Sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turish taqiqlanadi. Bu qoidani konstitutsiyaga kiritishga zarurat bormi?

Jamiyat 12:15 / 28.06.2022 8420

Amaldagi Konstitutsiyaning 25-moddasiga ko‘ra, har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega va hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas.

Muhokamaga qo‘yilgan Konstitutsiya loyihasiga ko‘ra, 25-moddaga jinoyat qonunchiligiga oid normalar qo‘shilyapti:

  • Ushlab turishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga yoki ozodlikni boshqacha tarzda cheklashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi. Shaxs sud qaror qabul qilmagunicha 48 soatdan ko‘p muddat ushlab turilishi mumkin emas;
  • Agar ushlab turish yoki ozodlikni boshqacha tarzda cheklash to‘g‘risidagi qaror belgilangan muddatda sud tomonidan qabul qilinmasa, shaxs darhol ozod qilinishi kerak.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvdagi nutqida «“Xabeas korpus” institutini rivojlantirish zarurligi, ya’ni, shaxs sudning qaroriga qadar ko‘pi bilan qirq sakkiz soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emasligi, agar sud tomonidan shaxsni hibsga olish yoki unga nisbatan boshqa turdagi ozodlikni cheklash haqida qaror belgilangan muddatda qabul qilinmasa, bunday shaxsni darhol ozod qilish kerak ekani»ni ta’kidlagandi. Davlat rahbarining fikricha, bu muhim normani ham mamlakat asosiy qonunida aks ettirish zarur va bunday qoidalar inson, uning hayoti, huquq va erkinliklari – oliy qadriyat degan ezgu tamoyilga har tomonlama mos keladi.

Darhaqiqat, ushbu kiritilayotgan qo‘shimchaning zaruriyati shundaki, insonning fundamental huquqlarini sud orqali himoya qilishi, uning erkinligi va shaxsiy daxlsizlik huquqining kons­titutsiyaviy kafolati sifatida mustahkamlashdir.

Shuningdek, milliy qonunchiligimizni xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish, demokratik tamoyillar va xalqaro huquqiy talablarga to‘liq javob beradigan qonun normalarini qabul qilishda “Xabeas korpus” institutini kengaytirish, jumladan, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida sud nazoratini kuchaytirishni o‘z ichiga oladi.

Ma’lumki, jinoiy ta’qibga uchragan fuqaroning adolatli sud muhokamasiga bo‘lgan huquqi “Xabeas-korpus” (Habeas Corpus) deya nomlanadi. Bu atama 1679 yil 26 may kuni Angliya parlamenti tomonidan qabul qilingan qonun – “Xabeas Korpus Akt” atamasidan olingan. Fapb mamlakatlarida jinoiy ta’qibga uchragan, hibsga olingan yoki qamoqda saqlanayotgan fuqaroning adolatli sud orqali himoyalanishga bo‘lgan huquqini “Xabeas-korpus” deb nomlash odat tusiga kirgan.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda 2005 yilda qabul qilingan qonun asosida 2008 yil 1 yanvardan boshlab jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarni qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi sudlar vakolatiga o‘tkazilgan. Ushbu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida 2012 yilda qabul qilingan qonunga asosan lavozimdan chetlashtirish va shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov choralarini qo‘llashning sud tartibi amaliyotga kiritilgan va bugungi kunga qadar davom ettirilmoqda.

Kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar birinchi navbatda fuqarolar huquqlarini sud tomonidan himoya qilishning huquqiy kafolatlarini yanada mustahkamlashga, qolaversa sud-huquq islohotlarining ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘lgan jinoyat va jinoyat protsessual qonunchiligini yanada demokratlashtirish va liberallashtirishga xizmat qiladi.

Jinoyat-protsessual kodeksining 12-moddasiga muvofiq, jinoyat ishlari bo‘yicha odil sudlovni faqat sud amalga oshiradi. BMT Bosh Assambleyasining 1966  yil 16 dekabrdagi rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro Paktning 9-moddasiga ko‘ra, har bir inson erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega; hech kim o‘zboshimchalik bilan hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas; hech kim qonunda belgilanganidan boshqacha asos va tartibda ozodlikdan mahrum etilishi mumkin emas.

Xalqaro hujjatda qayd etilishicha, hibsga olingan har bir kishiga hibsga olish chog‘ida uning hibsga olinishi sabablari aytiladi va darhol unga qo‘yilgan har qanday ayblov ma’lum qilinadi. Jinoiy ayblov bo‘yicha hibsga olingan yoki ushlab turilgan har bir shaxs zudlik bilan sudya yoki qonun bo‘yicha sud hokimiyatini amalga oshirish huquqi bo‘lgan boshqa mansabdor shaxs huzuriga keltiriladi va oqilona muddatda sud muhokamasi o‘tkazilishi yoki ozod qilib yuborilishi huquqiga ega.

Sud muhokamasini kutayotgan shaxslarning qamoqda saqlanishi umumiy qoida bo‘lmasligi kerak, biroq ozod qilish sudga kelish kafolatlari berilishiga, sud muhokamasiga uning har qanday bosqichiga kelishga va zarur hollarda hukm ijro etilishi uchun kelishga bog‘liq qilib qo‘yilishi mumkin.

Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro Paktning 9-moddasiga ko‘ra, hibsga olinishi yoki qamoqda saqlab turilishi tufayli ozodlikdan mahrum etilgan har bir shaxs o‘z ishining sudda ko‘rib chiqilishi huquqiga ega, toki sud uning ushlab turilishi qanchalik qonuniy ekanligi borasida darhol qaror chiqara olsin va agar uni ushlab turish noqonuniy bo‘lsa, ozod qilish haqida farmoyish bera olsin, deb mustahkamlangan.

AQSh Konstitutsiyasining 5 va 6-qo‘shimchalarida hech kim jinoiy ishlarda o‘ziga o‘zi qarshi guvohlik berishga majbur qilinishi; hech bir shaxs qonuniy sudda ko‘rilmay hayoti, erkinligi yoki mulkidan mahrum etilishi mumkin emasligi, shuningdek, ayblanuvchi ayblovning mohiyati va asoslaridan xabardor bo‘lish huquqiga egaligi, u o‘ziga qarshi ko‘rsatuv berayotgan guvohlar bilan yuzma-yuz uchrashishi, o‘zi tomonidan guvohlarni majburan keltirish yoki o‘z himoyasi uchun advokat xizmatidan foydalanish huquqiga egaligi belgilangan.

Shuningdek, mazkur talab bir qator davlatlar, xususan, Ispaniya, Gretsiya, Niderlandiya, Xorvatiya, Sloveniya konstitutsiyalarida mustahkamlab qo‘yilgan.

Ko‘proq yangiliklar: