Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrining Bog‘bonlar mahallasida yashovchi kelin o‘z joniga qasd qilganligi haqida xabarlar tarqaldi. Samarqand viloyat prokuraturasi xabar yuzasidan ma’lumot berdi.
Aniqlanishicha, 2022 yil 24 iyun kuni Samarqand shahri Bog‘bonlar mahallasi Yangiravot ko‘chasida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan N.M. sirkadan (uksus kislotasi) o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi Samarqand filiali xirurgiya bo‘limiga yotqizilgan.
2022 yil 27 iyun kuni N.M.ga ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan jonlantirish bo‘limida vafot etgan.
Holat yuzasidan tezkor-tergov guruhi tomonidan hodisa joyi ko‘zdan kechirilgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.
Qayd etilishicha, marhuma N.M.ning o‘limi sababini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari ustidan Bosh prokuratura tomonidan nazorat o‘rnatilgan.