ilk mavsumdan los-anjyelesliklarning sardoriga aylanishi kutilmoqda. 

Aleshandre Pato, «Orlando Siti»

32 yoshli braziliyalik hujumchi anchadan buyon soyada qolayotgandek. So‘nggi yillarda «Vilyarreal», «Tyanszin Tsyuanszyan», «San-Paulu» klublari sharafini himoya qilgan Pato 2021 yilning fevral oyida «Orlando Siti» a’zosiga aylangandi.

Ammo yangi jamoasidagi dastlabki mavsumni tizzasidagi jarohat sababli maydon tashqarisida o‘tkazib yubordi. Safga qaytgach, Aleshandre 17 o‘yinda maydonga tushib 3ta gol va shuncha assistga mualliflik qildi. Sharqiy konferensiya vakili «Orlando Siti» hozirda uchta o‘yin ko‘p o‘tkazgan holda peshqadam «Nyu-York Siti»dan ikki ochkoga ortda qolmoqda. 

Duglas Kosta, «Los-Anjeles Gelaksi»

«Bavariya» va «Yuventus»ning sobiq o‘yinchisi fevral oyidan buyon «Los-Anjeles Gelaksi» safida ijara asosda to‘p surayotgan bo‘lsa-da, iyuldan jamoaning to‘laqonli a’zosiga aylanadi.

Tinch okeani qirg‘og‘idagi jamoa safida Kosta 12 o‘yinda maydonga tushib, 2ta golga mualliflik qilgan. Braziliyalik hujumkor yarimhimoyachi «Los-Anjeles Gelaksi»ning yetakchilaridan biri bo‘lib, klubi bilan o‘z konferensiyasida 6-o‘rinda bormoqda. «Bavariya» bilan xayrlashgan 31 yoshli vinger orada 9 oy «Gremio» safida faoliyat yuritgan edi. 

Sherdan Shaqiri, «Chikago Fayr»

Shaqiri – MLSning eng ko‘p haq oluvchi o‘yinchisi. «Liverpul»dagi faoliyatidan so‘ng «Lion» safida 6 oy davomida 16 o‘yin o‘tkazgan futbolchi Amerikaga ko‘chib o‘tishga qaror qildi. Mavsum startidan avval u «Chikago Fayr» klubi bilan 2024 yilga qadar shartnoma imzoladi. Chikagoliklar shveysariyalik o‘yinchi uchun Fransiya klubiga 7 million yevro transfer puli to‘lashdi. Ammo natija shunga yarasha emas – jamoa sharqiy konferensiya autsayderi bo‘lib turibdi.

Iyun oyi yakunigacha vinger 12 o‘yinda to‘p surib, o‘z hisobiga 3ta gol va 2ta assist yozib qo‘yishga ulgurdi. MLS ma’lumotlariga ko‘ra, Shaqirining yillik maoshi 7,5 mln yevroni tashkil etadi va bu mablag‘ mavsum yakunigacha 8,3 mln yevrogacha ko‘tarilishi belgilangan. Bu bilan Sherdan MLSda Zlatan Ibrahimovichga tegishli rekord – yillik 7,5 million yevro maoshni yangilaydi. 

Gonsalo Iguain, «Inter Mayami»

Foto: Getty Images

Amerika futbolidagi maoshlar reytingida argentinalik hujumchi 6 mln yevro maoshi bilan ligada 3-futbolchi sanalasa-da, to‘purarlik bobida o‘nlikdan ham joy olmagan. Iguain joriy mavsum 12 o‘yinda to‘p surib, bor-yo‘g‘i 2ta golga mualliflik qildi.

Umuman, tarkibda nomdor o‘yinchilari bo‘lsa-da, yaxshi natija qayd eta olmayotgan «Inter Mayami» o‘tgan mavsumdagidek bu yil ham MLS pley-off bosqichiga yo‘llanma oladigan klubdek ko‘rinmayapti. Aslida muammo faqat Iguainda ham emas, 34 yoshli forvard o‘tgan mavsum 30 o‘yinda gol+pas tizimida 12+6 natijasini ko‘rsatdi, biroq Devid Bekhem jamoasi ligani 11-o‘rinda yakunladi.

Blez Matyuidi, «Inter Mayami»

Jahonning amaldagi chempioni bu yil «Inter Mayami»da biror marta ham qaydnomadan o‘rin olmagan bo‘lsa-da, u hamon jamoaning a’zosi sanaladi. O‘tgan mavsum mayamiliklar sardori sifatida 32 o‘yinda maydonga tushgan Blez, joriy mavsumda Fil Nevill murabbiyligida tarkibdan o‘rin ololmayapti. Angliyalik murabbiy Matyuidi o‘rniga «Santos»dan Jyean Motani taklif etgan.

Fransiyalik futbolchining kelishuvi 2022 yil yakunigacha imzolangani bois, u Mayamini tark etishga shoshilmayapti. Blez yaqinda Ronaldino va Roberto Karlos jamoalari o‘rtasidagi sobiq yulduzlar shou-o‘yinida maydonga tushdi. Ko‘rinib turibdiki, fransuz Mayamida vaqtini chog‘ o‘tkazmoqda. 

Xaver Ernandes, «Los-Anjeles Gelaksi»

Chicharito 2020 yilning yanvaridan buyon «Los-Anjeles Gelaksi» sharafini himoya qilmoqda. Amerika klubi uning transferi uchun «Sevilya»ga 8,5 mln yevro to‘ladi. Meksikalik forvard MLSda yillik 6,1 mln yevro maosh bilan eng ko‘p haq oladigan top-5 reytingdan joy olgan.

«Los-Anjeles Gelaksi» turnirning pley-off bosqichiga chiqa olmayotgan bo‘lsa-da, forvardning natijasini yomon deb bo‘lmaydi – 2021 yilda 21 o‘yinda 17ta gol va 3ta assist qayd etgan. Bu yil esa 15 o‘yinda 6ta gol. 

Lorenso Insine, «Toronto»

Lorenso Insine. Foto: Getty Images

Qishda «Toronto» Insine bilan 4 yillik shartnoma imzolanganini e’lon qildi. Lorenso 30 iyun kuni «Napoli» bilan kelishuvi yakuniga yetgach, erkin agent sifatida A Seriyadan MLSga ko‘chib o‘tadi. 31 yoshli vinger faoliyatining cho‘qqisida okean ortiga yo‘l olishi barchani hayron qoldirdi. Neapol klubidagi so‘nggi ikki mavsumda italiyalik futbolchi 85 o‘yinda 30ta gol va 21ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Insine o‘zi tarbiya topgan va 13 yil to‘p surgan jonajon klubi bilan yangi shartnoma masalasida kelishuvga erisha olmagach, Kanadaga yo‘l olishga qaror qildi.  

«Toronto» MLS sharqiy konferensiyasida hattoki o‘rtamiyonalar safida emas – 16 o‘yindan keyin 18 ochko jamg‘arib 11-o‘rinda bormoqda. So‘nggi o‘rindagi «Chikago Fayr»dan 4 ochkolik masofada. 

Viktor Vanyama, «Monreal Impekt»

«Tottenhem» va «Sauthempton» jamoalarining sobiq futbolchisi 2020 yil martidan buyon «Monreal Impekt» sharafini himoya qilmoqda. O‘tgan vaqt ichida u kanadaliklar klubi uchun 70 o‘yin o‘tkazdi. «Monreal»ga Vanyama klubni 2019 yil noyabridan 2021 yil fevraliga qadar boshqargan Terri Anri chaqiruvi bilan borgandi. Hozirda kanadaliklar klubi Sharqiy konferensiyada sakkizinchi o‘rinda bormoqda va «Nyu-York Siti»dan bir ochko kam jamg‘argan. Bu mavsumda Vanyama 14 o‘yin o‘tkazgan va bir golga hammualliflik qilgan. Uning «Monreal» bilan shartnomasi 2022 yil oxiriga qadar amal qiladi. 

Kiran Gibbz, «Inter Mayami»

«Arsenal» va «Vest Bromvich» sobiq himoyachisi 2020/2021 yilgi mavsumdan keyin APLni tark etdi. O‘tgan bir yilda Gibbz Mayami klubi safida 17 o‘yin o‘tkazib, o‘z hisobiga bitta gol yozib qo‘ydi. Angliyalik o‘yinchining amaldagi kelishuvi 2023 yilga qadar belgilangan. Kiran bu mavsum jamoasining asosiy tarkibidan chetda qolmoqda.

Karlos Vela, «Los-Anjeles»

Chicharitoning hamyurti 2018 yildan buyon MLSda to‘p surmoqda. E’tiborlisi, Vela 4 mavsumdan buyon «Los-Anjeles»ning yetakchisi va sardori sanaladi. O‘tgan 4,5 yil davomida Karlos bir necha marta oyning eng yaxshi o‘yinchisi deb topilgan, MLS yulduzlar matchida to‘p surgan, musobaqaning eng qimmatbaho o‘yinchisiga aylanib, 2019 yilda eng yaxshi to‘purar – 34ta gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan esa-da, biroq u haligacha jamoaviy muvaffaqiyatga erisha olganicha yo‘q.

«O‘ylaymanki, biz «Los-Anjeles Gelaksi»da chindan yaxshi jamoa tuzdik. Bu yerda bo‘lish men uchun yoqimli, bu jamoada muxlislar uchun o‘ynash yoqadi. Albatta, mening o‘z maqsadim bor — sovrin qo‘lga kiritish.

Ammo, futbol — bu biznes. Biz shartnomani uzaytirish ustida ishlamoqdamiz va men qolishni ma’qul ko‘raman. Ammo agar kelisha olmasak, men klubdan ketishim va o‘zimga yangi joy topishim mumkin. Bu futbol, bu hayot, nolish kerak emas. Shunchaki kuzatamiz, biz yangi shartnoma bo‘yicha kelisha olamizmi yoki yo‘q», degan futbolchi so‘nggi intervyularidan birida.

Sebastyan Driussi, «Ostin»

Sebastyan Driussi. Foto: Getty Images

Driussi – hozirda MLS chempionatining asosiy yulduzlaridan biri bo‘lib turibdi. «Zenit»ning sobiq futbolchisi to‘qqiz gol va to‘rt golli uzatma muallifi bo‘lgan holda chempionatning eng yaxshi to‘purari hisoblanadi. Rossiyaning uch karra chempioni bo‘lgan argentinalik «Ostin» bilan G‘arbiy konferensiyada yetakchidan ikki ochko ortda qolgan holda uchinchi o‘rinda bormoqda.

Shu tariqa, Driussi Iguain, Shaqiri va Pato birgalikda urgan gollardan ko‘proq gol urgan. 2021 yilda forvard 17 o‘yinda «gol+pas» tizimida 5+3 ochko jamg‘argandi, ammo bu «Ostin» hatto turnir jadvali o‘rtalarida joylashishiga ham yordam bermagandi.

Beyl, Kellini, Duglas Kosta, Chicharito va Karlos Vela ishtirokidagi o‘yinni Toshkent vaqti bilan 9 iyul kuni soat 7:00 da ko‘rish mumkin. Shu vaqtda AQSh g‘arbida «Los-Anjeles» va «Los-Anjeles Gelaksi» jamoalari o‘rtasida Kaliforniya derbisi boshlanadi.

«Orlando Siti» va «Inter Mayami» jamoalari o‘rtasidagi Florida derbisi esa Toshkent vaqti bilan 10 iyul kuni soat 5:00 ga belgilangan. «Orlando» safida Pato, Devid Bekhem klubida esa Iguain va Gibbz o‘ynaydi.

Ko‘proq yangiliklar: