Ibrohim Haqqul 1949 yil 28 martda Buxoro viloyati Shofirkon tumani Talija qishlog‘ida ziyoli oilasida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatgach, 1966-1970 yillarda Buxoro davlat pedagogika institutida tahsil olgan.
Ibrohim Haqqul 1970-1972 yillarda "Shofirkon haqiqati" gazetasida bo‘lim boshlig‘i va muharrir vazifalarida ishlagan.
Uning "Navoiy va Mavlono Ashraf", "Daryo kabi hamisha uyg‘oq..." kabi ilk adabiy maqolalari shu gazetada bosilib chiqqan.
Olim 1972 yildan to hozirga qadar Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida faoliyat yuritib kelayotgandi.
Ibrohim Haqqul 1976 yili "O‘zbek adabiyotida ruboiy" mavzusida nomzodlik, 1995 yili "O‘zbek tasavvuf she’riyatining shakllanishi va taraqqiyoti" mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Dastlab uning "O‘zbek adabiyotida ruboiy" (1981), "Uvaysiy she’riyati" (1982), "Badiiy so‘z shukuhi" (1987) kitoblari nashr etilgan bo‘lsa, keyin "Zanjirband sher qoshida" (1989), "She’riyat - ruhiy munosabat" (1989), "Abadiyat farzandlari" (1990), "Tasavvuf va she’riyat" (1991), "Kamol et kasbkim..." (1991), "G‘azal sog‘inchi" (1991) kabi 20dan ortiq kitoblari bosilib chiqqan.
U rus tilidagi ikki jildlik "Istoriya uzbekskoy literatury" kitobining mualliflaridandir.
Saksoninchi yillarning ikkinchi yarmida Ibrohim Haqqulning adabiy jarayonda faol ishtirokini kuzatish mumkin.
Shuningdek, Abdulhamid Cho‘lponning "Bahorni sog‘indim" (1988), Xoja Ahmad Yassaviyning "Hikmatlar" (1991) majmuasini, shogirdi Sayfiddin Rafiddinov bilan hamkorlikda "Boqirg‘on kitobi" (1991), "Me’rojnoma" (1995) kabi uzoq muddat nashr etilmay kelingan asarlarni o‘quvchilarga yetkazgan.
Keyingi yillarda u "Ahmad Yassaviy", "Kim nimaga tayanadi?", "E’tiqod va ijod", "Tasavvuf saboqlari", "Taqdir va tafakkur", "Meros va mohiyat" deb nomlangan risola va kitoblarini chop ettirgan.
Farididdin Attor, Jaloliddin Rumiy, Abdurahmon Jomiy, Vilyam Shekspirday daho san’atkorlarning o‘zbek tiliga o‘girilgan kitoblariga salmoqli so‘zboshi va so‘ngso‘zlar yozgan.
Alisher Navoiyning "Xazoyin ul-maoniy"sidan tanlangan shohbaytlarning alohida kitob holida chiqarilganligi ham e’tiborga molikdir.
Keyinroq Ibrohim Haqqulning "Ijod iqlimi" va "Mushohada yog‘dusi" nomli kitoblari ham bosilib chiqqan.
U 1996 yildan "Qadimgi davr adabiyoti", 2001 yildan buyon "O‘zbek adabiyoti tarixi" bo‘limi mudiri sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan.
Olim O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, "O‘zbek tili va adabiyoti", "Tafakkur", "Naqshbandiya" jurnallari tahrir hay’atlari a’zosi edi.
Uning ayrim maqola va kitoblari turk, uyg‘ur, ozarboyjon, tojik va rus tillariga tarjima qilinib, nashr etilgan.
So‘nggi yillarda olimning "Navoiyga qaytish" deb nomlangan 2 jildlik kitobi bosmadan chiqqan.
Adabiyotshunos Olim 2019 yilda Kun.uz saytiga bergan intervyusida o‘zbek jamiyati va adabiyotidagi muammolar hamda illatlarni tanqid ostiga olib, bu muammolardan qutulish yo‘llari borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tgandi.
Kun.uz marhumning yaqinlariga hamdardlik bildiradi.